4.Kreditnining mohiyati, vazifalari va turlari
Ma’lum muddatga haq to‘lash va qaytarib berish sharti bilan beriladigan bo‘sh turgan pul mablag‘lari kredit deb yuritiladi. Kreditning mohiyati shundaki, iqtisodiyotning ayrim subyektlari faoliyati uchun pulga muhtoj bo‘lib turgan vaqtda ayrimlarining qo‘lida ma’lum miqdordagi pul mablag‘lari ishlatilmay bo‘sh turgan bo‘ladi. Iqtisodiyot nazariyasida shu pul shaklidagi kapital ssuda kapitali deb atalib uning harakati kredit tarzida namoyon bo‘ladi. Kredit o‘z mohiyatiga ko‘ra, iqtisodiyotdagi mavjud resurslardan samarali foydalanishni va uning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladigan iqtisodiy kategoriya. Iqtisodiy kategoriya sifatida kredit, kredit oluvchilar va kredit beruvchilar o‘rtasida kelib chiqadigan iqtisodiy munosabatlarni o‘zida ifoda etadi.
Kredit munosabatlarining obyektlari va subyektlari. Kredit munosabatlari ishtirokchilari kredit subyektlari deb ataladi va ular turli-tuman bo‘ladi. Kredit subyektlari kredit oluvchilar va kredit beruvchilar hisoblanadi. Ya’ni korxonalar, firmalar, davlat, turli tashkilotlar, transmilliy va xususiy korporatsiyalar, tadbirkor va sohibkorlar hamda aholining boshqa turli toifalaridir.
Kredit obyekti — vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘laridir. Ma’lumki, iqtisodiyot g‘oyat murakkab jarayondir, uning subyektlari esa yana ham turli-tumandir. Ularning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlari, to‘lov qobiliyatlari bir xil emas. Shuning uchun kredit obyektlari bo‘lib vaqtincha bo‘sh pullar emas, shu bilan
birga tovarlar, qimmatli qog‘ozlar, turli shakldagi xizmatlar ham bo‘lishi mumkin. Kredit munosabatlari xuddi ana shu bo‘sh pul va tovarlarni qarzga olib ishlatish va vaqti kelganda uni ma’lum haq to‘lash orqali qaytarish borasidagi munosabatlardir.
Kredit berish tamoyillari va muddatlari. Kredit berish ma’lum tamoyillar asosida amalga oshiriladi. Ular, asosan, quyidagilardan iborat: qaytarib berish; muddatlilik; haq to‘lash (foiz to‘lash); moddiy ta’minlanganlik; ma’lum maqsad (ishlatish obyekti)ni ko‘rsatish. Bu tamoyillar kreditning barcha shakllari uchun umumiydir.
Kredit ma’lum ma’noda sotiladigan moddiy tovar yoki xizmatlar kabilardir. Demak, u go‘yo sotiladi va sotib olinadi. Sotuvchi tovarni sotganda ma’lum foydani ko‘zlaganidek, kredit muassasasi ham bundan mustasno emas.
Kreditlar quyidagi muddatlarga berilishi mumkin:
1) qisqa muddatli kreditlar — bir yilga qadar (asosan, olti oygacha, uch oygacha, bir oyga, bir haftaga) beriladi;
2) o‘rta muddatli kreditlar — bir yildan besh yilgacha muddatga beriladi;
3) uzoq muddatli kreditlar — besh yil va undan ortiqroq muddatga beriladi.
Kreditning vazifalari. Kreditning vazifasi kredit munosabatlarining xo‘jalik faoliyatidagi ko‘rinishi yoki uning harakat ifodasidir.
Kredit quyidagi vazifalarni bajaradi:
birinchi vazifasi — pulga tenglashtirilgan to‘lov vositalari bo‘lgan veksel, chek, sertifikat kabilarni iqtisodiyot sohasiga jalb qilib, ularning xo‘jalik faoliyatida real harakatini yo‘lga qo‘yadi;
ikkinchi vazifasi — turli xo‘jalik subyektlari va aholi qo‘lidagi bo‘sh pullarni kapitalga aylantiradi, ya’ni pulning o‘z kuchi asosida ko‘payishiga, pulga pul qo‘shilishiga xizmat qiladi;
uchinchi vazifasi — kreditlash orqali pul mablag‘lari turli xo‘jalik subyektlari va xalq xo‘jaligi tarmoqlari o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Ya’ni ishlab chiqarish omillarining samara beruvchi sohalarga tezroq yetib borishiga turtki beradi;
to‘rtinchi vazifasi — pulga muhtoj mijozlarga qarz berilishi va berilgan qarzlarni vaqtida undirib olish orqali ijtimoiy ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, ya’ni ishlab chiqarish va muomala jarayonida samaradorlikka erishilishi uchun dastak bo‘ladi.
Shuni aytish kerakki, kredit o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajargan holdagina ijobiy natijalarga olib keladi, aksincha, kreditdan foydalanish maqsadga muvofiq kechmasa, kredit salbiy natijalarga olib keladi. Bunga xo‘jalik hayotidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Eng muhim vazifa shuki, kredit berishda undan kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar (natijalar)ni oldindan sarhisob qilish lozimdir.
Kredit iqtisodiy kategoriyadir, u qarz oluvchilar bilan qarz beruvchilar o‘rtasidagi qarz pulga, undan foydalanishga (iste’mol qilishga), undan foydalanish asosida olingan natijalarga nisbatan bo‘ladigan munosabatlarni ifodalaydi. Kredit shakllari xuddi ana shu munosabatlarning real iqtisodiyot tajribasida namoyon bo‘lishidir.
Kredit munosabatlari esa bir tomondan, uning subyektlari o‘rtasida vosita aloqalarini, ikkinchi tomondan, kredit subyektlari o‘rtasidagi vositachilik qiluvchi maxsus kishilar o‘rtasida amalga oshadi. Kredit shakllari quyidagilar: bank krediti, tijorat krediti, davlat krediti, iste’mol krediti, xalqaro kredit.
Bank krediti. Kreditning eng qulay va keng tarqalgan shakllaridan biridir. Bank krediti «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun talablari asosida tashkil etiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, banklar kredit muassasalari sifatida faoliyat yurituvchi tijorat tashkilotlari deyiladi. Ular xo‘jalik subyektlari hamda aholining
bo‘sh pul mablag‘larini ma’lum foizlarda beriladigan haq evaziga o‘zlariga jalb qilib foyda olish uchun aholining va korxona hamda tashkilotlarning pulga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida ularga kredit shaklida beradilar. Albatta, banklar kredit pullarini har qanday ehtiyojmandlarga beravermaydi, ular kreditni xo‘jalik va tijorat faoliyatida samarali ishlatib foyda ola biladigan mijozlargagina
taklif etishadi. Boshqacha aytganda, banklardan kredit oluvchi subyektlar ma’lum iqtisodiy salohiyatga ega, kreditning kafolatini ta’minlay oladigan, ustiga haq qo‘yib qaytarib to‘lay oladigan mijozlar bo‘lishlari kerak.
Bank krediti boshqa kredit shakllaridan keskin farq qiladi. Bu farq shundaki, bank kreditlari nisbatan cheklanmaydi, katta hajmlarda, uzoq muddatlarga, ma’lum tartib va qoidalar bazasiga asoslangan holda beriladi. Bank kreditlari ishonarli va kafolatlidir. Shuning uchun kredit munosabatlari tizimida bank krediti keng
tarqalgan va rivojlanib bormoqda.
Davlat krediti. Kredit shakllaridan biri sifatida davlat krediti davlat bilan aholi va mikroiqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida iqtisodiy munosabatni vujudga keltiradi. Davlatning kredit munosabatlari subyektiga aylanishi shu bilan izohlanadiki, u bozor iqtisodiyoti sharoitida, ayniqsa, bozor munosabatlariga o‘tish davrida, iqtisodiy markaz sifatida rol o‘ynaydi. Davlat milliy iqtisodiyotining taqdiri va istiqboliga mas’ul tuzilma sifatida ham qarz beradi, ham qarz oladi. U qarzni aholidan, korxonalardan, tashkilotdan, xorijiy davlatlar va kompaniyalardan olib, uni milliy iqtisodiyotda chuqur strukturaviy o‘zgarishlar qilish, iqtisodiyotni bozor
talablariga moslashtirish maqsadlarida safarbar qiladi. Davlat qarzni zayom shaklida, naqd pul jamg‘armalari va boshqa shakllarda oladi. Bunday kredit munosabatlari iqtisodiyotda davlatning ichki qarzi deb yuritiladi. Shuni aytish kerakki, davlat olgan ichki qarzni hamda uning foizini budjet daromadlari hisobidan qaytaradi. Ayni chog‘da davlat o‘z budjetidan korxonalarni iqtisodiy nochor ahvoldan chiqarish, ularning iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish maqsadlarida kredit beradi. Odatda, bunday maqsadlarda beriladigan kreditlar imtiyozli kredit bo‘ladi, ya’ni undan naf ko‘rish ko‘zda tutilmaydi. Shunday qilib, kredit iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish jarayonida ham qatnashuvchi iqtisodiy dastakdir.
Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishi hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlarning subyekti (ishtirokchisi)ga aylanishi kreditning xalqaro shaklidan keng foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Xalqaro kredit — ssuda kapitalining xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida harakat shaklidir. Bunda kredit beruvchi va kredit oluvchilar sifatida davlat muassasalari, banklar, firmalar, xalqaro valuta-kredit va moliya tashkiloti qatnashadi. Xalqaro kredit ham «kredit» kategoriyasining bir turidir va u bir qator iqtisodiy kategoriyalar (foyda, baho, pul, valuta kursi, to‘lov balansi, savdo
balansi kabilar) bilan bog‘liqdir. Xalqaro kredit o‘z yo‘lida bir qancha ko‘rinishlarda bo‘ladi. Masalan, ichki, tashqi, aralash kreditlash, tashqi savdoni moliyalash, tijorat krediti, investitsiya obyektlarini kreditlash, qimmatli qog‘ozlarni sotib olish, tashqi qarzni uzish, tovar shaklida va valuta shaklida kreditlash, xalqaro pul birliklarida (SDR, EKU) kredit berish kabi shakllarda bo‘ladi.
Tijorat krediti — bu sotuvchilarning xaridorlarga tovar shaklida beriladigan kreditdir. Bunda tovarlar ma’lum muddatda pulini to‘lash sharti bilan nasiyaga beriladi. Òijorat kreditini nasiyaga oluvchi uning egasiga veksel (qarzning majburiyatnomasi)ni beradi. Tijorat kreditida foiz nasiyaga sotiladigan tovar narxiga ustama shaklini oladi, shu sababli tovar nasiyaga, shu davrdagi narxdan
yuqoriroq narxda beriladi. Bevosita kreditning ommaviy ko‘rinishlaridan biri qimmatbaho tovarlarning (avtomashina, uy, televizor, kompyuter, yaxta, videomagnitofon) aholiga nasiyaga sotilishidir. Bunday kredit tovarlarni bo‘lg‘usi daromad hisobiga sotish uchun qo‘llaniladi. U to‘yingan tovarlar yetarli, binobarin, taqchillik yo‘q bozorda qo‘llaniladi.
Iste’mol krediti — tijorat banklari tadbirkorlik uchun firmalarga qarz bersa, iste’molchilarga tovar sotib olish uchun qarz beradi. Buning natijasida iste’mol krediti paydo bo‘ladi. Bunda bank iste’molchilarga kredit kartochkalari beradi, ularga ma’lum summaga qadar tovarlar xarid etadilar, xarid puli banklar magazinlar bergan schotga qarab to‘lanadi. Bunday kredit g‘oyat imtiyozli bo‘ladi, hatto foizsiz ham bo‘lishi mumkin. Iste’mol krediti aholining iste’mol ehtiyojlarini qondirishga mo‘ljallangan.
Ipoteka krediti. Yakka tartibda uy-joy qurish maqsadlariga beriladigan uzoq muddatli kreditlar ipoteka krediti deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |