1.Pul muomalasi. Pul tizimi va uning tarkibiy qismlari
Iqtisodiyot nazariyasi pulning uch asosiy vazifasi borligini
asoslab beradi:
1. Pul qiymat o‘lchovi vazifasini bajarganda tovarlar va xizmatlarga sarflangan mehnatning qiymatini o‘lchaydi va u narxda ifodalanadi. Demak, pul tovarlar va xizmatlarning qiymatini umumlashgan holda ifoda etadi.
2. Pul muomala vositasi vazifasini bajaradi. Bunda pul tovarlar va xizmatlar oldi-sotdi jarayonida vositachilik qiladi. Bunda odamlarga muomalaga kirishlarida vositachilik qilganini ko‘ramiz.
3. Pul jamg‘arish vositasi vazifasini bajarganda odamlarga boylik to‘plashiga xizmat qiladi. Chunki pul boylikning asosiy shakli hisoblanadi. Yuqorida aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, pul va u bilan bog‘liq munosabatlarni tahlil qilish iqtisodiyot nazariyasi fanining eng muhim sohasi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul to‘xtovsiz harakatda bo‘lib, tovarlar va xizmatlarni oldi-sotdi qilish jarayonida ular uchun to‘lovlarni amalga oshirishda, ish haqi hamda boshqa majburiyatlarni to‘lashda pul muomala vositasi sifatida harakat qilib aylanib turadi. Bu pul muomalasi deyiladi. Pul muomalasi naqd va naqd bo‘lmagan pullar yordamida amalga oshiriladi. Naqd pul muomalasiga banknotlar va metal tangalar davlat markaziy banki tomonidan kiritiladi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar plastik kartochkalar, cheklar, kredit kartochkalari, veksellar, akkreditivlar, to‘lov talabnomalari kabi turli pul agregatlari orqali amalga oshiriladi. Muomalaga chiqariladigan pulning miqdori har bir mamlakat iqtisodiyotining holatiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, taraqqiy etgan mamlakatlarda, jumladan, AQSH va Yaponiyada katta, iqtisodiyoti kichik mamlakatlarda kam miqdorda pul talab qilinadi. Ammo
pul muomalasi qonuniga ko‘ra, iqtisodiyotning talabi aniq ilmiy asoslangan hisob-kitoblar formulasiga tayangan holda tashkil qilinishi kerak. Pul emissiyasi bilan davlat shug‘ullanadi. Pul emissiyasini mamlakat iqtisodiyotining pulga bo‘lgan talabi belgilaydi. Iqtisodiyot uchun zarur pul miqdori ikki holatga bog‘liq:
1. Sotish uchun bozorga chiqarilgan tovar va xizmatlarning pulga chaqilgan miqdori.
2. Pulning aylanish tezligi. Bu pul birligining yil davomida necha marta oldi-sotdiga xizmat qilganini va «qo‘ldan qo‘lga» o‘tib banklarga tushib qaytib yana aholiga chiqarilganligini bildiradi.
Iqtisodiyotga kerakli pul miqdori ma’lum omillar ta’sirida bo‘lib, uni maxsus iqtisodiy qonun, ya’ni pul muomalasi qonuni belgilaydi. 2. Pul muomalasi qonunlari. Pulning aylanish tezligi. Pul muomalasi qonuniga ko‘ra, muomalada bo‘lgan pul miqdori sotiladigan tovarlar va xizmatlar narxining jami summasiga to‘g‘ri mutanosib, pul harakatining tezligiga esa teskari mutanosibdir. Boshqacha aytganda, tovarlar qanchalik ko‘p bo‘lsa va ularning narxi yuqori bo‘lsa, shunchalik ko‘p pul talab qilinadi va, aksincha, qanchalik pul tez harakat qilsa, tovarlar ko‘paygan chog‘da ham, ular narxi past bo‘lsa, shunchalik pul kam talab qilinadi, chunki oz miqdordagi pul bilan ham ko‘p ishni bajarish mumkin bo‘ladi.
Bunday bog‘liqlikni quyidagi formulada ifoda etish mumkin:
Z=(V*Q):O
bu yerda, Z — muomala uchun zarur pul miqdori; V — tovarlar
va xizmatlarning o‘rtacha narxi; Q — sotiladigan barcha tovarlar
va xizmatlar miqdori; O — pulning aylanib turish tezligi.
Pul aylanishini tezlatish pul operatsiyalarini o‘tkazish texnikasiga
bog‘liq. Bu operatsiyalar banklarda amalga oshiriladi. Shuning
uchun respublikamizda plastik kartochkalarning joriy etilishi juda
muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |