Tarjimai hol ma'lumotlari inson psixikasidagi o‘zgarishlarni kuzatishda, uning suhbat va tajriba metodlari bilan o‘rganib bo‘lmaydigan jihatlarini ochishga yordam beradi. Masalan, mazkur ma'lumotlar orqali ijodiy xayol bilan bog‘liq jarayonlar: she'riyat, musiqa, nafosat, tasviriy san'at, texnik ijodiyotning nozik turlari va kashfiyotdagi tafakkurning o‘ziga xosligini, shaxsning ma'naviyat, qadriyat, qobiliyat, iqtidor, iste'dod singari fazilatlarini o‘rganish mumkin. Inson ongining hissasi, namoyon bo‘lishi, rivojlanishi, o‘ziga xos va ijtimoiy xususiyatlari atoqli odamlar bildirgan mulohazalarda o‘z ifodasini topadi. Allomalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar zamondoshlari, izdoshlari, safdoshlarining ta'rifu-tavsiflari orqali avloddan avlodga o‘tadi.
Biografik ma'lumotlar odamlarning o‘zini o‘zi tarbiyalashi, nazorat qilishi, idora etishi, o‘zining uslubini yaratishi, kamolot cho‘qqisiga erishishi jarayonida namuna vazifasini o‘taydi.
Yosh psixologiyasida bolalarning tarjimai holi asosidagi ilmiy tadqiqotlar, masalan, N.A.Menchinskaya, V.S.Muxina kabi sobiq ittifoq psixologlarining kuzatishlari «Ona kundaligi» nomi bilan mashhurdir. Shunday tadqiqotlar uzoq chet el psixologiyasida ham keng tarqalgan.
Badiiy adabiyotda yaratilgan talay asarlar, masalan, A.N.Tolstoy, A.M.Gor'kiy, S.Ayniy, Oybek, Abdulla Qahhor va boshqa qator adiblarning esdaliklari tarjimai hol shaklida bo‘lib, ular bilan tanishish natijasida mualliflarning his-tuyg‘usi, temperamenti, xarakteri, qobiliyati, iste'dodi, qiziqishi, intilishi, dunyoqarashi, e'tiqodi, nafosati, axloq va odobi to‘g‘risida ma'lumotlar olish mumkin.
Anketa metodi. Umumiy psixologiya fanida keng qo‘llaniladigan metodlardan biridir. Uning yordamida turli yoshdagi va kasbdagi odamlarning psixologik xususiyatlari, narsa va hodisalarga munosabatlari o‘rganiladi.
Anketa odatda uch xil tuziladi. Ularning birinchi xili anglashilgan motivlarni aniqlashga mo‘ljallangan savollarni aniqlashga mo‘ljallangan savollardan tuziladi. Ikkinchi xilida har bir savolning bir nechtadan tayyor javoblari beriladi. Uchinchi xil anketada sinaluvchiga yozilgan to‘g‘ri javoblarni ballar bilan baholash tavsiya etiladi va shkalali anketa deb ataladi. Anketadan turli yoshdagi va kasbdagi odamlarning layoqatlarini, muayyan sohaga qiziqishlari va qobiliyatlarini, o‘ziga, tengdoshlariga, hamkasblariga, katta va kichiklarga munosabatlarini aniqlash maqsadida keng ko‘lamda foydalaniladi. Tarqatilgan anketalar yig‘ishtiriladi va elektron hisoblash mashinalarida hisoblab chiqiladi, atroflicha miqdoriy tahlil qilinadi, so‘ngra tadqiqotga yakun yasalib, ilmiy va amaliy yo‘sinda xulosalar chiqariladi. Anketa metodi inson psixikasini o‘rganish uchun boy material to‘plash imkonini beradi. Lekin unda olinadigan ma'lumotlar doimo xolisona xususiyatga ega bo‘lavermaydi. Bu kamchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun anketa ichidagi nazorat vazifasini bajaruvchi savollarni (kontr savollarni) ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. O‘zini o‘zi baholash shkalasini kasb tanlashga yo‘naltirishni kasbiy layoqatni aniqlashni, qiziqish va motivasiyani o‘rganishda anketa metodi qo‘llaniladi.
Sosiometriya metodi. Bu metod kichik guruh a'zolari o‘rtasidagi bevosita emosional munosabatlarni o‘rganish va ularning darajasini o‘lchashda qo‘llaniladi. Unga amerikalik sosiolog Djon Moreno asos solgan. Mazkur metod yordamida muayyan guruhdagi har bir a'zoning o‘zaro munosabatlarini aniqlash uchun uning qaysi faoliyatida, kim bilan qatnashishi so‘raladi. Olingan ma'lumotlar matrisa, grafik, sxema, jadval shaklida ifodalanadi. Ulardagi miqdor ko‘rsatkichlari guruhdagi kishilarning shaxslararo munosabatlar to‘g‘risida tasavvur hosil qiladi. Bu ma'lumotlar guruhiy munosabatlarning tashqi ko‘rinishini aks ettiradi, xolos. Shuning uchun XX asrning oxirlarida sobiq ittifoq psixologlari Ya.L.Kolominskiy (Minsk) va I.P.Volkov (Sankt-Peterburg) tomonidan sosiometriyaning yosh psixologiyasiga (ijtimoiy-pedagogik psixologiya sohasiga) moslab o‘zgartirilgan turlari, modifikasiyalari ishlab chiqilgan. Bular shaxslarning bir-birini tanlashi motivlarini keng ifodalash imkonini beradi. Ayniqsa sosiometriyaning Ya.L.Kolominskiy ishlab chiqqan o‘zgartirilgan turi bolalar, o‘quvchilari jamoasidagi shaxslararo munosabatlar haqida to‘laroq axborot beradi.
Seminar mashg‘uloti uchun mavzular
1. Psixologiya fanining sohalari to‘g‘risida tushuncha
2. Psixologiyaning metodologiyasi
3. Psixologiyaning asosiy prinsiplari
4. Psixologiyaning empirik metodlari tavsifi
5. Psixologiyaning metodlari klassifikasiyasi
Adabiyotlar
1. Petrovskiy A.V. Istoriya sovetskoy psixologii. – M. : “Prosvehenie”, 1967.
2. Rubinshteyn S.L. Problemo‘ obhey psixologii. – M. : “Pedagogika”, 1973.
3. Yaroshevskiy M.G. Psixologiya v XX stoletii. –M.: “Politizdat”, 1974.
4. G‘oziev E.G‘. Umumiy psixologiya.-T.: “Universitet”, 2002.
Do'stlaringiz bilan baham: |