O‘yindan chiqariladigan xulosa
O‘yinning oxiri doimo qandaydir emotsional ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni o‘yin oxirida albatta ikki xil holat kuzatilishi zarur: birinchidan, ishtirokchilarda ko‘tarinki kayfiyat kuzatilishi lozim. Ikkinchidan, o‘yindagi o‘zaro munosabatlardan mantiqiy yakun kelib chiqishi kerak. Eng oddiy emotsional olqish sifatida qarsak rol o‘ynashi mumkin, vaziyatdan kelib chiqqan holda olqishlashning boshqa usullaridan ham foydalanish mumkin.
O‘yin paytidagi o‘zaro munosabatlarning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun trener guruxdagi shart-sharoitlarni — masalan, guruh a’zolarining yoshini, hisobga olishi zarur. Hamma o‘yinlar ham turli yoshdagi guruhlarda muvaffaqiyatli o‘tavermaydi . Har bir o‘yin guruh bilan ishlash jarayonida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. O‘yinlar o‘ziga xos mantiq asosida tashkil qilinishi lozim, masalan, "taktil to‘siklarni bartaraf qilish" o‘yinini o‘tkazmasdan turib, "ishonch asosida" o‘yinini o‘tkazib bo‘lmaydi. "Ismlarni eslab qolish" o‘yini muvaffaqiyatli o‘tishi uchun doira shaklida o‘tirgan ishtirokchilar bir-birlarining ismini eshitganligiga, bir-biriga ahamiyat berganligiga ishonch hosil qilish kerak, chunki bilmagan narsani esda saqlab bo‘lmaydi.
Boshlovchi guruh bilan ishlashdan oldin o‘yinni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha materiallarni va hatti-harakatlarni yaxshilab o‘ylab olishi kerak. Qatnashchilarning o‘yinga qiziqishini oshirish uchun materiallarning yorqinligi, jozibadorligini nazardan qochirmaslik lozim.
Boshlovchi e’tibor berishi kerak bo‘lgan muhim jihatlardan yana biri — guruhning o‘yin jarayoniga kirishib ketishidir. Har bir guruh uchun o‘yinlar qandaydir yangi va o‘ziga xos hodisadir. Shuning uchun o‘yinlarni tanlashda "oddiydan murakkabga" tamoyiliga amal qilish zarur. Ayni hollarda boshlovchining kayfiyati ko‘tarinki bo‘lishi va ko‘zlangan maqsadga erishishi uchun bu kayfiyatni guruh a’zolariga ham "yuqtirish" kerak. Agar guruh o‘yinga kirishishni istamasa - cho‘chish kerak emas, bu odatlanilmagan holatga nisbatan dastlabki aks ta’sir (reaksiya) bo‘lib, tezda o‘tib ketadi.
Albatta, ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazish jarayonidagi boshlovchida bu boradagi zarur ko‘nikma va malakalar shakllanib boradi, biroq muayyan o‘yin qoidalarini bajarish, vazifalarni tushunish, shart-sharoitlarni hisobga olish natijasida trenerning ishi osonlashadi, eng muhimi — guruhdagi ishning sifati oshadi, trening oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar yuqori darajada amalga oshiriladi. Shunday ekan, trening jarayonida o‘yinlardan unumli foydalanishga harakat qilish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |