Boshqaruv obyekti – bu boshqariladigan obyekt, ya’ni, tarmoq, muassasa, tashkilot va hokazo. Boshqaruv obyekti sifatida faoliyat sohasi bo‘lmish ta’lim, shuningdek, turli xildagi ta’lim muassasalari ko‘rib chiqilishi mumkin. Menejmentda boshqaruv obyekti sifatida, odatda, faoliyati muvofiqlashtiriladigan va muayyan maqsadlarga erishishga yo‘naltiriladigan bir guruh odamlar tushuniladi.
Boshqaruv subyekti – bu boshqaradigan subyekt, ya’ni, tarmoq, muassasa va tashkilotni boshqarish apparati. Ta’limdagi menejmentga nisbatan olganda, boshqaruv subyekti boshqaruvning turli darajalarida konkret vazve"larni bajaruvchi muayyan bo‘g‘inlari majmuidan iborat. Bunda har bir yuqori bo‘g‘in quyi bo‘g‘inga nisbatan boshqaruv subyekti sifatida yuzaga chiqadi.
Boshqaruv subyekti va obyekti bevosita va qayta aloqalar tizimi bilan birgalikda boshqaruv tizimini tashkil qiladi. Boshqaruv tizimida boshqaruv obyekti ko‘pincha boshqariladigan kichik tizim, subyekti esa boshqaruvchi kichik tizim deb nomlanadi. Boshqaruv tizimiga bir qator umumiy shart-sharoit xosdir. Eng avvalo, boshqariladigan kichik tizim boshqaruvchi kichik tizim ostida o‘z parametrlarini (yoki xossalarini) o‘zgartirishga qodir bo‘ladi. Bunda samarali boshqarish uchun boshqaruv obyekti faoliyatining eng muhim parametrlarini to‘liq aks ettiradigan mezonlar va ko‘rsatkichlar zarur bo‘ladi. Masalan, ta’lim muassasalari uchun: xodimlar soni, o‘quvchilar, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari darajasi, ularning davlat ta’lim standartlariga muvofiqligi, ana shu xususiyatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar va boshqalar shunday ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin.
Boshqaruv tizimi obyektga belgilangan maqsadga muvofiq ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun boshqaruvchi kichik tizim tegishli ta’sirdan keyin boshqaruv obyekti holatini aniq tasavvur etishi kerak. Maqsadga aniq yo‘nalganlikni amalga oshirish uchun ta’sir ko‘rsa-tishdan oldin va keyin obyektning holati haqida boshqaruv subyektiga axborot kelib tushishi kerak, ya’ni boshqaruv tizimida bevosita va qayta aloqalar aniq tashkil etilgan bo‘lishi lozim. Va nihoyat, boshqaruvning har qanday tizimi muayyan moddiy, mehnat va boshqa resurslarga ega bo‘lishi zarur.
Barcha boshqaruv kategoriyalari bir-biri bilan jips bog‘langan va bir-birini taqozo etadi.
“Pedagogik menejment” fani bo‘lajak mutaxasisilarni pedagogik menejmentga oid bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirishni maqsad qilib qo‘ygan. Pedagogik menejment fanining asosiy vazifasi pedagogik menejmentning qonuniyatlari, tamoyillari, metod va usullarini aniqlash, tahlil etish va ulardan amaliyotda foydalanishga o‘rgatishdan iborat.
Ta’lim muassasasi menejmenti haqida so‘z yuritilganda, O‘zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning 4.6-bandida so‘z yuritilayotgan jarayonning mohiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tilganligini alohida ta’kidlash zarur. Ushbu hujjatda qayd etilishicha, ta’lim muassasasi menejmentida quyidagi holatlar nazarda tutiladi:
-uzluksiz ta’lim tizimi va kadrlar tayyorlashning davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish va ularni izchil rivojlantirish davlat yo‘li bilan boshqarib borilishi;
-barcha darajadagi ta’lim boshqaruv organlarining vakolat doiralari «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq belgilanadi;
-ta’limning normativ-huquiy bazasi rivojlantiriladi;
-moliya-xo‘jalik faoliyatini olib borish hamda ta’lim jarayonini tashkil etishda o‘quv yurtlarining huquqlari kengayadi va mustaqilligi ta’minlanadi;
-ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda akkreditatsiyalanadi. Akkreditatsiya yakunlariga ko‘ra ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatish huquqi beriladi;
-muassisa tashkilotlarning, mahalliy hokimiyat organlarining, savdo-sanoat doira-larining, jamoat tashkilotlarining, fondlarning va homiy vakillarni o‘z ichiga oluvchi vasiylik va kuzatish kengashlari tizimi orqali ta’lim muassasalarining samarali, jamoat boshqaruvi tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, olimlar ta’lim menejmetining bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini ham ta’kidlab o‘tishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |