Davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida fuqarolar va jamoat birlashmalarining ishtiroki prinsipi. Davlat hokimiyati vakillik organlarini tashkil etish va faoliyatining asosiy prinsiplari huquqiy va tashkiliy vositalar tizimi yordamida amalga oshiriladi. Ularning ta'minlanishi bevosita huquqiy mezonlarda mustahkamlanishi bilan belgilanadi. Jumladan, bu prinsiplar O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, O`zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida»gi Qonunida belgilangan. Mazkur Qonunning 1-moddasida «Xalq deputatlari Kengashi va hokim aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni ta'minlaydi», deyilgan. Bu fuqarolarni kengash va uning organlari faoliyatiga jalb etish prinsipidir.
Davlat hokimiyati vakillik organlarini tashkil etish va faoliyatining asosiy prinsiplarini ustuvorligini ta'minlash, ularga doimiy ravishda amal qilish, ularning ijro qilinishi qonunchilik talablaridan biri ekanligini bildiradi.
Tashkiliy tomondan xalq deputatlari Kengashlari ishini uyushtirishning asosiy demokratik prinsiplari tashkiliy shakl va uslublar tizimi bilan ta'minlanadi. Ular, birinchidan, shu prinsiplarning talablariga javob beradi, ikkinchidan, ularni amalda tatbiq etish uchun muayyan usul bo`lib xizmat qiladi.
Demokratiyaning muhim prinsipi - davlat hayotida ishtirok qilishga, o`z davlatini boshqarishga, davlat xizmatini o`tashga tobora ko`proq fuqarolarni muntazam jalb qilishdir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov O`zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillarini belgilab berar ekan, yaqin kelajakda fuqarolarning siyosiy jarayonlarda, davlatni boshqarishda qatnashuvini ta'minlaydigan huquqiy asoslarni takomillashtirishga alohida e'tibor berish kerakligini ta'kidladi.
Bizning mamlakatimizda ommani davlat ishlarini boshqarishga jalb qilishda xalq deputatlari Kengashlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholini xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga jalb etish xalq ommasining Kengashlarning ko`p qirrali faoliyatida hal qiluvchi ishtirokini ta'minlaydi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanish huquqi ularga faqat saylovlarda ishtirok etish imkonini berib qolmasdan, deputatlikka saylangandan so`ng davlat hokimiyatini bevosita amalga oshirish imkonini ham beradi.
Xalq deputatlari Kengashlari aholining yordamisiz ularning tarkibi ko`p sonli bo`lishga qaramas-dan, faqat o`z deputatlarining kuchiga suyangan holda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish bo`yicha oldilarida turgan juda katta, ko`p qirrali vazifalarni muvaffaqiyatli hal qila olmas edilar. Bu boshqaruv apparati faoliyatini tinmay takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xalq ommasini vakillik organlari ishiga jalb qilish uchun har xil tashkiliy huquqiy shakllar qo`llaniladi. O`zbekiston Respublikasida xalq deputatlari Kengashlari ish tajribasida kengashlarning sessiyalarini tayyorlash va o`tkazishga faqatgina deputatlarnigina emas, balki keng jamoatchilikni ham jalb qilish uchun qator usullar ishlab chiqilgan.
Fuqarolarni hokim ijroiya apparatida jamoatchilik asosida ishlashga jalb etish quyidagi yo`nalishlarda olib boriladi:
a) hokim ijroiya apparatida shtatsiz birlashmalar, har xil komissiyalar, shtatsiz instruktorlar sifatida faoliyat olib borish;
b) mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida mustaqil zvenolar sifatida tashkil etiladigan shtatsiz birlashmalar;
v) bo`limlar qoshida tuziladigan jamoatchilik kengashlarida bo`lim boshliqlari, inspektor va instruktorlarning shtatsiz o`rinbosarlari sifatida faoliyat ko`rsatish.
Vakillik organlari faoliyatida aholining ishtirokining vositalari ichida qonun va qarorlarning loyihalarini oldindan muhokama qilish ko`zga ko`rinarli ahamiyatga ega. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi ikki marotaba umumxalq muhokamasiga qo`yildi. Loyiha muhokamasi vaqtida ko`rsatilgan taklif va mulohazalar umumlashtirilib, yangidan tuzilgan loyiha yana muhokamaga qo`yildi, shundan so`nggina u Oliy vakillik organi tomonidan qabul qilindi.
Huquqiy hujjatlar loyihalarini oldindan muhokama qilish ular qanchalik xalq erkini ifodalashini bilish uchun, undagi yo`l qo`yilgan kamchiliklarni aniqlab olish uchun olingan taklif, mulohaza va qo`shimchalar asosida mukammal huquqiy hujjat ishlab chiqish uchun zarurdir.
Jamoatchilik vakillari maslahat ovozi bilan kengashlarning sessiyalarida, hokim qoshidagi maslahat kengashi majlisida va doimiy komissiyalar majlislarida ishtirok etadilar. Ular tomonidan bildirilgan mulohazalar u yoki bu masalani to`g`ri tushunishga, ular bo`yicha asoslangan qarorlar qabul qilishga imkon yaratadi. Eng yaxshi qaror ham, agarda uning ijrosi tashkil etilmasa, uning ijro etilishiga keng xalq ommasini jalb etilmasa, qog`ozda qolib ketaveradi. Shuning uchun ham qarorlarni ijro etish bosqichida keng ommani jalb etish kengashlarning va hokimlarning birinchi navbatdagi vazifasiga kiradi.
O`zbekiston Respublikasi mahalliy kengashlari ish tajribasida xalq ommasi xalq deputatlari Kengashlarini va ularning organlari faoliyatini nazorat qilishga ham keng jalb qilinadi. Mana shu nazoratga keng mehnatkashlar ommasini jalb qilish vositasi deputatlar, hokimiyat, ularning bo`lim va boshqarmalarini saylovchilar, jamoatchilik tashkilotlari va mehnat jamoalari oldidagi hisobotlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |