Mavzu. Ajralmaydigan (payvand, parchin mixli) birikmalarning hisobi
Reja:
1. Parchin mixli birikmalarning turlari.
2. Parchin mixli chokni hisoblash.
3. Parchin mix uchun ishlatiladigan materiallar va ruxsat etilgan kuchlanishlar.
Har bir mashina uzellardan, uzellar esa, o’z navbatida detallardan tuzilgan. Detallardan uzellardan, uzellar esa, mashina birikmalar vositasida yig’iladi.
Birikmalar ajralmaydigan va ajraladigan turlarga bo’linadi. Agar uzellarni yoki mashinani ayrim qismlarga ajratish uchun birikma elementlarini sindirish shart bo’lsa, bunday birikma ajralmaydigan, aks holda esa ajraladigan birikma deb ataladi. Parchin mixli va payvand birikmalar ajralmaydigan birikmalar bo’lsa, ponali, shponkali, shlisli va boltli birikmalar ajraladigan birikmalardir. Ajraladigan birikmalarning yaxshi xususiyati shundaki, ular vositasida mashinani zarur vaqtda bo’laklarga ajratib, zarur vaqtda yig’ish mumkin.
Parchin mixli birikmalar samolyotlarning ustki qobig’ini yasashda, kemasozlikda, yuk ko’tarish kranlarining fermalari hamda ko’priklar qurishda keng ko’lamda ishlatiladi. Bu birikmalarda asosiy element parchin mixdir. Parchin mix yasash uchun, asosan, diametri 20 mm dan ortiq bo’lmagan po’lat, mis, alyuminiy simlardan foydalaniladi. Agar bunday simning bir uchidan ozginasi (odatda, 5 dan 60 mm gacha bo’lgan qismi) qirqib olinsa va uning bir uchi parchinlanib, ma`lum shakldagi kallakka aylantirilsa, parchin mix hosil bo’ladi. Ulardan eng ko’p ishlatiladigani yarim doiraviy kallakli parchin mixdir. Ortiqcha kuch ta`sir qilmaydigan hollarda, masalan, charm hamda elastik materiallarni biriktirishda, o’rtasi teshik parchin mixlar - pistonlar ishlatiladi. O’rnatish qulay bo’lishi uchun parchin mixning diametri teshikning diametridan kichikrok qilinadi.
Agar ikkita po’lat yoki alyuminiy tunuka ustma-ust qo’yilib, zarur diametrli teshik ochilgach, bu teshikka parchin mix kiritilgandan keyin uning ikkinchi uchi ham parchalansa, parchin mixli chok hosil bo’ladi. Parchin mixli chok hosil qilishda qo’l kuchidan ham, mashinalardan ham foydalaniladi.
Parchin mixlar katta kichikligiga qarab, sovuqlayin yoki qizdirilib tayyorlanadi. Ulanadigan qismlarda teshiklar hosil qilish uchun parmi yoki pressdan foydalanilganda ulanadigan qismlar katta bosim ta`sirida deformasiyalanadi, teshikning ikkinchi tomonida esa, o’tkir qirralar hosil bo’ladi. Ular parchin mix tanasining kesilishiga sabab bo’lishi mumkin. Rangli metaldan yasalgan barcha parchin mixlar hamda diametri 12 mm gacha bo’lgan po’lat parchin mixlari sovuqlayin, diametri 12 mm dan katta bo’lganlari esa, 1000 C gradus chamasi temperaturagacha qizdirilgandan keyingina parchalanadi, chunki ular qizdirilmasa, birinchidan parchinlash qiyin bo’ladi, ikkinchidan sifati yaxshi chiqmaydi. Hozirgi vaqtda mashinasozlikda parchin mixli birikmalar, payvandlash qiyin bo’lgan detallarnigina biriktirishda ishlatilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |