Xo’jalik shirkati deganda muassislarning (ishtirokchilarning) ulushlariga (hissalariga) bo’lingan ustav fondiga (ustav kapitaliga) ega bo’lgan tijorat tashkiloti tushuniladi, bunday shirkatda muassislar yoki ulardan ayrimlari shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati yuritishda shaxsan ishtirok etadilar5.
Xo’jalik shirkati to’liq shirkat yoki kommandit shirkat turlariga bo’linadi.
To’liq shirkat deb ishtirokchilari (to’liq sheriklari) o’z o’rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadigan hamda uning majburiyatlari bo’yicha o’zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat hisoblanadi.
To’liq shirkatning firma nomi yo uning barcha ishtirokchilari nomini (nomlanishini), shuningdek “to’liq shirkat” degan so’zlarni yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan so’zlar qo’shilgan nomini (nomlanishini), shuningdek “to’liq shirkat” degan so’zlarni o’z ichiga olishi kerak.
Kommandit shirkat. SHirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo’yicha o’zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to’liq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bog’liq zararlar uchun o’zlari qo’shgan hissalar doirasida javobgar bo’ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo’shuvchi, kommanditchi) mavjud bo’lsa, bunday shirkat kommandit shirkat deb hisoblanadi.
Kommandit shirkatning firma nomi yo barcha to’liq sheriklarning nomlarini (nomlanishini) va “kommandit shirkat” degan so’zlarni yoxud kamida bitta to’liq sherikning “va kompaniya” degan so’zlar qo’shilgan holdagi nomini (nomlanishini), shuningdek “kommandit shirkat” degan so’zlarni o’z ichiga olishi kerak.
Aksiyadorlik jamiyati deb ustav fondi jamiyatning aksiyadorlarga nisbatan majburiyatlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan xo’jalik yurituvchi sub’ekt hisoblanadi6.
Jamiyat qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning har qanday turlarini amalga oshirish chog’ida huquqlarga ega bo’ladi va majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi.
Jamiyat o’zining firma nomi davlat tilida to’liq yozilgan hamda joylashgan manzili ko’rsatilgan yumaloq muhriga ega bo’lishi lozim. Muhrda ayni paytning o’zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko’rsatilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyati ochiq yoki yopiq bo’lishi mumkin. Qatnashchilari o’zlariga tegishli aksiyalarini o’zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo’lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Ochiq aksiyadorlik jamiyati o’zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o’tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqlidir. Ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni chegaralanmaydi.
Aksiyalari faqat o’z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Bunday jamiyat o’zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o’tkazishga yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. YOpiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod bo’lishi mumkin emas.