2. О‘zbekistonning davlat mustaqilligini qо‘lga kiritish tomon yо‘l tutishi. XX asr 90 – yillariga kelib jahon va sobiq ittifoqdagi о‘zgarishlar hamda yuzaga kelgan vaziyat о‘zbek xalqining mustaqillik uchun bо‘lgan kurashini tezlashtirib yubordi. Bu о‘rinda О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989 yil 23 iyundagi plenumi va unda Islom Karimovning birinchi kotib etib saylanishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu anjumanda I. Karimov О‘zbekistonning sobiq Ittifoqda tutgan о‘rni va rolini aniq – ravshan belgilab berdi, madaniy merosni va tarix haqiqatini tiklash, milliy urf – odatlar va an’analarni rivojlantirish obyektiv zarurat ekanligini isbotladi.
О‘zbekistonning yangi hukumati Markaz bilan bо‘ladigan munosabatlarni о‘zgartirmay turib, ijobiy siljishlarga erishib bо‘lmasligini va buning uchun respublikaning tо‘liq mustaqilligini ta’minlash zarurligini tushunib yetdi. I.A. Karimovning tashabbusi bilan О‘zbekiston hukumati tomonidan 1989 yil 15 avgustda «Kolxozchilar, sovxoz ishchilari, fuqarolar, shaxsiy tomorqa xо‘jaliklari va individual uy – joy qurilishini yanada rivojlantirish tо‘g‘risida» maxsus qaror qabul qilindi. Garchi bu g‘oya ittifoq rahbarlariga yoqmagan bо‘lsa ham, I.A. Karimov о‘z fikridan qaytmay, uni jasorat bilan amalga oshira bordi. Natijada о‘sha yilning 4 oyida aholi qо‘shimcha 90,7 ming gektar yer oldi.
XX asrning 80 – yillari о‘rtalariga kelib SSSRning parchalanishi real obektiv haqiqatga aylanib qoldi. Bu jarayonni о‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi ayniqsa tezlatib yubordi. 1989 yil 21 oktabrda О‘zbekiston Oliy Sovetining XI sessiyasi «О‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunni qabul qildi. О‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi. Ish yuritish sekin – asta о‘zbek tiliga о‘tkazila boshlandi, uni о‘rganishni yaxshilash yuzasidan aniq chora – tadbirlar belgilandi. Ayni vaqtda rus tilini va respublikada yashovchi boshqa xalqlarning tillarini о‘rganish uchun shart – sharoitlar yaratilishi lozim edi, tilni о‘rganishning ixtiyoriyligi va uni tanlash huquqi qonunda belgilab qо‘yildi. Bu qonunning qabul qilinishi о‘zbek xalqi, shu xalq milliy о‘z – о‘zini anglashining о‘sishi, respublikada millatlararo hamjihatlikning saqlanib qolishi uchun juda katta ahamiyatga ega bо‘ldi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan sо‘ng milliy о‘zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yо‘lida respublikada yana bir tarixiy ahamiyatga ega bо‘lgan muhim siyosiy qadam qо‘yildi.
1990 yil 23 martda О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Plenumida respublika siyosiy tizimi tо‘g‘risidagi masala kо‘rib chiqildi. Unda О‘zbekistonda hokimiyatning Prezidentlik boshqaruvi shakliga о‘tishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi ta’kidlandi.
1990 yil 24 mart kuni О‘zbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq 1 – sessiyasi SSSR doirasida birinchi bо‘lgan siyosiy hujjatni — «О‘zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi ta’sis etish tо‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi va О‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi Islom Abdug‘aniyevich Karimov О‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. Shu tariqa, О‘zbekiston — SSSR respublikalari ichida birinchi bо‘lib о‘zining milliy huquqiy va demokratik davlatiga mustahkam zamin yaratdi.
О‘zbekistonning mustaqillikka erishishida qо‘yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri bu – 1990 yil 20 iyunda respublika Oliy Soveti tomonidan «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni qabul qilinishi edi. Mazkur hujjat О‘zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta’minladi. Shu bilan birga, «Mustaqillik Deklaratsiyasi» О‘zbekistonning 1991 yil 31 avgustga qadar mavjud bо‘lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta’minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. Deklaratsiyada har bir millatning о‘z taqdirini о‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlariga va demokratiya tamoyillariga asoslanib О‘zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bо‘lib, quyidagilar bayon etilgan:
О‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti: о‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millatning о‘z takdirini о‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsadi haqi, har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad bilgan holda, О‘zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, О‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Davlat mustaqilligini e’lon qiladi.
1. О‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning о‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.
2. О‘zbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qо‘yilmay turib о‘zgartirilishi mumkin emas.
3. О‘zbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va bо‘linmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.
4. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar О‘zbekiston SSR Konstitusiyasiga muvofiq О‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina О‘zbekiston SSR hududida kuchga ega bо‘ladi.
5. О‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga О‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.
6. О‘zbekiston SSR xalqaro hukuqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.
7. О‘zbekiston SSR ittifokdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan о‘zining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.
8. О‘zbekiston SSR о‘zining taraqqiyot yо‘lini, о‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) о‘zi ta’sis etadi.
9. Qoraqalpog‘iston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi mustaqilligini Muxtor Respublika Konstitusiyasi ta’min etadi. О‘zbekiston SSR uning Asosiy Qonuni va О‘zbekiston SSR Konstitusiyasi asosida Qoraqalpog‘iston MSSR manfaatlarini himoya qiladi.
10. О‘zbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati О‘zbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur bо‘lgan qonunlarni ishlab chiqadi, О‘zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.
11. О‘zbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi, О‘zbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy, siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.
12. Ushbu Deklaratsiya О‘zbekiston SSRning yangi Konstitusiyasini hamda yangi ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir.
Deklaratsiyaning qabul qilinishi bilan О‘zbekistonda respublikaning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina boshlandi.
Shunday bir tarixiy sharoitda sobiq SSSRdagi siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. XX asrning 90 – yillari boshlarida Ittifoq tarkibidagi kо‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni о‘zgartirishni talab qilisha boshladi. 1990 yil bahorida Sovet Sotsialistik Respublikalari hisoblangan Boltiqbо‘yidagi Litva (11 mart), Latviya (4 mayda), Estoniya (8 may), keyinroq Gruziya (oktabr) va Ozarbayjon (1991 yil fevral) Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildi. Bu holat SSSRning davlat butunligiga jiddiy ta’sir kо‘rsatdi. Moskva 1990 yil kuzida Markaz bilan respublikalar о‘rtasidagi munosabatlarni yangilash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlab yubordi. Shu asosda markaziy hokimiyat jamoatchilikning talablari ostida Ittifoq shartnomasini yangilash zaruratini e’tirof etishga majbur bо‘ldi.
SSSR Oliy Soveti Ittifoq shartnomasini о‘zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren respublikalar Federatsiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991 yil 17 mart kuni Butunittifoq referendumini о‘tkazishga qaror qildi. 1991 yil 20 fevralda О‘zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum о‘tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga yana bitta qо‘shimcha byulletenni ovozga qо‘yishga qaror qildi.
Qо‘shimcha byulletenga «Siz О‘zbekistonning mustaqil, teng huquqli respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» degan savol qо‘yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93 % bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, о‘zbekistonliklar о‘z mamlakatini mustaqil davlat sifatida federativ ittifoqda bо‘lishini, О‘zbekistonning suveren respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
1991 yil aprelda Kiyevda Ukraina, Rossiya, Belorus, О‘zbekiston, Qozog‘iston respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bо‘ldi. Uchrashuvda mustaqil respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq shartnomasini tuzishga yondashish yо‘llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bо‘ldi.
1991 yilga kelib О‘zbekistonda respublikaning davlat mustaqilligiga doir mutlaqo yangi davlat ramzlari tayyorlash va qabul qilish borasida dadil ishlar qilina boshlandi. 1991 yil 15 fevralda О‘zbekiston Oliy Kengashi «О‘zbekistonning davlat ramzlari tо‘g‘risida» maxsus qaror qabul qildi.
О‘zbekistonning о‘z suvereniteti uchun kurashi, avvalo, respublikada qabul qilingan har bir qonunning mazmuni va mohiyati jihatidan sobiq Ittifoq qonunlaridan tubdan farq qilishida, bundan tashqari, har bir qonun avvalgidek Ittifoq qonuniga moslashtirib emas, balki respublika manfaati ifoda etilganligi bilan ajralib tura boshladi. Xususan, 1991 yilning 22 iyulida О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining «О‘zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bо‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini О‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga о‘tkazish» tо‘g‘risida qabul qilgan qarori ham О‘zbekiston SSR Prezidenti I.A. Karimov, О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi va hukumati О‘zbekistonning siyosiy – iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar tashlaganligining isbotidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |