1-ma’ruza: Mustaqil O’zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati
Reja:
O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritish tomon yo’l tutishi.
Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi.
O’zbekiston davlat mustaqilligining e’lon qilinishi va uning tarixiy ahamiyati.
1-masala:
O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritish tomon yo’l tutishi.
XX asr 90-yillariga kelib jahon va sobiq ittifoqdagi o’zgarishlar hamda yuzaga kelgan vaziyat o’zbek xalqining mustaqillik uchun bo’lgan kurashini tezlashtirib yubordi. Bu o’rinda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989-yil 23-iyundagi plenumi va unda Islom Karimovning birinchi kotib etib saylanishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu anjumanda I.Karimov O’zbekistonning sobiq Ittifoqda tutgan o’rni va rolini aniq-ravshan belgilab berdi, madaniy merosni va tarix haqiqatini tiklash, milliy urf-odatlar va an’analarni rivojlantirish obektiv zarurat ekanligini isbotladi.
O’zbekistonning yangi hukumati Markaz bilan bo’ladigan munosabatlarni o’zgartirmay turib, ijobiy siljishlarga erishib bo’lmasligini va buning uchun respublikaning to’liq mustaqilligini ta’minlash zarurligini tushunib etdi. I.A.Karimovning tashabbusi bilan O’zbekiston hukumati tomonidan 1989-yil 15-avgustda «Kolxozchilar, sovxoz ishchilari, fuqarolar, shaxsiy tomorqa xo’jaliklari va individual uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish to’g’risida» maxsus qaror qabul qilindi. Garchi bu g’oya ittifoq rahbarlariga yoqmagan bo’lsa ham, I.A.Karimov o’z fikridan qaytmay, uni jasorat bilan amalga oshira bordi. Natijada o’sha yilning 4 oyida aholi qo’shimcha 90,7 ming gektar yer oldi. «G’oyat og’ir ayni o’sha sharoitda aholiga qo’shimcha tomorqa yerlari ajratish haqidagi Farmon va qarorlar qabul qilingani shu asosda, O’zbekiston bo’yicha 2,5 million oilaga hammasi bo’lib 700 ming gektar sug’oriladigan yer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berilgani qishloqlarimizda ijtimoiy muammolarni yechish, aytish mumkinki, jar yoqasida turgan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishda ulkan tarixiy qadam bo’lgan...» Ana shunday o’zgarishlar tufayli odamlar dunyoda adolat va haqiqat borligiga, mustaqillik har qaysi oila, butun xalqimiz uchun hyech narsa bilan o’lchab, qiyoslab bo’lmaydigan bebaho ne’mat ekaniga chin dildan ishonch hosil qilgan edilar.
XX asr 80-yillarining o’rtalariga kelib SSSRning parchalanishi real obektiv haqiqatga aylanib qoldi. 1989-yil 21-oktabrda O’zbekiston Oliy Sovetining XI sessiyasi «O’zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunini qabul qildi. O’zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi. Ish yuritish sekin-asta o’zbek tiliga o’tkazila boshlandi, uni o’rganishni yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ayni vaqtda rus tilini va respublikada yashovchi boshqa xalqlarning tillarini o’rganish uchun shart-sharoitlar yaratilishi lozim edi, tilni o’rganishning ixtiyoriyligi va uni tanlash huquqi qonunda belgilab qo’yildi. Bu qonunning qabul qilinishi o’zbek xalqi, shu xalq milliy o’z-o’zini anglashining o’sishi, respublikada millatlararo hamjihatlikning saqlanib qolishi uchun juda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so’ng milliy o’zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yo’lida respublikada yana bir tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan muhim siyosiy qadam qo’yildi.
1990-yil 23-martda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Plenumida respublika siyosiy tizimi to’g’risidagi masala ko’rib chiqildi. Unda O’zbekistonda hokimiyatning Prezidentlik boshqaruvi shakliga o’tishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi ta’kidlandi.
1990-yil 24-mart kuni O’zbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq 1-sessiyasi SSSR doirasida birinchi bo’lgan siyosiy hujjatni - «O’zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi ta’sis etish to’g’risida»gi qarorni qabul qildi va O’zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi Islom Abdug’aniyevich Karimov O’zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. Shu tariqa, O’zbekiston-SSSR respublikalari ichida birinchi bo’lib o’zining milliy-huquqiy va demokratik davlatiga mustahkam zamin yaratdi.
O’zbekistonning mustaqillikka yerishishida qo’yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri bu 1990-yil 20-iyunda respublika Oliy Soveti tomonidan 12 moddadan iborat bo’lgan «Mustaqillik Deklarasiyasi»ning qabul qilinishi edi. Mazkur hujjat O’zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta’minladi. Shu bilan birga, «Mustaqillik Deklarasiyasi» O’zbekistonning 1991-yil 31-avgustga qadar mavjud bo’lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta’minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. Deklarasiyada har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlariga va demokratiya tamoyillariga asoslanib O’zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Deklarasiyaning qabul qilinishi bilan O’zbekistonda respublikaning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina boshlandi.
Shunday bir tarixiy sharoitda sobiq SSSRdagi siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. XX asrning 90-yillari boshlarida Ittifoq tarkibidagi ko’pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o’zgartirishni talab qila boshladi. 1990-yil bahorida Sovet Sosialistik Respublikalari hisoblangan Boltiqbo’yidagi Litva (11-mart), Latviya (4-mayda), Estoniya (8-may), keyinroq Gruziya (oktyabr) va Ozarbayjon (1991-yil fevral) Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildi Bu holat SSSR ning davlat butunligiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Moskva 1990-yil kuzida Markaz bilan respublikalar o’rtasidagi munosabatlarni yangilash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlab yubordi. Shu asosda markaziy hokimiyat jamoatchilikning talablari ostida Ittifoq shartnomasini yangilash zaruratini e’tirof etishga majbur bo’ldi.
SSSR Oliy Soveti Ittifoq shartnomasini o’zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren respublikalar Federasiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991-yil 17-mart kuni Butunittifoq referendumini o’tkazishga qaror qildi. 1991-yil 20-fevralda O’zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum o’tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga yana bitta qo’shimcha byulletenni ovozga qo’yishga qaror qildi.
Qo’shimcha byulletenga «Siz O’zbekistonning mustaqil, teng huquqli respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federasiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» degan savol qo’yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93% bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, o’zbekistonliklar o’z mamlakatini mustaqil davlat sifatida federativ ittifoqda bo’lishini, O’zbekistonning suveren respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
1991-yil aprelda Kiyevda Ukraina, Rossiya, Belorus, O’zbekiston, Qozog’iston respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo’ldi. Uchrashuvda mustaqil respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq shartnomasini tuzishga yondashish yo’llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bo’ldi.
1991-yilga kelib O’zbekistonda respublikaning davlat mustaqilligiga doir mutlaqo yangi davlat ramzlarini tayyorlash va qabul qilish borasida dadil ishlar qilina boshlandi. 1991-yil 15-fevralda O’zbekiston Oliy Kengashi «O’zbekistonning davlat ramzlari to’g’risida» maxsus qaror qabul qildi.
O’zbekistonning o’z suvereniteti uchun kurashi, avvalo, respublikada qabul qilingan har bir qonunning mazmuni va mohiyati jihatidan sobiq Ittifoqqonunlaridan tubdan farq qilishida, bundan tashqari, har bir qonun avvalgidek Ittifoq qonuniga moslashtirib emas, balki respublika manfaati ifoda yetilganligi bilan ajralib tura boshladi. Xususan, 1991-yilning 22-iyulida O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining «O’zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bo’ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini O’zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o’tkazish» to’g’risida qabul qilgan qarori ham O’zbekiston SSR Prezidenti I.A.Karimov, O’zbekiston SSR Oliy Kengashi va hukumati O’zbekistonning siyosiy-iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar tashlaganligining isbotidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |