Ma’naviyat – arabcha so’z bo’lib ma’nolar majmui ma’nosini anglatadi. U kishilarning falsafiy, xususiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmui.
Ma’naviyat, tafakkur tushunchalariga yaqin va ular bir - birlarini taqozo etadilar. Odamzot paydo bo’lib, ko’p ming yillik taraqqiyot jarayonida o’zini o’rab olgan tabiat, turli hodisalar, voqealar, hayotiy tajribalarni kuzatgan, ularning sabablari va qonuniyatlari to’g’risida mushohada qilgan, turli tasavvur va tushunchalar hosil qilib kelgan. Ma’naviyat insonning butun umri davomida uning kuchiga kuch qo’shadigan, idrok va aql-zakovatini kengaytiradigan va mustahkamlaydigan vositadir. Ma’naviyat va ma’naviy boyliklar, qadriyatlar davlatning, xalqning, millatning, jamiyatning ayrim shaxslarning bebaho xazinasi va taraqqiyot manbaidir. Mustaqillik tufayli o’zbek xalqining ko’p asrlik boy tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosini o’rganish, undan xalqning umumiy va bebaho mulki sifatida foydalanishga keng yo’l ochildi. «Ma’naviyat-insonning, xalqning, jamiyatning kuch-qudratidir. U yo’q joyda hech qachon baxt-saodat bo’lmaydi», deb ta’kidlaydi O’zbekiston Respulikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov.
Mustaqillik davri milliy ma’naviyatimizni tiklash va rivojlantirish, milliy til va madaniyatni taraqqiy ettirish, milliy o’zlikni anglash, milliy his-tuyg’ular, g’ururni, vatanparvarlikni o’stirish va mustahkamlash bilan bog’liqdir.Mustaqil O’zbekistonning taraqqiyoti jamiyat a’zolarining, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy kamoloti, istiqlol g’oyalarining kishilarning ongiga, kundalik hayotiga chuqurroq singdirishga bog’liqdir. Mustaqil taraqqiyot yo’lida milliy ong va milliy o’z-o’zini anglash ma’naviy kamolotining asosiy negizidir.
Kelajagi buyuk O’zbekistonni barpo etishda faol qatnashayotgan har bir fuqaro o’z xalqi, millatining ajralmas bo’lagi ekanligini anglashi-milliy ma’naviyat va ongning tarkibiy qismidir.Yaqin o’tmishda hukmron bo’lgan mafkura ma’naviyatni, uni o’rganishni, tadbiq etishni nokerak, noo’rin va umuman zararli ish deb qaragan. Chunki, har bir millatning o’z ma’naviyatini aniqlashi, bilishi va o’z aql-farosatining, ongining tarkibiy qismiga aylantirishi millatni mustahkamlaydi, uning o’ziga bo’lgan e’tiqod va qadr hissini boyitadi. Bularni e’tirof etgan holda – Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan, – dedi davlatimiz rahbari. Ma’naviyatimiz O’zbekistoning porloq kelajagiga dadil ishonch bilan yuksalib borayotganligini, xalqimizda yuksak insonparvarlik qadriyatlari tiklanayotganligi va takomillashayotganini ifodalovchi o’ziga xos dunyoqarashdir.
Ma’naviyat sohasida mustaqil O’zbekiston oldida muhim vazifalar turibdi. Ulardan asosiysi ma’naviyatimizni boyitish va mustahkamlashdir. Ma’naviyat istibdod yillarida har jihatdan kamsitildi va tanho hukmron mafkuraga bo’ysundirildi. Oqibatda, masalan, o’zbek xalqi tasavvuf falsafasini va uning mashhur namoyondalarini o’rganishdan mahrum edi. Huquq sohasida esa Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining huquqshunoslik borasidagi buyuk xizmatlari inobatga olinmadi, axloqiy qarashlar va ijtimoiy falsafaga tegishli chuqur mazmunli asarlar bir tomonlama yoritildi va hokazo. Bularsiz mustaqil O’zbekistonning ma’naviyati to’laqonli emasdir. Ma’naviyatimizning bor kuchi, mazmunining chuqurligi va rang-barangligini uning ko’hna tarix qa’riga singib ketganligini, hozirgi salohiyati cheksiz ekanligini to’la ravishda ko’rsatmoq uchun «Avesto» va zardushtiylik ta’limotidagi axloq va musavvirlik san’atidan boshlab, Forobiy, Navoiy, Bobur, Furqat, Behbudiy, Fitrat orqali to hozirgi kungacha, uning butun bir zanjirini, yaxlit silsilani yaratmog’imiz zarur.
Ilg’or millat va rivojlangan davlat bo’lishning zaruriy shartlaridan biri-boy, ilg’or ma’naviyatga ega bo’lishdir. Faqat moddiy jihatdan boy hamda ilg’or bo’lish jamiyat norasoligining muhim ko’rsatichidir. Buning uchun ma’naviyat va ma’rifat sohasida eng jiddiy tadqiqotlar olib borilishi, O’zbekiston xalqi ham o’zbek millatining ma’naviyati nimadan iborat, uning tarixi nimadan va qachon boshlangan, ma’naviyatning qaysi sohalari hozirgi davrda va nima uchun katta ahamiyatga ega, ma’naviyatimiz qanday qilib boyimoqda va xalqaro miqyosda salmog’ini orttirish uchun har birimiz nima qilmog’imiz kerak, - ana shu kabi savollarga jamoatshunoslik olimlarimiz hozirgi o’tish davrining talablarini ko’zda tutib javob berishlari umummilliy dolzarb vazifalardan biridir.
Prezidentimiz ma’naviy-axloqiy tarbiyaga e’tibor qaratish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidlaydi, jumladan, «Biz xalqimizning dunyoda hech kimdan kam bo’lmasligi , farzandlarimizning bizdan ko’ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo’lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi»,- deb ta’kidlaydi.1
Ma’naviyat inson va jamiyat rivojining negizi bosh omilidir. Inson ma’naviyat boyib borsa, jamiyat ravnaq topadi. Ma’naviyat qashshoqlashsa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi.
Axloq esa ma’naviyatning negizi hisoblanadi. Axloq kishilarning yurish-turishida, xulqida namoyon bo’ladi. Axloqiy tarbiya shaxs tarbiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Axloqiy tarbiya-bu shaxsning ona Vataniga, xalqiga, boshqa millat vakillariga, mehnat faoliyatiga va o’z-o’ziga bo’lgan munosabatining majmuidir.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya-bu millat va jamiyat tomnidan yaratilgan barcha ruhiy va aqliy ne’matlarning shaxs tomonidan o’zlashtirilib, undan foydalangan holda o’z axloqini barkamollashtirishga erisha olganlik darajasini ko’rsatuvchi mezondir.
Demak, bugungi kunda yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash dolzarb muammo bo’lib, bu ishda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, madaniyat vazirliklari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, «Kamalak» O’quvchilar tashkiloti hamda boshqa tashkilotlarning kuchlarini ham birlashtirish lozim bo’ladi.
Chunki, umumiy o’rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinf o’qituvchilari hamda tarbiyaviy ish tashkilotchilarining «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi «Kamalak» tashkiloti bilan hamkorlikdagi faoliyati muhim ahamiyatga egadir. Bizga ma’lumki, mustaqillikdan keyingi yillardan O’quvchilar va yoshlar tashkilotlari, harakatlari faoliyati qayta ko’rib chiqildi.
Ular o’z maqsadi, vazifalari, Nizomiga ega bo’ldi. Ayni damda minglab mamlakatimiz o’quvchilari «Kamalak» O’quvchilar tashkiloti a’zosidirlar. O’quvchilar ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishda O’quvchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ining imkoniyatlari juda kengdir. Ushbu imkoniyatlardan O’quvchilar ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishda samarali foydalanish, uning pedagogik jihatlarini aniqlash biz tanlagan mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.Shu sababli biz Kurs ishimiz mavzusini «O’quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda O’quvchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ining o’rni» deb tanladik.
Do'stlaringiz bilan baham: |