Xullas, nutqning sofligi deganda adabiy tilga yot unsurlardan, ortiqcha qo‘llanishlardan xoli nutq tushuniladi.
Nutqning boyligi notiqning til imkoniyatlaridan qay darajada foydalanganligi bilan aniqlanadi. Nutqda tilning rang-barang ifoda vositalari qanchalik ko‘p aks etgan bo‘lsa, bunday nutq boy nutq sanaladi.
Har bir nutq egasi o‘z nutqiga e’tibor qaratsa, nutq tuzish mas’uliyatini his qilsa, nutqining boy bo‘lishiga erishishi mumkin. Nutqqa e’tiborsizlik uni qashshoqlashtiradi.
Nutqda tilning ifoda vositalari me’yoridan ortiq qo‘llansa ham, nutq bachkanalashadi. Aristotel ta’biri bilan aytganda, «munosib va ko‘p ishlatilmagan ifoda kutilmagan, g‘alati so‘zlardan foydalanish orqali kelib chiqadi».2 Demak, boy nutqda ham tilning ifoda vositalari me’yorida ishlatilishi lozim.
Rus tilshunos olimi B.N.Golovin ta’biri bilan aytganda, «ta’sirchan nutq deb nutq qurilishining tinglovchi va o‘quvchi e’tibori va qiziqishini qozonadigan xususiyatlariga aytiladi, o‘z navbatida shu xususiyatlarga ega bo‘lgan nutq ta’sirchan sanaladi».
Nutqning ta’sirchanligi tushunchasi, asosan, og‘zaki nutqqa nisbatan qo‘llanadi. Chunki nutqning ta’sirchanligini belgilashda bu nutqning tinglovchi tomonidan qabul qilinishidagi ruhiy vaziyat e’tiborga olinadi.
Har bir notiq nutqni tuzishda tinglovchilarni hisobga olishi, ularning bilim darajasidan tortib, hatto yoshi, kayfiyatigacha kuzatib borishi, o‘z nutqining tinglovchilar tomonidan qanday qabul qilayotganini nazorat qilishi lozim bo‘ladi. Kasbiy bilimga ega bo‘lgan kishilar oldida jo‘n, sodda tilda gapirish maqsadga muvofiq bo‘lmagani kabi, oddiy, yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan tinglovchilar oldida ham ilmiy va rasmiy tilda gapirishga harakat qilish yaramaydi. Xullas, notiqdan vaziyatga qarab ish tutish talab qilinadi va ifodalamoqchi bo‘lgan fikrni to‘laligicha tinglovchilarga yetkazishga harakat kilish vazifasi yuklatiladi.
Omma tushuna oladigan tilda gapirish, ularni ishontira olish notiqlar oldiga qo‘yiladigan asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Buning uchun esa mavzuni yaxshi bilishdan tashqari, uni bayon etishning aniq belgilangan rejasi bo‘lishi kerak. Nutqdagi fikrlarni birinchi va ikkinchi darajali tarzda tuzib, ularni o‘zaro bog‘lab, tinglovchilarga avval nutq rejasini tanishtirish lozim. Vaqtni hisobga olish notiqlik fazilatlaridandir. Chunki so‘zlash muddati oldin e’lon qilinib, shunga rioya qilinsa, agar iloji bo‘lsa, sal oldinroq tugatilsa, tinglovchilar zerikmaydi.
So‘zlovchining o‘z nutqiga munosabati ham muhim, chunki, shunday bo‘lgandagina quruq rasmiyatchilikdan qochiladi, so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi aloqa yaxshilanadi. Notiq fikrini o‘zi yoki tinglovchilar hayotidan olingan misollar asosida isbotlashga harakat qilsa, mavzuga doir shaxsiy munosabatini bildirsa, nutq yana ham ta’sirli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |