Dastlabki tergov organi tomonidan Aliev Malik Maxmudovich 2010 yil 02 oktabr kuni kechki vakt uzganing mol-mulkini kulga kiritib, tekin boylik orttirish maksadida Toshkent shaxar Shabnam kuchasida joylashgan Guzal choyxonasidagi stolning ustidan fukaro Olimov Ravshan Jo‘raevichga tegishli bulgan bir dona “Samsung” rusumli aloqa vositasini yashirin ravishda talon-taroj qilib, jabrlanuvchiga moddiy zarar yetkazib, ugirlik jinoyatini sodir kilgan.
Nazarimda, jumlani mantiqiy deb bo‘lmaydi. E’tibor qilinsa, gap mazmunidan o‘g‘irlik jinoyatini dastlabki tergov organi sodir qilgan degan fikr uqiladi. Shuningdek, O‘G‘IRLAMOQ so‘zida yuqorida berilgan 1) “jinoyat; 2) “yashirin”; 3) “moddiy zarar yetkazish”; 4) “o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritish”; 5) “tekin boylik orttirish maqsadida” ma’nolari mujassam. Qolaversa, bitta telefon apparatini o‘g‘irlash talon-taroj qilish degani emas. Talon-taroj katta miqdordagi boylikni o‘marishni anglatadi. Bu so‘zga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da quyidagicha izoh berilgan:
TALON-TOROJ Hamma yoqdan tortqilab talash, o‘zlashtirish, tala-tala, tort-tort. Talon-toroj yurtni vayron etdi, mamlakat zavol topdi. S.Karomatov, So‘nggi barxan. Talon-toroj, bosdi-bosdilar tovsillab, Samarqand yonida Buxoroning ham bir qadar osoyishta turgani tufayli yillar tez kechayotganday tuyular edi. Mirmuhsin, Me’mor.
Menimcha, talon-taroj so‘zi yuridik nutqda bunday terminologik ma’noga ega bo‘lmasa kerak. Aks holda izohli lug‘at uni qayd etgan bo‘lur edi. Ammo qanday bo‘lsa ham, umumiy izohli lug‘atlarimizdagi ma’no doirasida bo‘lishi lozim
Bizningcha, keltirilgan matnni quyidagicha tuzatish lozim:
Dastlabki tergovda Aliev Malik Mahmudovich 2010 yil 02 oktabr kuni kechqurun Toshkent shahar “Shabnam” ko‘chasida joylashgan “Go‘zal” choyxonasidagi stolning ustidan fuqaro Olimov Ravshan Jo‘raevichga tegishli “Samsung” uyali telefonini o‘g‘irlaganligi aniqlandi.
Matbuot sahifalarida ham mantiqiy xatoliklar uchrab turadi. Masalan, “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2006 yil 20 iyun sonida e’lon qilingan maqolalardan biridagi mantiqiy xatolikni ustoz professor N.Mahmudov aniqlaganlar: Buldozer, “Zil" avtomashinamiz miltiqning o‘qiday uchadi... Aynan buldozerni miltiqning o‘qiga qiyoslab bo‘lmaydi. Uning harakat tezligini toshbaqaning harakat tezligiga qiyoslash mumkin, miltiqning o‘qiga emas. Mantiqsizlik kulgili holatni keltirib chiqargan.
Ayanchli tomoni shundaki, yozma nutqdagi bunday mantiqsizliklar o‘qimishli, oliy ma’lumotli mutaxassislar nutqida uchramoqda. Demak, mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, mantiqli nutqni o‘stirish masalasida zimmamizda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |