2. Ernando de Sotoning “kul rang” xufyona iqtisodiyot konsepsiyasi 1989 yilda E.de Sotoning “Boshqa yo‘l” mavzusidagi monografiyasining nashr etilishi xufyona iqtisodiyotning zamonaviy bozor xo‘jaligidagi roli va ahamiyati to‘g‘risidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirib yubordi152. “Boshqa yo‘l” konsepsiyasi ilmiy adabiyotlardagi norasmiy iqtisodiyot sektori to‘g‘risidagi nazariyasining yangi va ustuvor paradigmi hisoblanadi.
1970-1980 yillarda amalda bo‘lgan “uchinchi dunyo” mamlakatlarida xufyona iqtisodiyot muammolarga ilmiy yondashuvlarda norasmiy ish bilan bandlik kambag‘allik, qoloqlik va qashshoqlik sabablik vujudga keladi deb izohlanar edi. Ilgarigi ilmiy qarashlarda iqtisodiy xufyonalik marginal qatlam sifatida tasvirlangan, ya’ni sobiq dehqonlar shaharlarda yuqori ish haqi izlab ketib qoladilar. Ammo past darajadagi malakaga ega bo‘lganliklari tufayli zamonaviy sanoat korxonalarida ishga joylasha olmaydilar. Shuning uchun xufyona faoliyat ko‘rsatib o‘zlarining yashash minimumini qiyinchilik bilan ta’minlaganlar. Ularning izohlashlariga ko‘ra yashirin iqtisodiy faoliyat yurituvchilar shahar hayotiga moslashib borganlari sari zamonaviy rasmiy iqtisodiyotga o‘ta boshlaydilar. Ilgarigi ilmiy qarashlar vakillarining fikricha norasmiy iqtisodiyot sektori-ijobiy istiqbolga ega bo‘lmagan iqtisodiy getto hisoblanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi shahar iqtisodiyotidagi noformal sektorning jadal rivojlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jahon xo‘jaligi periferiyalarining degradatsiyaga uchrashi ko‘rsatkichi deb izohlaydilar. Shahar marginallarining og‘ir qismatini yengillashtirish uchun “so‘llar” milliy iqtisodiyotni davlat tomonidan nazorat qilishni kuchaytirishni taklif etadilar. Liberallar esa norasmiy sektorni modernizatsiyalashning salbiy oqibati deb qaraladi.
E.de Sotoning bosh ilmiy yangiligi - xufyona iqtisodiyot genezisini tushuntirishga mutlaqo yangi yondashuvni ishlab chiqqanligi hisoblanadi. Uning fikricha, shahar norasmiy sektorining kengayishining sababi qishloq migrantlarining qoloqligi tufayli rasmiy sektorda ish topa olmasligi emas, balki raqobat munosabatlarining erkin rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi byurokratik (ma’muriy) tashkilotchilikdir.
Boshqacha aytganda, E. de Soto “uchinchi dunyoda” xufyona va legal biznesni sifat jihatdan baholashni boshdan oyoq o‘zgartirdi. Uning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlarda legal iqtisodiyot merkantilistik aloqalar bilan tushovlangan, xufyonachilar esa o‘zlarining xususiy xo‘jaliklarini erkin raqobat tamoyillari asosida tashkil etib, haqiqiy demokratik iqtisodiy tartib o‘rnatadilar.
Bu yerda eslatib o‘tish lozimki, merkantilizm Yevropada iqtisodiyot siyosat turi sifatida XVI - XVIII asrlarda hukmronlik qilgan bo‘lib, siyosiylashtirilgan xo‘jalik tizimi bo‘lib, unda tadbirkorlik faoliyatini qat’iy reglamentatsiya qilingan. Davlat iste’molchilarga nima ishlab chiqarishni tanlashga imkon bermagan, qanday iqtisodiy faoliyat turini belgilash va rivojlantirish yoki kerak bo‘lmagan faoliyat sifatida man qilish huquqini o‘zida qoldirgan». Davlat amaldorlarining bu “oliy darajadagi donoligiga” rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy liberalizm to‘liq g‘alaba qozongan XIX asrdayoq barham berilgan. Ammo hozirgi zamon bozor xo‘jaligining periferiyalarida merkanistik siyosat amal qilmoqda. Bu siyosat "so‘llar" va liberallar tomonidan qo‘lab-quvvatlanmoqda.
E. de Soto rahbarlik qilgan Erkinlik va demokratiya instituti Peruda odatdagi legal biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslarning to‘lashga majbur bo‘lgan xarajatlarini “qonuniylik bahosini” aniqlash uchun bir qancha iqtisodiy eksperimentlar o‘tkazishgan153. Aniqlanishicha, kiyim –kechak tikish bo‘yicha fabrikani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 289 kun va 32 eng kam oylik ish haqi miqdorida mablag‘ (pora, bojlar, yo‘qotilgan daromad) sarflangan. Hatto ko‘cha kioskasida savdo qilish uchun litsenziya olish uchun byurokratik labirintlar bo‘ylab yurish bo‘yicha 43 kun va 15 eng kam ish haqi miqdorida pul mablag‘lari sarflangan Uy-joy qurish uchun yer uchastkasini rasmiylashtirishga 7 yilga yaqin vaqt va 56 eng kam oylik ish xaqi miqdorida pul mablag‘lari sarflangan. “Bizning tadqiqotlarimiz, -degan edi E.de Soto- peruliklarning qonundan tashqari faoliyat yuritishga tayyorligi qonunga bo‘ysunish bahosini ratsional baholashlari natijasi ekanligi ko‘rsatdi”155. Demak, xufyona iqtisodiy faoliyat faolligining asosiy sababi huquqiy rejimning noratsionalligi bo‘lib, bu holda kompaniyalarning taraqqiy etishi uning yaxshi ishlashiga kamroq bog‘liq bo‘lib, ko‘p hollarda qonun tomonidan yuklanadigan xarajatlarga bog‘liqdir.Tadbirkor ushbu xarajatlar bilan manipulyatsiya qilgan yoki amaldorlar bilan aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan taqdirdagina faqat ishlab chiqarishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan tadbirkorga nisbatan muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi. Yomon qonunlar natijasida Peruda norasmiy faoliyat bilan iqtisodiy faol aholining 48% mashg‘ul bo‘lib, uning hissasiga 61,2% ish vaqti va YaIMning 38,9% to‘g‘ri kelgan156.
E.de Sotoning yana bir nazariy yangiligi – ichki iqtisodiy “yashirin” mexanizm, uning o‘zini o‘zi tashkillashtirishni tadqiq etishdir. Ilgari xufyonachilar faoliyati to‘g‘risida ularning hayotida yashash uchun kurashning kuchlilar qonuni hukm suradi, degan tasavvur hukmron edi. E.de Soto esa yashirin biznesda xuddi rasmiy iqtisodiyotda bo‘lgani kabi “qonun kuchi” mavjudligini ko‘rsatib berdi. Uning tadqiqotlari norasmiy faoliyatning barcha sohalarida (uy-joy qurilishi, savdo, transport) barqaror tashkilotlar mavjud bo‘lib, ular yashirin faoliyat ishtirokchilarini bir-birlari bilan va davlat institutlari bilan aloqalarini muvofiqlashtiradilar. “Soya”da ham o‘zining kasaba ittifoqlari, sudlari, huquqiy normalari bilan parallel dunyoda yashaydiki, u ko‘p hollarda rasmiy dunyodagiga qaraganda samarali hisoblanadi.
Biznesning yuqori transaksiya xarajatlari individual faoliyatni samarasiz qilib qo‘yadi, natijada yashirin faoliyat ishtirokchilarini nolegal tashkilotlarga birlashishga majbur qiladi. E.de Soto transaksiya xarajatlarining “rasmiylik-norasmiylik” me’yorlari asosida quyidagi yangi klassifikatsiyasini ishlab chiqdi:
Birinchi guruh - “qonunga bo‘ysunish bahosi” bo‘lib, qonunga bo‘ysunuvchi xatti-harakatining xarajatlaridir. Bunda tadbirkor rasmiy biznesda iqtisodiy faoliyatning biron bir turi bilan shug‘ullanish huquqini olish uchun bir martalik “erishish xarajatlari”ni qilishi kerak:
– ruxsatnoma olganidan keyin “qonun doirasida faoliyatini davom ettirish xarajatlarini qilishi;
– soliq va ijtimoiy to‘lovlarni to‘lashi kerak;
– ishlab chiqarish standartlarining byurokratik reglamentatsiyalarga bo‘ysunish xarajatlari;
– nizolarni hal qilishda yoki qarzlarni undirishda samarasiz sud faoliyati natijasida yo‘qotishlarga uchrashi, zarar ko‘rishi xarajatlari.
Peruda o‘tkazilgan tadqiqotlar kichik biznes sub’ektlari (kichik sanoat firmalari) qonunga bo‘ysunmagan taqdirda qonundoirasida faoliyat yuritayotganlarga nisbatan 4,5 barobar ko‘p miqdorda foyda olishlarini ko‘rsatdi. Bunda soliqlar qonunga bo‘ysunish xarajatlarining atiga 21,7% qoplar ekan. Biznesga bosim soliqlar emas, balki byurokratik protseduralar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ularga boshqarish xodimlarining 40% ish vaqti sarflanar ekan157.
Ikkinchi guruh transsaksiya xarajatlarigi “xufyonalik bahosi”ni ifodalaydigan quyidagi xarajatlar kiradi
– “jazodan qutilib qolish” xarajatlari (sug‘urtaning alohida shakli sifatidagi poralar);
– xufyona iqtisodiyotdagi kapitalga yuqori stavkalar;
– texnika hajmkorligi (kapital hajmkorligi) yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish sohalarida ishtirok eta olmaslik;
– mulk huquqining nisbatan kuchsiz himoyalanganligi;
– “shartnoma tizimidan foydalana olmaslik bahosi”
Umuman iqtisodiyotning legal va nolegal sektorlarga bo‘linishi quyidagi negativ (salbiy) oqibatlarga olib keladi:
– mehnat unumdorligi pasayadi;
– investitsiyalar qisqaradi;
– soliq tizimining samarasizligi;
– kommunal xizmatlarning qimmatlashishi;
– texnik taraqqiyotning sekinlashishi;
– makroiqtisodiy siyosatni shakllantirishdagi ko‘pgina qiyinchiliklarning vujudga kelishi