90327 Bankning qimmatli qog‘ozlari blankalari Hisobvaraqning ta’rifi: bankning muomalaga chiqarilguncha saqlanayotgan, shuningdek qoplash (to‘lash) yoki muomaladan chiqarish maqsadida qayta sotib olingan qimmatli qog‘ozlarining hisobi yuritiladi. Bundan tashqari ushbu hiobvaraqda foydalanish uchun yaroqsiz holda bo‘lgan va yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan xususiy qimmatli qog‘ozlar blankalari hisobi olib boriladi. Bankning qimmatli qog‘ozlari blankalari, shuningdek qoplash (to‘lash) yoki muomaladan chiqarish maqsadida qayta sotib olingan qimmatli qog‘ozlari blankalari “donasi 1 so‘m” bo‘lgan shartli bahoda hisobga olinadi. Ushbu hisobvaraq uchun 96314 — “Bankning qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha kontr-hisobvaraq” kontr-hisobvaraq hisoblanadi.
Hisobvaraqning debetida bosmaxonadan yoki bosh ofisdan olingan, yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar blankalari qiymati, shuningdek qoplash (to‘lash) uchun yoki muomaladan chiqarish uchun bank tomonidan qayta sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati aks ettiriladi.
Hisobvaraqning kreditida sotilgan (tarqatilgan), shuningdek hisobdorlik tarzda berilgan qimmatli qog‘ozlar blankalarining qiymati aks ettiriladi Bundan tashqari ushbu hisobvaraq yo‘q qilingan qimmatli qog‘ozlarning blankalari summasiga kreditlanadi.
Tahliliy hisob qimmatli qog‘ozlarning turi bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda olib boriladi.
90329 Bankning hujjatsiz qimmatli qog‘ozlari Hisobvaraqning ta’rifi: bankning muomalaga chiqarilguncha saqlanayotgan, shuningdek qoplash(to‘lash) yoki muomaladan chiqarish maqsadida qayta sotib olingan xususiy hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarini hisobi yuritiladi. Bankning qoplash(to‘lash) yoki muomaladan chiqarish maqsadida qayta sotib olingan xususiy hujjatsiz qimmatli qog‘ozlari “donasi 1 so‘m” bo‘lgan shartli bahoda hisobga olinadi. Ushbu hisobvaraq uchun 96314 — “Bankning qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha kontr-hisobvaraq” kontr-hisobvaraq hisoblanadi.
Hisobvaraqning debetida bankning muomalaga chiqarilguncha saqlanayotgan, chiqarilgan hujjatsiz qimmatli qog‘ozlari qiymati, shuningdek qoplash(to‘lash) yoki muomaladan chiqarish uchun bank tomonidan qayta sotib olingan hujjatsiz qimmatli qog‘ozlar “donasi 1 so‘m” bo‘lgan shartli bahoda aks ettiriladi.
Hisobvaraqning kreditida bankning sotilgan (tarqatilgan) hujjatsiz qimmatli qog‘ozlari qiymati aks ettiriladi. Bundan tashqari ushbu hisobvaraq qoplangan(to‘langan) yoki muomaladan chiqarilgan hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarning “donasi 1 so‘m” bo‘lgan shartli bahosiga kreditlanadi.
Tahliliy hisob hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarning turi bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda olib boriladi.