Tilning ijtimoiy vazifasi. Til va jamiyat o’rtasidagi o’zaro aloqani o’rganish turli davrlarda turlicha yondashuvlarga sabab bo’lgan bo’lsa-da, bu sohadagi ilmiy qiziqishlar bugunga kelib yanada kuchayib bormoqda.
Tilshunoslik va sotsiologiya birlashib (fanlar integratsiyasi) sotsio-lingvistikani yuzaga keltirdi.
Tildagi elementlar doimo o’zgarishga moyil bo’lishi bilan birga qat’iy xarakterga ham egadir. Muayyan tilga ushbu tilda so’zlovchi har bir kishi doimiy ravishda ta’sir ko’rsatib turadi. Bu ta’sir, albatta, leksik va grammatik shakllarda bo’lmasa-da, tilning nutqiy foydalanish darajasida mavjuddir. Demak, til, bir tomondan, ijodiy jarayon bo’lsa, ikkinchi tomondan, u allaqachon vujudga kelgan qat’iy tizim hamdir.
Ushbu munosabatlardan biz til va jamiyat o’rtasidagi o’zaro aloqa qanchalik chambarchas bog’liq ekanligini ko’ramiz.
Albatta, til ham, jamiyat ham ma’lum fanlar uchun predmet hisoblanadi. Tilshunoslik yoki lingvistika tilga doir narsalarni o’rgansa, sotsiologiya fani uchun jamiyat va unga aloqador tomonlarning barchasi uchun eng muhim tadqiqot ob’ektidir.
XIX asrning ikkinchi yarmidan umumiy fanlarning turli tarmoqlarga tezkor sur’atda bo’linib ketishi, ixtisoslashuvning kuchayishi bilan yangi tadqiqot sohalari vujudga kela boshladi.
XX asr boshlariga kelib til va jamiyat munosabatini alohida o’rganishga bo’lgan qiziqish turli oqimlarni vujudga keltirdi. Xususan, shu davrda tilga faqat ijtimoiy fakt, ijtimoiy mahsulot deb qaraydigan kishilar ham topildi. Til haqidagi bunday fikrlarni umumlashtirgan shaxs Ferdinand de Sossyur (1857-1913)dir. U tilshunoslikning ikki turga: ichki tilshunoslik va tashkil top tilshunoslikka bo’ldi.
XX asrning 20-30 yillari til mavjudligining ijtimoiy zaruriyat ekanligini isbotlash davri bo’lsa (Yu.D.Desheriev, 1968; L.P.Yakubinskiy, 1953), faqatgina 60-yillarga kelib til va jamiyat aloqasi to’g’risidagi fan-sotsiolingvistika fanini fan sifatida o’rganish va bu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borishga bo’lgan qiziqish ortdi.
Bugungi kunga kelib sotsiolingvistika fani o’zining predmetiga ega bo’lishi bilan yaxlit fan sifatida shakllandi, deyish mumkin. SHunday bo’lsa-da, sotsiolingvistika fanida ko’pgina muammolar haligacha o’z yechimini topgani yo’q. Bu fanning mintaqaviy taraqqiyotiga nazar tashlasak, u AQSHda keng o’rganilganligining shohidi bo’lamiz. Sotsiolingvistik tadqiqot-larning turli mamlakatlarga xilma-xil yo’nalishlarda amalga oshirilishi bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni keltirib chiqarishi bilan birga, bir-birini to’ldiradi ham. SHuni ham yodda to’tish zarurki, turli mamlakatlarda sotsiolingvistika muammolariga yondashuvlar va qiziqishlar darajasi ham turlichadir. Masalan, rivojlangan g’arb mamlakatlarida tilning ijtimoiy tabaqalanish muammolariga e’tibor kuchli bo’lsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa milliy adabiy tilning shakllanishi, bilingvizm va ko’p tillilik muammolariga qiziqish kattadir.
Barcha fanlardagi kabi sotsiolingvistikada “markaziy yadro” mavjud bo’lib, u barcha tilshunoslik maktablari va qarashlari uchun bir xil ahamiyatga egadir. Bu “markaziy yadro”ga sotsialingvistik nazariyaning boshlang’ich holatini aniqlash bilan bog’liq umummetodologik xarakterdagi printsipail muammolar kiradi. Sotsiolingvistika fani, bir tomondan, tilshunoslik, ikkinchi tomondan esa, sotsiolingvistika fani muammolari bilan chambarchas bog’langandir. Bungungi kunda sotsiolingvistika fanining muhim muammolari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
Tilning ijtimoiy tabaqalanishi.
Bilingvistik va ko’p tillikning sotsiolingvistika xususiyati.
Diglossiya.
Til (nutqiy) vaziyatlarning tipologiyasi.
Milliy va adabiy tillar hamda ularning ijtimoiy funktsiyalari13.
Yuqorida ko’rsatilgan muammolar sotsiolingvistika fani uchun eng muhimlari hisoblanadi. Barcha sotsialingvistik maktablar va yo’nalishlar uchun xususiy tadqiqot metodlarini ishlab chiqarish va ularni tadbiq etish ham muhim masalalardan biri bo’lib kelmoqda.
Sotsiolingvistika muammolarini tahlil qilishdan avval sotsiolingvistika fani predmeti va uning tuzilishini ko’rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Sotsiolingvistika predmeti haqida so’z ketganda ikki muhim fanning roliga e’tibor berish zarur: bir tomondan, tilshunoslik fani sotsiolingvistika uchun boshlang’ich manba hisoblanadi, ikkinchi tomondan, bu vazifaga sotsiologiya fani da’vo qiladi.
Zamonaviy sotsiolingvistikaning xususiyatlaridan biri shundaki, u tilshunoslik va sotsiologiyaga xos bo’limlarning mexanik bog’lanishi bo’lib qolmasdan, ularning yagona nazariya, yagona ob’ekt tushunchasi va tadqiqot maqsadlari, yagona tushunchalar tizimi va tadqiqot jarayonining umumiy birligi hamdir. Gap shundaki, til taraqqiyoti va faoliyatiga ta’sir ko’rsatuvchi ijtimoiy omillar tilshunoslik sohasidagi ko’pgina maktablarning diqqat markazida bo’lib kelmoqda14. Tilning jamiyat hayotidagi o’rni, uning jamiyat taraqqiyotiga ko’rsatayotgan ta’siri sotsiologlar, etnograflar kabi soha vakillari uchun tadqiqot manbaidir. Demak, sotsiologiya hamda tilshunoslikning jamiyat va til, shuningdek, til va jamiyat o’rtasidagi aloqaga doir bo’limlari uchun tadqiqot predmeti va tushunchalar tizimi bir xilligi sotsiolingvistikaning fan sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.
Sotsiolingvistikaning ikki xil xarakteri olimlar o’rtasida bahslarga sabab bo’lmoqda. R.Grosse va A.Noyverlarning fikricha, sotsiolingvistika faniga ikki tomonlama yondashish mumkin. Agar biz birlamchi tarzda lingvistik faktlarni-til belgilarini olsak, tadqiqotga sotsialingvistik tomondan yondashgan bo’lamiz. Agar tadqiqotning birlamchi nuqtasi ijtimoiy sharoit, kishilar o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlar bo’lsa, unda biz muammoga lingvosotsial yondashayotgan bo’lamiz15.
Sotsiolingvistik yondashuvda muayyan til belgilari yoki belgilar kompleksi ijtimoiy maqbul variantlarining diasistemadagi o’rni belgilanadi, so’ngra ana shu asosda ularning ma’lum ijtimoiy guruhlar tomonidan muayyan muloqot vazifalarida va muayyan kommunikativ vazifalarda ishlatilishi tadqiq etiladi. Lingvosotsiologik yondashuvda esa boshlang’ich punkt ijtimoiy kategoriyalar (ijtimoiy guruhlar, individning ijtimoiy roli, jamoaviy tarbiya va h.k.) bo’lib, tadqiqotchi shu kategoriyalarga xos xususiyatlardan til hodisalariga nisbatan munosabatni o’rgatadi.
Sotsiolingvistika fanining predmeti to’g’risida bahslar haligacha davom etayotgan bo’lsa-da, uning fan sifatida shakllanganligini ishonch bilan aytish mumkin. Sotsiolingvistikaning tilshunoslik va sotsiologiya fanlari bilan munosabati chegarasini aniqlash bahslarning asosiy mavzusi bo’lib, bu fan o’z “markaziy yadro”sini shakllantira oldi va o’z tadqiqotlar doirasini tobora rivojlantirmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |