Beruniyning hayoti va ijodiy faoliyatini yoritishga bag’ishlangan bir qancha asarlar mavjud. SHuning uchun ham biz olim hayotiga doir ayrim ma’lumotlarni keltirish bilan cheklanamiz. Abu Rayhon Beruniy, U.I.Karimovning ta’kidlashicha, milodiy 973 yilning 4 sentyabrida (hijriy 362 yil zulhijja oyining 2-kunida) Xorazmning qadimiy poytaxti Qiyatda tavallud topdi. 1009 – 1017 yillarda Xorazmshoh Abul-Abbos Ma’mun ibn Ma’mun saroyida xizmat qilib, katta obro’-e’tibor qozondi. 1017 yilda Mahmud G’aznaviy Xorazmni bosib olgandan so’ng Xorazmdagi bir qancha olimlar qatori Beruniy ham G’aznaga yo’l olishga majbur bo’ldi va umrining oxiriga qadar shu yerda ijod qildi.
U o’z davridagi barcha fan sohalari bo’yicha qalam tebratib, 150 dan ortiq asar qoldirdi. Bizgacha yetib kelgan asarlari orasida «Xronologiya», «Hindiston», «Geodeziya», «Mineralogiya», «Mas’ud qonuni» hamda «Sayda-na» nomi bilan mashhur bo’lgan «Kitob as-saydana fi-t-tibb» asarlari tadqiqotchilar tomonidan maxsus o’rganildi, arab, rus, ingliz, nemis va boshqa tillarga tarjima qilib, nashr etildi.
Beruniy ilmiy merosining nomidan ham ko’rinib turibdiki, olim tarix, riyoziyot, matematika, falsafa, handasa, kimyo, astronomiya, geografiya, tibbiyot, adabiyot, musiqa, tilshunoslik singari o’nlab sohalar bo’yicha ilmiy tadqiqot olib borgan va jahon allomalarini hozirgacha lol qoldirib kelayotgan buyuk kashfiyotlar yaratgan.
Beruniy ilmiy hazinaning kaliti sanaluvchi tilga va tilshunoslikka alohida e’tibor berdi. U yoshligida yunon, lotin, arab, fors, so’g’d, suryoniy tillarini chuqur o’rgandi. CHunki jahon tsivilizatsiyasining beshigi Yunoniston va Rumo o’lkalari bo’lib, antik madaniyat namunalarining barchasi shu tillarda yozilgan edi. Arab tili Beruniy yashagan davrda diniy ta’limot tili bo’lishi bilan birga, fan tiliga ham aylangan edi. Islom olamida yaratilgan barcha asarlar arab tilida yozilar edi. Bularning hammasi bo’lajak allomani yuqoridagi tillarni sinchkovlik bilan o’rganishga da’vat etdi. Beruniy o’zini xorazmiy tiliga mansub ekanini, arab, fors tillarini esa keyin o’rganganini ta’kidlaydi.
Sulton Mahmud G’aznaviy yurishlari davrida Beruniy bir necha bor Hindistonga borishga musharraf bo’ldi. Hindiston allomani o’ziga rom etdi va bu o’lkaning tarixi, madaniyati, urf-odati, hayvonot va nabotot olamini o’rganishga bel bog’ladi. Buning uchun, avvalo, eski hind tili bo’lgan sanskritni puxta o’rgandi.
Umrining so’nggi yillari Mahmud G’aznaviyning vorisi Ma’dud sultonligi davrida (1048 yil) dorivor o’simliklar, hayvonlar va ma’danlar tavsifiga bag’ishlangan “Saydana” asarini yozdi. Beruniyning tilga va tilshunoslikka bo’lgan qarashlari mana shu asarida yaqqol namoyon bo’ladi.
«Saydana»ning kirish qismida muallifning yoshlik yillarida o’zini qurshab to’rgan olamni va olam uzvlarining turli tillarda qanday nomlanishini bilishga naqadar ishtiyoqmand ekani bayon qilinadi. Xususan, olim bolaligida uning yurtiga bir yunon ko’chib keladi. Abu Rayhon unga don, urug’, meva, o’simlik va boshqa narsalar ko’tarib kelib, bular yunon tilida qanday nomlanishini so’ragani va ularning yunoncha nomlarini daftariga yozib olganini bayon qiladi.
«Saydana»ning qimmatli tomoni shundaki, unda dorivor moddalarning bir necha tillardagi nomlari keltiriladi. Hatto bir o’simlik yoki modda bir tilning turli shevalarida turlicha nomlanishi yoki aksincha, bir so’z har xil shevada boshqa-boshqa o’simlik nomini bildirishi mumkin. Bu esa dorivor moddalardan amalda foydalanishni ancha qiyinlashtiradi. Aholiga foydalanish oson bo’lishi uchun modda nomining dialektal variantlarini ham ko’rsatadi. Bu Beruniyning narsa nomini bilish insonning ma’naviy xazinasigina emas, balki katta moddiy boyligi bo’lishi mumkinligini, shuning uchun ham til o’rganishning tengsiz ahamiyati mavjudligini ta’kidlaydi.
Fikrining isboti sifatida asarning V bobida shunday rivoyat keltiradi. «Xorazm amirlaridan biri kasal bo’lib uzoq qiynaladi. Nihoyat nishopurlik bir tabib uning kasaliga nima davo bo’lishi mumkinligi haqida dorinoma (retsept) yozib yuboradi. Bu dorinomani mahalliy dorishunoslarga ko’rsatadilar. Ular tavsiya etilgan dorivor o’simlikni hech aniqlay olmaydilar. SHunda bir kishi ular qidirayotgan o’simlikni topib berishi mumkinligini, lekin narxi besh yuz dirham sof kumushdan kam bo’lmasligini aytadi. Amir mulozimlari rozi bo’lishadi. Uch kishi mulozimlarga o’simlik tomirini tutqazadi. Bu o’zlari har kuni ko’rib yuradigan oddiy bir chayon o’t (krapiva) tomiri edi. Mulozimlarning jahli chiqib: “O’n besh dirhamga ham olmaydigan shu tomirni besh yuz dirhamga berasanmi?” – deb o’shqiradilar. SHunda giyohfurush javob beradi: «Dorivor moddalar nomini bilish bebaho boylikdir. Sizlar shu o’simlikning nomini bilmaganingiz tufayli kasalning qanchalar qiynalishiga sababchi bo’ldingiz, tillo bahosiga bo’lsa ham sotib olishga rozi edingiz».
Beruniy nomning jamiyat hayotidagi ahamiyatini e’tiborga olib, o’zining «Saydana» asarida ma’lum dorivor moddaning bir necha tillarda qanday nomlanishini bayon qilish bilan birga, har qaysi tildagi mahalliy nomlanishiga ham katta o’rin beradi.
Ayrim mutaassib kishilar arab yozuvini Olloh tomonidan yuborilgan deb ilohiy tus berayotgan bir paytda Abu Rayhon Beruniy har qanday yozuv kabi arab imlosi ham insoniyatning kashfiyoti ekanini e’tirof etadi. Lekin bu yozuvda ancha noqisliklar borligi, shuning uchun ham yunon, lotin, hind tilidagi asarlarning arab tiliga tarjimalarida ayrim nomlarni to’g’ri ifodalash qiyinligi, shu tufayli ko’p nomlarning g’aliz berilishini bayon etadi.
Olimning aytishicha, arab yozuvida «katta baxtsizlik» bor. Unli fonemalarning ifodalanmasligi, ko’p harflarning bir-biriga o’xshashligi va ularning ayrim nuqtalar orqaligina farqlanishi qator qiyinchiliklarga olib keladi. Agar nuqtalar tushib qolsa, ma’noning chiqmay qolishi, ayniqsa, Dioskorid, Galen, Pavel, Oribaziy singari yunon olimlarining familiyalarini to’liq va to’g’ri ifodalab bo’lmasligini ta’kidlaydi. SHuning uchun yunon familiyalarini originalga qiyoslagan holda transkriptsiya qiladi. SHuningdek, hindcha so’zlarni berishda bir qancha hind fonemalarining arab tili fonologik tizimida yo’qligini shuning uchun arab yozuvi orqali bu so’zlarni to’g’ri ifodalab bo’lmasligini aytadi. Natijada u arab yozuviga forslardan ayrim qo’shimcha harflar kiritadi.
“Saydana” asarini o’qir ekanmiz, Beruniyning qanchalar chuqur filologik bilimga ega bo’lgani haqida to’liq tasavvur hosil qilamiz. U nazmning turli nazariy masalalariga bag’ishlab qator asarlar yozgan. SHu bilan birga, o’zi ham arab tilida yaxshigina she’rlar ijod etgan. O’zigacha bo’lgan yuzlab shoirlarning, bir qancha zamondoshlarining ijod namunalarini yoddan bilgan va fikrini dalillamoq uchun ilmiy asarlarida bu she’rlardan namunalar keltirgan. «Saydana»da 65 ta shoirdan 141 ta she’riy parcha beriladi.
Beruniyning qadimgi arab poeziyasiga katta e’tibor berishi tasodifiy emas. CHunki arablar qadimda yozuv madaniyatiga ega bo’lmay turib biror voqeani esda oson saqlab qolish uchun she’rga solganlar. Natijada she’r kishiga estetik zavq bag’ishlovchi vositagina bo’lib qolmay, axborotni avloddan avlodga yetkazuvchi, bilimlarni o’zida to’plovchi vazifasini ham bajargan. SHu bois dorivor moddalarning xususiyatlarini ham she’rga solganlar. Natijada she’riyat xalqning bilimlar to’plamiga aylangan.
«Saydana» asarida muallif yoshligidan dunyoning turli mintaqalarida o’zi bevosita ko’rgan va yozib olgan dorivor moddalarni berish bilangina cheklanmaydi. Balki o’zigacha bo’lgan barcha olimlarning ilmiy merosini sinchiklab o’rganib, ulardan samarali foydalanadi. So’z borayotgan modda haqidagi ularning fikrlarini keltirib o’tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |