21-rasm.
Tutashgan (a) va tutashmagan (v) ko’zlar.
Ko’zlarni yog’ochning qandayligiga va tana yog’ochiga qanchalik tutashib o’sganligiga qarab quyidagi asosiy turlarga bo’lish mumkin: tutashgan ko’z, chala tutashgan ko’z va tutashmagan ko’z (21-rasm).
3. Yog’ochning chirishi
Yog’och moddasida zamburug’lar ko’payishi natijasida yog’ochning
biologik o’zgarishi chirish deb ataladi.
Yog’ochni chirituvchi zamburug’lar yog’ochning asosiy tarkibiy qismini, ya’ni
sellyulozani glyukozaga aylantiradigan maxsus fermentlar ishlab chiqaradi. Glyukoza suvda oson eriydigan modda bo’lib, zamburug’larning oziqlanishi va
yanada ko’payishiga yordam beradi. Zamburug’lar bilan zararlangan yog’ochning og’irligi kamayadi; yog’och bo’yiga va ko’ndalangiga darz ketadi, pirovardida yemiriladi.
Zamburug’lar kislorod (nafas olish uchun), nam va maqbul temperatura bo’lganidagina rivojlanadi. Namlik darajasi 200dan kam bo’lgan yog’och chirimaydi.
Suvga botib turgan yog’och ustun qoziq ham uzoq vaqtgacha chirimasligi mumkin, chunki suvda havo bo’lmaganligidan zamburug’lar rivojlana olmaydi. Zamburug’lar qattiq sovuqda ham ko’paymaydi, chunki ularning yashashi uchun temperatura noldan yuqori bo’lishi lozim.
Ba’zi zamburug’lar faqat o’sib turgan daraxtda, boshqalari esa faqat kesilgan daraxtda rivojlanadi; o’sib turgan daraxtda ham, kesilgan daraxtda ham ko’paya oladigan zamburug’lar bo’ladi (22-rasm).
Ko’pincha, zamburug’larning o’sib turgan daraxtda boshlangan yemiruvchi faoliyati kesilgan daraxt va qurigan yog’ochda ham davom etadi. Zamburug’ ko’paygan sari, yog’ochning rangi o’zgaradi. Keyin u po’k bo’lib qoladi, darz ketadi; darz ketgan joylarida zamburug’ ildizi xujayralari ko’payadi, hujayralar
ta’sirida yog’och yemiriladi. Shunday zamburug’lar tushgan yog’ochdan qurilish konstruksiyalari tayyorlansa, bu konstruksiyalar, ayniqsa, ularning ko’proq namlangan joylari yemiriladi.
Kesilgan daraxtda rivojlanayotgan zamburug’lar yog’ochni ancha sekin chiritadi, ular o’zlarining dastlabki rivojlanish davrida yog’ochning tabiiy rangini o’zgartiradi. Zamburug’larning bu gruppasiga birja zamburug’i, mog’or, rang
o’zgarishi, ko’klik kasalligi kiradi.
Kesilgan yog’ochda, imorat va inshootlar yog’ochida vujudga kelib ko’payadigan zamburug’lar uy zamburug’i deb ataladi. Bu zamburug’lar yog’ochni juda qisqa muddatda (bir necha oydayoq) butunlay ishdan chiqarganligi uchun nihoyat darajada xavfli hisoblanadi. Ko’pincha, yog’och konstruksiyalarda va yog’och materiallarda haqiqiy uy zamburug’i (yog’ochlarni ishdan chiqaruvchi zamburug’lar ichida eng xavflisi), oq uy zamburug’i va pardasimon uy zamburug’i
uchraydi.
Yog’och quriganida chirishdan to’xtaydi. Yog’och materiallar kamerada 60° dan yuqori temperaturada quritilganida zamburug’lar halok bo’ladi, shu tufayli chirish
prosessi to’xtaydi.
Qurt tushish deganda, hasharotlarning yog’ochni shikastlashi, nazarda tutiladi. Qurt tushgan joyda chuqurligi turlicha bo’lgan dumaloq yoki cho’zinchoq
teshiklar paydo bo’ladi. Yog’och sortining ko’p yoki kam pasayishi hasharotlarning yog’ochni shikastlash darajasiga bog’liq.
Hasharotlar, ko’pincha, yangi kesilgan yog’ochlarni, ildizida qurib qolgan va zaiflashgan daraxtlarni shikastlaydi.
Po’stloqxo’r va uzunburun deb ataluvchi qo’ng’izlar o’sib turgan daraxtlarga katta zarar yetkazadi (23-rasm).
23-rasm.
Po’stloqxo’r va uzunburun qo’ng’izlar.
Yog’ochning po’stloqxo’r qo’ng’izlar va ularning niqobdorlari shikastlagan joyida qurt yegan ilon izisimon egatchalar paydo bo’ladi. Bu egatchalar chuqur bo’lmaydi, shu sababdan ham materialning sifatiga ortiqcha ta’sir qilmaydi (24- rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |