Qadimgi dunyo va ilk o‘rta asrlar
Kutubxonachilik ishi va bibliografiya taraqqiyoti tarixida kutubxona- bibliografiya klassifikatsiyasi sxemalarini ishlab chiqish katta o‗rin tutadi. Juda qadim zamonlardayoq o‗sha vaqtdagi mavjud kutubxonalarda qo‗lyozmalarni ularning mazmuniga ko‗ra bir qadar sistemalashtirilgan, qo‗lyozmalar ro‗yxatlari tuzilgan, bu ro‗yxatlar katalog vazifasini o‗tagan edi. Afsuski, kataloglarning asl nusxalari saqlanib qolmagan va ularning tuzilishi haqida o‗sha davr adabiy manbalarida mavjud bo‗lgan fikrlarga qarabgina muhokama yuritish mumkin. Bu manbalardan, masalan, ilgari eslatib o‗tilgan mashhur Aleksandriya kutubxonasining katalogi haqida ma‘lumotlar borligi ma‘lum bo‗ldi. Bu katalogni yunon olimi Kallimax (eramizdan avvalgi III asr) tuzgan.
Kutubxonada saqlangan qo‗lyozmalarning ancha qismi (90 000 ga yaqin) batafsil ro‗yxatga olingan hamda epos, lirika, tarix, falsafa va boshqa bo‗limlar bo‗yicha sistemaga solingan edi. Har bir bo‗lim qo‗lyozmaning mazmuniga muvofiq, tuzilgan bo‗linmalarga ham ega bo‗lgan. Qadimgi Rim kutubxonalarida eramizning dastlabki asrlarida qo‗lyozmalarning tasvirlari mazmuniga muvofiq ravishda gruppalarga ajratilgan kataloglar bo‗lganligi ham ma‘lum.
Qadimgi dunyo kutubxonalarida foydalanilgan kutubxona klassifikatsiya sxemalari to‗g‗risida aniq ma‘lumotlarning yo‗qligi mazkur sxemalarning ilmiy darajasi haqida fikr yuritishga imkon bermaydi. Biroq, antik davrda ilmiy bilimlarning shundan keyingi taraqqiyotiga katta ta‘sir ko‗rsatgan fanlarni klassifikatsiyalash tizimining ishlab chiqilishi (qadimgi zamonda Platon, Aristotel va boshqa faylasuflar tuzgan sistemalar) o‗sha vaqtlardagi kutubxona klassifikatsiyalari ham antik davrdagi fanning yuqori darajasini aks ettirgan, deb taxmin qilishga imkon beradi. Bu taxmin haqiqatga ancha yaqin, chunki Gretsiya va Rim kutubxonalari ilmiy tafakkur markazlaridan bo‗lgan bu kutubxonalarda yirik olimlar, faylasuflar, shoirlar faoliyat yuritganlar.
Ilk o‗rta asrlar davrida cherkov hukmronligi fan va madaniyatni inqirozga olib borgan bir vaqtda monastirlar va soborlar huzurida ishlab turgan kutubxonalar bekiq holda bo‗lib, kishilarning juda cheklangan doirasigina ulardan bahramand bo‗lar edi. Bu kutubxonalar fondlarining asosini ilohiyotga oid kitoblar, «cherkov otaxonlari»ning ijodlari tashkil etar edi. Bu kutubxonalarda qadimgi dunyo mutafakkirlarining saqlanib qolgan asarlari va o‗sha vaqtlardagi maktablarda o‗qitiladigan fanlarga doir dunyoviy xarakterdagi kitoblar nihoyatda oz edi. Kitoblar javonlarda yirik bo‗limlar bo‗yicha uncha detallashtirmasdan guruhlarga ajratilar, kataloglar esa, kitoblarning tokchalardagi o‗rni ko‗rsatnlgan javon ro‗yxatlaridangina iborat bo‗lar edi.
O‗sha davrdagi kutubxona klassifikatsiyasi sxemalariga o‗rta asrlarda rasm bo‗lib, maktab ta‘limiga asos qilib olingan «etti erkin san‘at» sistemasi bir qadar ta‘sir ko‗rsatgan edi. Bu sistema fanlarning ikki kompleksini:
«trivium» (uch fandan iborat kompleks) va «kvadrivium» (to‗rt fandan iborat kompleks) ni o‗z ichiga oladi. Birinchi kompleksga grammatika, dialektika va ritorika, ikkinchi kompleksga — arifmetika, geometriya, muzika va astronomiya kirar edi. Bu fanlarning mazmunini o‗sha davrdagi o‗qimishli kishi uchun zarur deb hisoblanadigan oddiy amaliy bilimlar tashkil qilardi. Masalan, gramatika, asosan katoliklar cherkovining rasmiy tili bo‗lgan lotin tilini o‗rgatish bilan tugar, dialektika deganda ilohiyot mavzularida uzoq sxolastik bahs olib borish mahorati tushunilar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |