1.4. Soliq elementlari va soliqqa tortish tamoyillari.
Soliqqa tortish tizimining asosiy bo`g’ini hisoblangan soliq elementlari soliq solishda ifodalanadigan tushunchalar bo`lib, ular soliq to`lovchilar va davlat byudjeti o`rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo`ladi.
Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to`liq va teranroq ifoda etish uchun iqtisodiy voqeliklarning har bir kichik guruhlari muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushuncha hisoblanadi. Soliq elementlari tushunchasi soliq solish tizimining muhim tarkibiy qismi bo`lib, uning o`zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya`ni soliq elementlari xam bir necha iqtisodiy kategoriyalarning yaxlit holdagi harakatini bildiradi.
2020 yil yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 69-moddasida soliqlarning elementlari belgilangan.
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliqning barcha elementlari aniqlab qo‘yilgan taqdirdagina ushbu soliq belgilangan deb hisoblanadi.
Bunday soliq elementlariga quyidagilar kiradi:
1) soliq solish ob’yekti;
2) soliq bazasi;
3) soliq stavkasi;
4) soliq davri;
5) soliqni hisoblab chiqarish tartibi;
6) soliq hisobotini taqdim etish tartibi;
7) soliqni to‘lash tartibi.
Soliqni belgilashda soliq imtiyozlari va ularning qo‘llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq solish ob`yekti— soliqto`lovchining soliq hisoblanadigan va soliqsolish uchun asos bo`lib xizmat qiladigan daromadi, oboroti va mol-mulki tushuniladi. Soliqsolish ob`yektiga foyda yoki daromad, muayyan tovarlar qiymati, yer maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliqsolish ob`yekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma`naviy boyliklarning ayrimlariga Qonun yo`li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliqsub`yektlarining huquqlariga soliqsolishni ifodalaydi. Binobarin, moddiy yoki ma`naviy boyliklarga mulkiy hukuqqa ega bo`lgandagina soliqsolish ob`yekti yuzaga keladi.
Soliq solinadigan baza – soliq solish ob`yektining soliq stavkasi qo`llaniladigan miqdori. Hisoblanadigan soliq mikdori nafaqat soliq stavkalarining mikdoriga, shu bilan birgalikda soliqstavkasi qo`llaniladigan ob`yektning miqdoriga ham bog’liq. Soliqsolinadigan bazaning miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo`lgan soliqsolish ob`yektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog’liq ravishda o`zgarib turishi mumkin. Soliqsolish bazasini soliqto`lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliqimtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi.
Soliq stavkasi - Soliq stavkasi soliq bazasining o‘lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan soliqning foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorini ifodalaydi.
Soliq stavkalari Kodeks bilan belgilanadi.
Aksiz solig‘i,yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qat’iy belgilangan summada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi Qonuni bilan belgilanadi. Aksiz solig‘ining stavkalari, mahsulot narxi dinamikasidan va realizatsiya qilish hajmidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Soliq davri deganda tugagandan keyin soliq bazasi aniqlanadigan hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi hisoblab chiqariladigan kalendar yil yoki boshqa davr tushuniladi.
Soliq davri bir necha hisobot davrlaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Kalendar yil soliq davri hisoblanadigan soliqlarga nisbatan ushbu qismning qoidalari mazkur moddaning to‘rtinchi – o‘ninchi qismlarida nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi.
Soliqni hisoblab chiqarish tartibi. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi soliq davri uchun soliq solinadigan bazadan, stavkadan, shuningdek soliq imtiyozlaridan kelib chiqib, soliq summasini hisoblash qoidalarini belgilaydi.
Soliqlarni to`lash muddatlari va tartibi. Soliq qonunchiligida har bir soliq turini byudjetga to’lash muddati belgilangan. Soliqni to’lash muddatlari deganda soliq to`lovchilarning davlat byudjeti oldida soliq majburiyatlarini bajarish muddati ifodalanadi. Soliqni to`lash muddatlari o`z mohiyatiga ko`ra ikki xil ko`rinishga ega: joriy avans (bo`nak) to`lovlari va xaqiqiy daromad olingandan keyingi to`lovlar.
Soliqni to`lash tartibi esa soliqning yo`naltirilganligi (byudjetga yoki byudjetdan tashqari fondlarga), soliqni to`lash vositasi (milliy valyuta — so`mda yoki boshqa mamlakatlar milliy valyutasida.
O`zbekiston Respublikasi Soliq qonunchiligiga muvofiq soliqlar faqat milliy valyuta — so`mda to`lanishi mumkin) hamda soliqni to`lash shakllarida (naqd pul yoki naqd pulsiz) ifodalanadi.
Soliq elementlari yana qo’shimcha bir nechta tushunchalardan iboratdir.
Ular quyidagilar: Soliq sub`yekti— soliq to`lash majburiyati yuklangan yuridik va jismoniy shaxslar yoki soliqqa oid munosabatlarni tashkil etuvchi tomonlarning o`zaro majmuasi bo`lib, unda bir tomondan soliq to`lovchilar, boshqa tomondan soliqni undirish vakolati yuklangan soliq xizmati organlari qatnashadi. Soliq agentlari —Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq to‘lovchidan ushlab qolish va byudjet tizimiga o‘tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar.
Soliq solish predmeti — soliq solinadigan daromad, oborot, mol-mulk va boshqalarga bo`lgan huquq emas, balki ularning o`zidir, ya`ni soliq solish ob`yekti bo`lib biror- bir soliq predmetiga bo`lgan huquq tushunilsa, predmet bo`lib ana shu egalik qilinadigan daromad, yer uchastkasi, imorat va boshqalarning o`zi tushuniladi. Soliq solish ob`yekti yoki soliq solish predmeti, unga kim egalik qilish huquqiga ega bo`lsa, unda soliqni to`lash majburiyati, ya`ni soliq sub`yektini namoyon qiladi. Demak aytishimiz mumkinki, soliq solish predmetiga egalik qilish huquqi soliq ob`yektini vujudga keltirsa, o`z navbatida ushbu predmetga kimning egalik qilishi soliq sub`yektini yoki soliq to`lovchini namoyon etadi.
Soliq manbai — bu soliq to`lovchi to`laydigan soliqlar manbai, ya`ni daromadi. Soliqsolish ob`yekti va soliqmanbaini bir-biridan farqlash lozim bo`ladi. Ayrim soliqturlari, masalan, foydaga, yalpi daromadga, jismoniy shaxslarning daromadiga soliqlar bo`yicha soliqsolish ob`yekti ham, soliqmanbai ham bir xil bo`ladi, ya`ni nima ob`yekt bo`lsa, uning o`zi manba hisoblanadi.
Soliq solish birligi - bu ob`yektning o`lchov birligi, masalan, daromad yoki mol-mulk solig’ida ob`yektning o`lchov birligi sifatida uning so`mdagi bahosi ifodalansa, yer solig’ida o`lchov birligi bo`lib kv.m yoki gektar hisoblanadi.
Soliq yuki - soliq to`lovchi muayyan vaqt oralig’idagi faoliyati natijasida to`lagan soliqlarining yig’indisini ifodalaydi. Bunda soliq to`lovchilar to`laydigan barcha soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning yig’indisi ifodalanadi. Soliq yukining aniq soliqto`lovchilar zimmasiga qancha to`g’ri kelganligini aniqlash ancha murakkab jarayon hisoblanadi.
Soliq imtiyozlari - soliq to`lovchilarga soliqlar bo`yicha turli xil yengilliklar bo`lib, ular vaqtinchalik va doimiy, to`liq yoki qisman va boshqa ko`rinishlarda berilishi mumkin. Soliq imtiyozlarining turlari, amal qilish mexanizmlari, mezonlari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
2020 yil yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 7-moddasida Soliq solish prinsiplari berilgan: Soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
Soliq yukini iqtisodiyotdagi tarkibiy o`zgarishlarni e`tiborga olgan holda kamaytirib borish o`z samarasini berdi. Milliy bozorni mahalliy tovarlar (xizmat, ish)lar bilan to`ldirayotgan, eksportga mahsulot chiqarayotgan, ichki va tashqi investitsiyalarni ishlab chiqarishga jalb qilayotgan, shuningdek, kichik biznes sub`yektlari shaklidagi soliq to`lovchilarga soliq imtiyozlarining kengaytirilishiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulot va davlat byudjetining daromadlar hajmida yil sayin o`sish ta`minlanmoqda. Soliq yukining kamayishi nafaqat umumiy hajmda, shuningdek, uning tarkibi bo`yicha ham sezilarli ravishda ko`zga tashlanmoqda.
Respublikamizda kichik biznes sub`yektlari faoliyatini rivojlantirish maqsadida turli xil moliyaviy vositalar orqali bu sohani qo`llab-quvvatlash ustuvor yo`nalish sifatida amal qilib kelmoqda. Kichik biznes sub`yektlari faoliyatini rag’batlantirishda soliq tizimidan foydalanish o`z samarasini bermoqda.
Oxirgi yillarda kichik biznes sub`yektlari uchun yagona soliq to`lovi stavkasi yil sayin kamayib borishi kuzatilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 24 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining 2011 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to`g’risida”gi PQ-1449-sonli qaroriga muvofiq, 2011 yilda iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi korxonalar, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovining amaldagi 7 foizli stavkasi 1 foizga kamaytirilib, 6 foiz qilib belgilandi, buning natijasida kichik biznes sub`yektlari ixtiyoriga davlat byudjetiga to`lashi lozim bo`lgan 80 milliard 300 million so`mlik mablag’ ularning moliyaviy imkoniyatlarini kuchaytirish uchun qoldirildi, provardida esa ularda ishlab chiqarish hajmi o`sgan holda, yangi ish o`rinlarini yaratishda ushbu sub`yektlarning ulushi oshishi ta`minlandi.
2012 yilda ham kichik biznes sub`yektlari uchun soliq yuki darajasi kamaytirildi, ya`ni yagona soliq to`lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga tushirildi va hozir 2019 yilda bu stavka 4 foiz qilib belgilandi.2020 yilda ham bu stavka qoldirildi.
O`tgan yillar davomida malakatimizda soliq yukini yengillashtirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish bo`yicha kichik biznes sub`yektlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida bir qator qo`shimcha soliq va bojxona imtiyozlari berildi.
Jumladan, mamlakatimizdagi yengil va oziq-ovqat sanoatining iste`mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalari, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturida ishtirok etayotgan korxonalar uchun keng ko`lamli qo`shimcha soliq va bojxona imtiyozlari berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |