1-mavzu: Tabiatshunoslikni o`qitish mеtodlari. O’qitishning ko’rgazmali metodlari. Amaliy metodlar turlari va tavsifi .
Reja:
Tabiatshunoslikni o’qitish amaliyotida turli xil o’qitish metodlari.
Hikoya. Suxbat.
Tasviriy ko’rgazmali qurollarni ko’rsatish asosidagi suhbat.
Ko’rgazmalilikning tasviriy vositalari.
Tabiiy jismlar bilan ishlash metodikasi.
Kuzatish.
Tajriba uslubi.
Tajriba tabiatshunoslikni o 'qitishning amaliy metodidir.
Amaliy uslublar.
Sinfda amaliy mashg’ulotlar.
Ekskursiyalarda amaliy ishlar.
Tabiatshunoslikni o’qitish amaliyotida turli xil o’qitish metodlari qaror topgan.
Pedagogikada o’qitish deganda, o’qituvchi va o’quvchilarning birgalikdagi faoliyatlari, ish usullarining tushunish qabul qilingan. Bu faoliyat yordamida o’qituvchi bilim beradi, o’quvchilar bo’lsa bilim doiralarini kengaytiradilar, ularning bilish qobiliyatlarini rivojlantiruvchi, dunyoqarashini shakllantiruvchi malakalar vujudga keladi.
Ta'lim-tarbiya jarayoni o’qituvchining o’rgatuvchilik faoliyati bilan o’quvchilarning o’qish faoliyatining uyg’unlashishidir. O’qitish metodi deganda o’qituvchi va o’quvchilarning o’zaro bog’langan faoliyati tushuniladi, bu jarayonda o’quvchilar tomonidan bilim, uquv va ko’nikmalar o’zlashtiriladi, ularning idrok qilish qobiliyatlari rivojlanadi, dunyoqarashi shakllanadi. o’qitish metodlari to’g’risidagi masala - tabiatshunoslikni o’qitish metodikasidagi eng muhim masalalardan biridir: u tabiatshunoslik tasavvurlari hamda tushunchalarini to’g’ri shakllantirish, sifatli ta'lim va tarbiya natijalariga erishish uchun qanday o'qitish kerak degan savolga javob berishga imkon beradi. Tabiatshunoslikni o’qitish metodlari uchta asosiy guruhga bo’linadi:
Og’zaki metodlar - o’qituvchining materialni og’zaki bayon qilishi, suhbat, kitob bilan ishlash;
Ko’rgazmali metodlar - namoyish qilish - (ko’rsatish), mustaqil kuzatishlar, ekskursiyalar;
Amaliy metodlar - og’zaki va yozma mashqlar, grafik (chizma) va amaliy mashg’ulot ishlari.
O’qitish metodlarini metodik uslublar bilan adashtirmaslik kerak. Metodik uslub faqat metodning unsurlaridan biri, uning tarkibiy qismidir (ko’rgazmali qurollarni, kinofilmlardan fragmentlarni, diafilm, diapozitivlarni ko’rsatish, doskadagi sxe-malardan, rasmlardan foydalanish, tajribalarni namoyish qilish, geografiya maydonchasi, maktaboldi maydonidagi amaliy ishlar vaqtida u yoki bu boshqa faoliyatni ko’rsatish va hokazolar).
Metod va metodik uslublar o’zaro chambarchas bog’liqdir. Ularning didaktik birligi shundan iboratki, ular bir-biriga o’tishi mumkin. Masalan, o’quvchilar bajaradigan tajribalar o’qitish metodi hisoblanadi, tajribani o’qituvchi tomonidan hikoya vaqtida namoyish qilinishi metodik uslubdir. Hikoya davomida o’qituvchi tomonidan diafilm namoyish qilinishi metodik uslub hisoblanib, o’quv filmlarini ko’rish o’qitish metodi ham bo’lishi mumkin. Metod va uslublardan kompleks holda foydalaniladi, ular bir-birlarini to’ldiradi, o’rganilayotgan tabiat jismlari va hodisalarini bolalar tomonidan qabul qilib olinishini yaxshilashga, tabiatshunoslik kursida tushunchalarni to’g’ri shakllanishiga xizmat qiladi.
Har bir metod turi kichik uslublardan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |