8-mavzu: Mulkiy sug‘urta
REJA:
1. Mol mulk sug‘urtasi tushunchasining iqtisodiy moxiyati va mazmuni
2. Mulkiy sug‘urta turlari
3. Mulkiy sug‘urtada zararlarni aniqlash
4. Sug‘urta hodisasi yuz berganda tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish
1.Mol mulk sug‘urtasi tushunchasining iqtisodiy mohiyati va mazmuni
Bozor iqtisodiyoti tizimi rivojlanib borar ekan jamiyat faoliyatining barcha sohalari ko‘rsatkichlariga, ayniqsa, iqtisodiy munosabatlarda iqtisodiyotning muhim elementlardan biri sug‘urtaga ehtiyoj oshib boradi. Sug‘urta fuqarolar, tashkilotlar va davlatning mulkiy manfaatlarini har xil tabiiy, texnik hamda turli xildagi tavakkalchiliklardan himoya qilishini byudjetdan mablag‘ talab qilmay ta’minlaydigan mexanizmdir.
Tabiiy ofatlar, avariyalar va boshqa favqulotda ro‘y beradigan hodisalar inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda yuz beradi. Ilmiy nuqtai-nazardan qaraganda, har bir mulk egasi o‘z mol-mulkini qisman zararlanishi yoki butunlay yo‘qotilishi oqibatida ko‘riladigan zararlarni qoplanishidan manfaatdor ekanligini ko‘rish mumkin.
Qadim zamonlardan fuqarolar o‘rtasida ko‘rilgan zararni qoplash maqsadida mulk egalariga tegishli mol-mulklarni birlashtirish va zararni birlashma a’zolari o‘rtasida bo‘lish fikri tug‘ilgan. Ushbu birlashma qatnashchilari qanchalik ko‘p bo‘lsa, zarar ko‘rgan tomonga to‘lanishi kerak bo‘lgan qoplama uchun ajratiladigan mablag‘ ulushi shuncha kam bo‘lgan.
Tarixdan ma’lumki, agarda har bir mulk egasi ehtimoli mavjud bo‘lgan zararni qoplash maqsadida zahirada uning aylanma mablag‘lariga teng miqdorda moddiy boyliklarni ushlab turishga majbur bo‘lganlar. Shu sababli xayrihoh shaxslarni zararni birgalikda qoplash maqsadida birlashmaga birlashtirish g‘oyasi yuzaga kelgan.
Mulkiy sug‘urta har qanday turdagi mulkdorlarning (fuqarolar, korxonalar, davlat) mulkning yo‘qotilishi yoki unga ziyon etkazilishi xatarlariga doir manfaatlari himoyasini ta’minlaydi. O‘ZR ning FK ga muvofiq mulkiy sug‘urtaga boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar etkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik, shuningdek tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi kiradi.
Mol-mulk – mulkdor yoki uning ishonchli vakili egalik qilayotgan, foydalanayotgan, tasarruf etayotgan moddiy ob’ektlar yoki ashyolardir. Shaxsning yoki tashkilotning mol-mulki o‘z ichiga erni, binolarni, jihozlarni, bank hisobvaraqlarini, kiyim-kechaklarni, sanoat aksiyalarini, muzlatgich ichidagi narsalarni, yozilgan asarga nisbatan mualliflik huquqlarini, avtomobillarni, ixtiro patentlarini va boshqa minglab boshqa narsalarni olishi mumkin. Mulkdor o‘z egaligidagi ana shu mol-mulklar olishi mumkin bo‘lgan daromadni yo‘qotish xavfi sug‘urta qilinishi mumkin. O‘ZR FK ning 128-moddasida sanab o‘tilgan mulkiy huquqlar va fuqarolik huquqlarining boshqa ob’ektlari ham sug‘urta himoyasi bilan ta’minlanishi mumkin.
Mol-mulk uning asralishidan qonun hujjatlariga yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega bo‘lgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga sug‘urtalanishi mumkin. Sug‘urtalangan mol-mulkning asralishidan manfaatdorlik bo‘lmagan holda tuzilgan mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi haqiqiy emas.
Mol-mulk sug‘urtasi – sug‘urta shartnomalarini tuzish va ijro etish jarayoni bo‘lib, unga muvofiq sug‘urtalovchi shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urta qildiruvchiga yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga sug‘urtalangan mulkka etkazilgan zararni yoxud sug‘urtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni to‘lash majburiyatini oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |