Guruhiy me’yorlarni ishlab chiqish.
Guruhiy me’yorlarni ishlab chiqish bosqichi. Trening jarayonida albatta o’tkazilishi kerak bo’lgan birinchi bosqich — guruhiy me’yorlarni ishlab chiqish bosqichidir. Guruhiy me’yorlarni ishlab chiqish jarayonida ishtirokchilar bilan bu me’yorlarga albatta rioya qilish kerakligi to’g’risida kelishish va har bir a’zoning roziligini olish kerak. Bu qoidalarga rioya etish treningning maqsadiga erishish va qulay psixologik iqlimning yaratilishida katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Trening jarayonida guruhda ishlarni tashkil qilishga doir me’yorlar (tamoyillar) quyidagilardan iborat bo’lishi mumkin:
* “Intizomga qat’iy rioya qilish”. Bunda har bir guruh a’zosi mashg’ulotga o’z vaqtida kelishi, o’z vaqtida ketishi kerakligi zarurligini his etishi lozim va bunga qat’iy amal qilishi kerak. CHunki mashg’ulotga kechikib kelishi ba’zi bir ishtirokchilarning jahlini chiqarishi, g’ashiga tegishi, mashg’ulotlarning to’xtab qolishi va noroziliklarga olib kelishi mumkin.
* “Maxfiylik”. Seminarda bayon etilgan kimningdir, aniqrog’i biror-bir guruh a’zosining hayotiga oid hissiyot, fikr, axborotlar trening doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
* “SHu yyerda va hozir”. Guruhdagi muomala – munosabat mashg’ulot jarayoniga bevosita aloqador, ya’ni hozirgi zamonga bog’liq bo’lishi zarur. Hattoki ishtirokchilardan birortasi o’tgan zamondagi voqeani hikoya qilayotganda ham, uning shu yyerda va ayni paytda nimani his qilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi. SHuningdek, har bir ishtirokchi barcha muammolarini unutib, o’zini faqat «shu yyerda va hozir» holatida his qilishi lozim.
* “Fikrni birinchi shaxs tomonidan bayon etish”. Bunda doimo mulohazalar «Menimcha...», «Mening fikrimcha...», «Mening o’ylashimcha...» qabilida bayon etilishi maqsadga muvofiqligi uqtirilishi kerak. Bir-birini iloji boricha ismi bilan chaqirish. Bu ishtirokchilarning o’zaro teng munosabatlarini ta’minlaydi.
* “Yagona mikrofon” me’yori. Bir ishtirokchi so’zlayotganda, boshqalar unga diqqat bilan quloq solishi va gapini bo’lmasligi, bir-birining shaxsini hurmat qilishlari lozim. Kimdir gapirayotganida boshqa birovning unga quloq solmasligi so’zlovchining shaxsiyatiga tegishi va u keyingi bahslarda o’z munosabatini bildirishdan bosh tortishiga olib kelishi mumkin. Bu esa trening samarasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi ehtimolini keltirib chiqaradi.
* “Seminarning boshidan oxirigacha qatnashish”. Bu ishtirokchilarda mas’uliyatni vujudga keltirish uchun zarur bo’lgan tamoyildir.
* “Ixtiyoriylik”. Seminarda o’z mulohazalarini bayon qilish, munozaralarda, o’yin va mashqlarda ishtirok etishda ixtiyoriylikni joriy qilishi mumkin.
* “Vaqtni tejash – sarishtalik”. Guruh ishtirokchilari trening mashg’uloti davomida gaplarini imkon qadar qisqa, lo’nda ifodalashi, mavzu doirasidan chetga chiqib ketmasligi lozim.
* “SHaxsni baholamaslik”. Har bir ishtirokchi o’z fikr mulohazalarini, hissiyotlarini bayon qilishi mumkin, biroq bunda boshlovchi va qolgan ishtirokchilar hikoyadagi vaziyatnigina muhokama qilishlari kerak va so’zlovchining o’sha paytdagi xulq-atvori, xatti-harakatini baholashdan qochishlari kerak. M-n, «o’sha paytda siz jahlga berilmasligingiz yoki bunday demasligingiz kerak edi» kabi. Buning o’rniga bunaqa vaziyatda men bunday qilardim yoki deyardim kabi variantlarda so’zlashish yoki fikrini bildirish so’raladi.
* “Ishtirokchilar bir-birlariga do’stona munosabatda bo’lish” bir-birlarining hissiyotlarini hurmat qilishlari kerak. (masalan, ketishi kerak bo’lib qolsa albatta boshlovchini ogohlantirishi va aksincha).
Bundan tashqari trener tomonidan quyidagilar alohida ta’kidlab o’tilishi shart:
birovning fikrini umuman noto’g’ri deb hiisoblagan yoki unga qo’shilmagan taqdirda ham uni to’xtatib qo’yish yoki ustidan kulishga hech kimning hakki yo’q;
ishtirokchilar bir-birini masharalashi yoki g’ururiga tegadigan gaplar aytishi mumkin emas;
ishtirokchilar ham, boshlovchi ham, agar savol uning shaxsiy hayotiga tegishli bo’lsa, javob bermaslik huquqiga ega;
boshlovchiga savollar va fikrlar anonim tarzda berilish imkoniyati yaratilishi shart. Lekin bu haddan tashqari chegaradan chiqish imkonini bermasligi, ya’ni boshlovchining shaxsiyatiga tegish kabilarga yo’l qo’yilmasligi ta’minlanishi kerak.
Me’yorlarni mashg’ulot o’tkazishdan avvalroq katta qog’ozga yozib, xonaga osib qo’yish yoki guruh a’zolari bilan birgalikda “Aqliy xujum” usuli orqali aniqlashtirib olish maqsadga muvofiq.
Bu birinchi guruhiy kelishuv hisoblanadi. Bunda shu narsa muhimki, har bir kishining fikrini albatta eshitish, nima uchun bu tamoyilga hayrixohligi yoki noroziligini izohlashini so’rash lozim. Tamoyillarni tasdiqlashni ovozga qo’yish kerakmas. Agar kimdir guruhning fikriga norozi bo’ladigan bo’lsa, uni ko’ndirishga harakat qilish yoki guruh boshqa qarorga kelishi lozim bo’ladi. CHunki uning fikrini inobatga olmaslik — guruhdagi psixologik iqlimga salbiy ta’sir etishi aniq. Ya’ni fikri inobatga olinmagan ishtirokchida norozilik holati paydo bo’ladi va bu uning treningdagi butun ishtiroki davomida minus holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari unda ruhiy tushkunlik, o’z-o’zini baholashning pasayishi va h.zolar ham paydo bo’lish ehtimolini tug’diradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |