7. Proyektiv metodlar
Proyektiv metodlar. Bu usullar test usullarining bir ko’rinishi bo`lib, unda tekshiriluvchiga aniq tizim yoki ko’rinishga ega bo`lmagan, noaniq narsalar tavsiya etiladi va ularni sharxlash topshirig’i beriladi. Ya`ni, tekshiriluvchiga turlicha talqin qilish mumkin bo`lgan rasmlar, tugatilmagan hikoyalar, biror aniq ko’rinishga ega bo`lmagan buyumlar, yog’ochlar berilishi mumkin, ularga qarab tekshiriluvchi o`zining hissiy dunyosi, qiziqishlari, dunyoqarashi nuqtai nazaridan baho berishi mumkin.
P royektiv usullarga mashxur "Rorshaxning siyoh dog’lari" testini kiritish mumkin (1921). Bu dog’lar ikki tomonlama simmetrik shaklda berilgan 10 xil dog’lardan iborat bo`lib, har bir dog’ har xil buyoqli fonda ko’rsatiladi. Tekshiriluvchidan har bir dog’ning nimani eslatayotganligini aytish so’raladi. Uning og’zidan chiqqan so`zlar, assotsiasiyalarga qarab (ularni kontent analiz qilib), shaxs xususiyatlari haqida xulosa qilinadi.
Yana bir proyektiv usul bu S.Rozentsveygning rasmli assotsiasiyalar usulidir. Bunda hayotda tez-tez uchrab turadigan ziddiyatli vaziyatlarni aks ettirgan rasmlar tekshiriluvchiga tavsiya qilinadi. Bu rasmlarda bir tomonda turgan personajlar nimalarnidir gapirayotgan holda gavdalantiriladi, unga qarshi tomondagi shaxs esa xali javob qaytarib ulgurmagan, tekshiruvchi tekshiriluvchidan tez, qisqa muddat ichida bo’sh kataklarda berilishi mumkin bo`lgan javobni yozishni so’raydi. Berilgan javoblarga qarab shaxsning yo`nalishi, uning ziddiyatlarga munosabati, agressiya, jaxolat hissining xususiyatlari, bu hisning kimlarga qaratilganligi va shunga o’xshash muhim faktlar to’planadi
"Tugatilmagan hikoyalar" ham guruhdagi va yakka shaxslarning qarashlari, ulardagi psixologik yo`nalishlarni o`rganishda ancha qo’l keladigan usuldir. Ularda shaxsning o`ziga, atrofdagilarga, jamoaga munosabatlari aniqlanadi. "Mening hayotiy intilishlarim...", "Mening kayfiyatimning buzilishiga sabab, odatda...." va shunga o’xshash hikoyalarning davomi yozilib, tugatilishi taklif etiladi.
Shunday qilib, Sotsial psixologiya hozirgi kunda juda ko`p metodlarga ega, biz tanishib chiqqan metodlar ularning asosiylari, bir qismi, xolos. Har bir tadqiqotchi o`z tadqiqot ob`yektining xususiyatlari, tadqiqot maqsadi va mazmuniga qarab kerakli uslubni tanlaydi. Shuning uchun ham metodlar to’plami bilan to’laligicha tanishish uchun maxsus adabiyotlar bilan ham tanishib chiqish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |