Unitar korxona. O`ziga biriktirib qo`yilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korxona hisoblanadi.
Unitar korxonaning mol-mulki bo`linmasdir va u qo`shilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo`yicha, shu jumladan korxona xodimlari o`rtasida ham, taqsimlanishi mumkin emas. Unitar korxonaning ustavida faoliyatining sohasi va maqsadlari to`g’risidagi, uni tashkil etish tartibi va manbalari to`g’risidagi ma`lumotlar bo`lishi kerak. Unitar korxonani boshqarish organi uning rahbari bo`lib, bu rahbar mulkdor tomonidan yoki mulkdor vakil qilgan organ tomonidan tayinlanadi hamda ularga hisob beradi.
Firma - korxona tushunchasidan kengroq tushunchadir, ya`ni u ma`lum nom bilan biznes olib boruvchi tashkilotdir. Firma - tovar ishlab chiqarish va barcha sohalarda xizmat ko`rsatish ishlarini bajarish uchun foyda olish maqsadida resurslarni jamlaydigan va undan foydalanadigan tadbirkorlik shaklidir. Ularning kengroq uchraydigan turlari: faktoring firmasi, lizing firmasi, injiring firmasi, konsalting firmasi, venchur firmalar va boshqalardir.
Faktoring firmasi - begona qarz majburiyatlarini-veksellarni sotib olish bilan shug’ullanadi.
Lizing firmasi- lizing to`lovlari bilan shug’ullanadi.
Injiniring korxona – muxandislik-maslahat xizmatlarni tijoratchilik qoidalariga asoslangan holda amalga oshiradi.
Bunday korxona (firma):
- ishlab chiqarishni ta`minlash;
- mahsulot sotishni uyushtirish;
- ishlab chiqarish ob`ektlarini qurib, ishga tushirish yuzasidan maslahat berish bilan shug’ullanadi.
Eksport injiniring firmalari boshqa mamlakatlarga xizmat ko`rsatadi, chet eldagi ilmiy g’oyalar va texnik ishlanmalarni xorijda joriy etadi, murakkab va ulkan loyihalarni amalga oshiradi. Injiniring bilan birga mashina va uskunalarni eksport qilib, etkazib beradi.
Konsalting – bu ishlab chiqarishga ish yuzasidan xizmat ko`rsatish sohasida ixtisoslashgan firmalarning o`z mijozlariga maslahat xizmati ko`rsatish va texnik loyihalarni ekspertiza qilish bilan bog’liq iqtisodiy faoliyatdir.
Konsalting firmalarining asosiy vazifalari quyidagilardir:
- tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun sheriklar tanlash;
- maslahatchilik tashkilotlarining taraqqiy topishiga va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko`maklashish;
- yagona axborot-so`rovnoma fondini yaratish va yagona reklama strategiyasi (yo`nalishi)ni amalga oshirish yo`li bilan ularning a`zolari faoliyatini umum maqsadlar yo`lida jamlash va hokazo.
Venchur korxonalar – bu kichik biznesning bir turi bo`lib, ular:
- ilmiy muhandislik ishlarini bajarish;
- yangi texnika, texnologiya, tovar namunalarini yaratish;
- ishlab chiqarishni boshqarish;
- tijorat ishini tashkil etish usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- yirik firmalar va davlat ijara kontrakti buyurtmalarini bajarish kabi ishlarni amalga oshiradilar.
Bu vazifalarni ular davlat va yirik firmalar buyurtmasiga binoan kontrakt-bitimlar asosida bajarishadi. Venchur korxonalar texnikaning yangi yo`nalishlarida faollik ko`rsatadi va bu bilan fan-texnika taraqqiyotiga o`z hissasini qo`shadi.
Iqtisodiyotimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri sanoat ishlab chiqarishini jahon iqtisodiyotida o`z o`rniga ega bo`lgan raqobatbardosh korxonalar tashkil qilish maqsadidagi tuzilmaviy qayta qurishdan iborat. Buning uchun integratsiya hamda turli tashkiliy-huquqiy shakldagi korxonalarni vaqtinchalik yoki doimiy ravishda kooperatsiya yoki kontsentratsiya asosida birlashtirish amalga oshiriladi.
Kooperatsiya jarayonida kontsern, konsortsium, xo`jalik asotsiatsiyasi kabi tashkiliy shakllar vaqtnchalik yoki doimiy ravishda tuzilishi mumkin. Ushbu tuzilmaviy birliklarining mohiyatini qisqacha ko`rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |