Pulning to`lov vositasi funksiyasi. Mavjud chet el iqtisodiy adabiyotlarida va keyinchalik,1 Rossiya olimlari tomonidan chop qilingan adabiyotlarda, pulning muomala vositasi funksiyasi uning to`lov vositasi ekanligidan dalolat beradi, degan kabi chalkash xulosalarni uchratish mumkin. Lekin biz yuqorida keltirilgan muomala vositasi funksiyasining xususiyatlari to`lov vositasi funksiyasiga ham mos keladi, deb ayta olmaymiz. Bu xususiyatlar pulning to`lov vositasi funksiyasi muomala vositasi funksiyasidan tubdan farq qilishini ko`rsatadi.
Tovarlar har doim ham naqd pulga sotilavermaydi. Tovar sotuvchi tovarni sotish uchun muomalaga olib chiqqan vaqtda tovarni sotib olish uchun iste`molchining etarli naqd puli bo`lmasligi mumkin. Natijada tovarni kreditga sotishga zarurat tug’iladi, ya`ni tovarning pulini to`lash muddati kechiktiriladi. Tovar kreditga sotilganda, pul tovarning bahosini aniqlashda qiymat o`lchovi funksiyasini bajaradi, lekin u muomala vositasi bo`la olmaydi. Iste`molchi sotib olgan tovari uchun uning pulini to`lov muddati kelgandan keyingina to`laydi. Bu holda tovar va pulning harakati bir traektoriyada, bir vaqtning o`zida, birbiriga qaramaqarshi tura olmaydi.
Tovar harakati amalga oshgandan ma`lum vaqt o`tgandan keyin pul harakati sodir bo`ladi. To`lov vositasi funksiyasining asosiy xususiyati tovar va pul harakatining bir vaqtda amalga oshmasligi, harakatning bir tomonlamaligi va harakatda bo`linishlar mavjudligidadir.
Pulning to`lov vositasi sifatida ishlatilishi nafaqat tovar kreditga sotilganda sodir bo`ladi, balki barcha jarayonlarda tovarlar yoki ko`rsatilgan xizmatlar uchun to`lovlar o`sha zahotiyoq naqd pulda amalga oshirilmasa, bunday iqtisodiy munosabatlar pulning to`lov vositasi funksiyasi yuzaga kelishidan dalolat beradi.
To`lov vositasida sotuvchi tovarning pulini olguncha tovar iste`molchi ixtiyoriga kelib tushadi va u o`z ehtiyojini qondirish uchun tovardan to`la foydalanishi mumkin.
Agar tovar uchun to`lov oldindan (avans) amalga oshiriladigan bo`lsa, tovar ma`lum vaqtdan keyin iste`molchi ixtiyoriga tushishi mumkin. Demak, ikkala holda ham tovar va pul harakati bir vaqtning o`zida amalga oshmaydi. CHunki tovar aylanishi (TPT) uziladi va pul harakati tovar harakatiga nisbiy ravishda mustaqil bo`ladi. Pulning bu harakati to`lov deb aytiladi va bu erda pul to`lov vositasi sifatida ishtirok qiladi. Pulning to`lov vositasi funksiyasi tovar ishlab chiqarish va muomala rivojlanishining yuqori bosqichlari mahsuli bo`lib, u pulning qiymat o`lchovi va muomala vositasi funksiyalaridan keyinroq yuzaga kelgan, deb xulosa qilish mumkin.
To`lov vositasi funksiyasining yana bir xususiyati shundaki, sotuvchi bilan iste`molchi o`rtasidagi munosabat muomala vositasidagi kabi qisqa muddatli bo`lib, tezda tugallanmaydi. To`lov vositasi funksiyasida iste`molchi tovarga ega bo`lganidan keyin ham, u bilan mol sotuvchi o`rtasidagi munosabat uzoq vaqt davom qiladi. Bu munosabat – kredit munosabati hisoblanadi va iste`molchi – qarzdor, sotuvchi kreditor sifatida ishtirok qiladi.
Ba`zi iqtisodchilarimiz veksel asosida o`tkaziladigan jarayonlarni ham muomala vositasi funksiyasiga kiritadilar. Bu, bizning fikrimizcha, to`g’ri emas. CHunki veksel – ma`lum mablag’ni to`lash to`g’risidagi kredit majburiyat, u qiymatga ega emas. Demak, ayirboshlashning ekvivalenti sifatida ishtirok qila olmaydi. A sotuvchi bir million so`mlik tovarni B iste`molchining vekseliga almashtirdi, deylik. B bir mln. so`mlik tovarga ega bo`ldi. A bo`lsa, o`z qiymatiga ega bo`lmagan, sotib olish qobiliyati emitent tomonidan belgilanadigan vekselga ega bo`ladi. Sotuvchi A, bir mln. so`mlik vekselni sotsagina, pul mablag’iga ega bo`lishi mumkin. SHunga asosan, biz veksel jarayonlarini muomala vositasiga kirishini to`liq ishonch bilan ta`kidlay olmaymiz. Bu jarayonlar ko`proq to`lov vositasi funksiyasiga taalluqlidir. Pulning to`lov vositasi funksiyasi yana turli qarz va majburiyatlarni to`laganda:
– korxona, tashkilotlar o`rtasida tovar va xizmatlar uchun to`laganda;
– davlat byudjetiga va kredit tizimiga to`lovlarni amalga oshirganda (foydadan to`lanadigan to`lovlar, kredit bo`yicha qarz va foizlarni to`lash va boshqalar);
– ishchi xizmatchilariga ish haqi to`lash va aholiga boshqa to`lovlarni to`lash (nafaqa, stipendiya va boshqalar)da;
– boshqa har xil qarz va majburiyatlarni to`lash (masalan, kredit uchun to`lov, uyjoy, elektroenergiya va boshqa xizmatlar uchun to`lovlar) da amalga oshiriladi.
Pulning to`lov vositasi funksiyasining yana bir xususiyati shundaki, bu funksiyada to`lovlar naqd pullik yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin. Bu xususiyati bilan ham pulning to`lov vositasi funksiyasi muomala vositasi funksiyasidan farq qiladi. Pulning bu funksiyasi yordamida amalga oshiriladigan naqd pullik va naqd pulsiz to`lovlar birgalikda to`lov aylanmasini vujudga keltiradi. Pulning to`lov vositasi funksiyasini biz ikkinchi darajali deb qarashimiz mumkin emas, chunki bu funksiyaning bajarilmasligi to`lovlarning o`z vaqtida amalga oshmasligiga, bu esa hozirgi kunda mavjud muammolar debitor kreditorlik qarzlarining ko`payishiga, kredit bo`yicha va boshqa moliyaviy majburiyatlarning bajarilmasligiga, xo`jalik jarayonlarining normal borishiga katta ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |