1-mavzu: «Pul va banklar» fanining predmeti va vazifalari. Pulning paydo bo`lishi, zarurligi va funksiyalari.
Reja:
«Pul va banklar» fanining predmeti va vazifalari. Fanning boshqa fanlar bilan uzviy bog’liqligi.
Tovar ishlab chiqarish va pulning zarurligi. Pulning mohiyati va uning xususiyatlari. Pul tovar qiymatining umumiy ekvivalenti.
3. Pulning funksiyalari va ularga tavsif.
1. «Pul va banklar» fanining predmeti va vazifalari. Fanning boshqa fanlar bilan uzviy bog’liqligi.
“Pul va banklar” fani bank ishi mutaxassisligi uchun ixtisoslik fan bo`lib, u nazariy fan hisoblanadi. Bu fan bank ishi, pul kredit orqali muvofiqlashtirish, monetar siyosat, kredit mexanizmi, tijorat banklari resuruslarini boshqarish kabi fanlar uchun nazariy asos bo`lib hisoblanadi.
“Pul va banklar” fanining predmeti bo`lib, pullar va pul muomalasi, kredit va kredit munosabatlari, banklar va bank tizimi bilan bog’liq bo`lgan pul-kredit munosabatlari hisoblanadi.
“Pul va banklar” fani oldiga quyidagi vazifalar qo`yilgan:
Pulning mohiyati va pul muomalasi qonuniyatlarini o`rganish.
Pul aylanmasi va pul tizimi to`g’risidagi bilim va ko`nikmalarni hosil qilish.
Kreditning mohiyati va prinsiplarini o`rganish.
Kreditning shakllari va turlari hususida to`liq ma`lumotlarni berish.
Bank tizimini mohiyati hususidagi nazariy va amaliy bilimlarni o`rganish.
Pul mohiyati quyidagicha ifodalanadi: pul barcha tovarlar qiymatini o`zida ifoda etuvchi ekvivalentdir.
Tovarlarning qiymatini pulda ifodalanishi baho deyiladi. Pulning mohiyati har doim 3 shaklda namoyon bo`ladi:
Barcha tovarlar va xizmatlarning qiymati pulda o`lchanadi.
Pul mustaqil almashuv qiymatiga ega. Buning ma`nosi shundaki pul tovarlarsiz ham harakatlana oladi. Masalan: bank tomonidan korxonaga kredit berish yoki davlatga soliqlar to`lash, talabalarga stipendiya berish.
Pul buyumlashgan mehnatning tashqi o`lchovidir. Har qanday tovarlarni ishlab chiqarish uchun ma`lum miqdordagi mehnat sarfi amalga oshiriladi. Xaridor uchun ana shu mehnat sarfi pul orqali ko`rinadi. Buyumlashgan mehnatning ichki o`lchovi bo`lib ish vaqti hisoblanadi.
Pul paydo bo`lishi mehnat taqsimoti bilan bog’liq. Dastlab bir tovar ikki tovarga ayirboshlangan. Bu qiymatning oddiy yoki tasodifiy shakli deyiladi. Yillar o`tishi bilan qiymatning to`liq yoki kengaytirilgan shakli yuzaga kelgan. Bunda bir nechta tovar bitta tovarga ayirboshlangan. Qiymatning 3-shakli umumiy shakl deb ataladi. Bunda bir nechta tovarlar bahosi bitta tovarda ifodalangan bo`ladi. Odatda aholi keng iste`mol qiladigan tovarlarning bittasi umumiy ekvivalent vazifasini bajarar edi. Qiymatning so`nggi 4-shakli pul shakli hisoblanadi. Oltin 4500 yil davomida pul sifatida foydalanilganligi tarixga ma`lum. Kumush esa 300 yildan ortiq pul sifatida foydalanilgan.
Birinchi qog’oz pul 1260 yil Xitoyda paydo bo`lgan. Iqtisodiy adabiyotlarda pulning kelib chiqshi masalasida 2 xil yondashuv mavjud:
Subektiv (ratsionalistik) yondashuv.
Obektiv (evolyutsion) yondashuv.
Sub`ektiv yondashuvga ko`ra pul odamlar o`rtasidagi kelishuvga asosan ayirboshlash instrumenti sifatida paydo bo`lgan. Hatto taniqli olim Pol Samuelson ham ushbu yondashuvni himoya qilgan.
Ob`ektiv yondashuvga ko`ra pulning paydo bo`lishi quyidagi obektiv sabablar bilan izohlanadi:
Tovarlar ishlab chiqarish hajmining o`sishi.
Ijtimoiy mehnat taqsimotining paydo bo`lishi.
Real ayirboshlash instrumenti bo`lgan ekvivalentga bo`lgan talabning paydo bo`lishi.
Ob`ektiv yondashuv qiymat shakllari evolyutsiyasiga asoslanadi. Birinchi martda obektiv yondashuvni asoslab bergan olim Karl Marksdir.
«Pul va banklar» fani o`quv rejasidagi gumanitar fanlar bilan, jumladan, «Iqtisodiyot nazariyasi», «Iqtisodiy ta`limotlar tarixi»kabi fanlar bilan uzviy bog’liq va maxsus fanlar, ya`ni , «Moliya» «Bank ishi», «Bank auditi», «Banklarda buxgalteriya hisobi va operatsion texnika», «Moliyaviy va boshqaruv tahlili» va boshqalar bilan o`zaro bog’liq.
Bozor iqtisodiyoti asosida tovar-pul munosabatlari yotadi. Tovar-pul munosabatlari – tovar ishlab chiqarish, tovarlarni ayirboshlash va pul muomalasiga xos munosabatlarni ifoda qiladi. Bozor iqtisodiyoti erkin tovar-pul munosabatlariga asoslangan iqtisodiy monopoliyani inkor qiluvchi, ijtimoiy taraqqiyotga, aholini ijtimoiy muhofaza qilish yo`nalishiga ega bo`lgan va boshqarilib boriladigan iqtisodiyotdir.
O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida bozor munosabatlarini qaror toptirish dolzarb omillardan bo`lgan pul, kredit va banklar tizimida ham chuqur o`zgarishlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bozor munosabatlariga o`tish iqtisodiy kategoriya sifatida pulning, kreditning, foiz, soliq va boshqa kategoriyalarning mohiyati va ahamiyatiga boshqacha yondashish zarurligini taqozo qiladi.
Bozor munosabatlariga o`tish sharoitida bank-moliya tizimining aha-miyati tubdan o`zgarmoqda. Bozor munosabatlarini boshqarish sohasida davlat tomonidan olib boriladigan barcha ishlarning og’irlik markazi ana shu tizimlarga ko`chdi.
SHu sababli, bank tizimini takomillashtirish, banklarning musta-qilligini va pul muomalasidagi ahvol uchun javobgarligini oshirish, pul-kredit munosabatlarini tartibga solish, so`mning barqarorligi va yuksak nufuzini ta`minlash sohasidagi muammolarni o`rganish, shuningdek, tegishli ilmiy xulosalar chiqarish va tavsiyalarni ishlab chiqish o`ta dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |