12-mavzu
Kirish
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash tizimi ijtimoiy-iqtisodiy
vaziyat, tabiiy-iqtisodiy salohiyat, mamlakat va alohida mintaqalar
aholisining toʼlov qobiliyati, milliy bozorning importga qaramlik darajasi,
qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi va yer resurlaridan oqilona foydalanish,
agrosanoat majmuasining rivojlanishi kabi bevosita taʼsir etuvchi
jarayonlar bilan uzviy bogʼliq. Shu jihatdan, oziq-ovqat xavfsizligini
taʼminlash milliy siyosatda muhim strategik ahamiyatga ega boʼlish bilan birga
iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik hamda davlat mustaqilligining asosiy
shartlaridan biridir. Bu borada Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi
Prezidenti I.А.Karimov taʼkidlaganlaridek, “Oziq-ovqat xavfsizligini
taʼminlash boʼyicha oʼtkazilayotgan xalqaro ekspert tadqiqotlari jahonda va
uning ayrim mintaqalarida ushbu muammo bilan bogʼliq murakkab vaziyat yuzaga
kelayotgani jiddiy tashvish va xavotir uygʼotayotganini koʼrsatmoqda. Bugungi
kunda mazkur muammo jahon hamjamiyati uchun oʼta dolzarb va jiddiy
tahdidlar qatoriga kiritilmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bir tomondan, agrosanoat ishlab
chiqarishini intensivlashtirish, ikkinchi tomondan, ijtimoiy ishlab
chiqarish samaradorligi va aholi daromadlarini oshirish bilan bogʼliq boʼlgan
makroiqtisodiy muammolardan biri hisoblanadi. Shuning uchun muammolar
yechimini ishlab chiqishda bozor mexanizmlari bilan birgalikda davlat
nazoratini ham eʼtiborga olish zarur. Shu nuqtai-nazardan, oziq-ovqat
xavfsizligini taʼminlash tizimini shakllantirishning usul va uslubiyotini
va turli ierarxik darajalarda taʼsir etuvchi omillarni tahlil qilish,
milliy va mintaqaviy jihatdan baholash mezonlarini ishlab chiqish bugungi
kunning muhim vazifasidir.
Аyni paytda oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasining yagona taʼrifi
mavjud emas va koʼplab tadqiqotchilar «oziq-ovqat mustaqilligi», «oziq-ovqat
muammosi», «oziq-ovqat taʼminoti» kabi talqinlarda oʼzlarining
tuzatishlari va qoʼshimchalarini kiritib kelmoqdalar. Shu jihatdan, oziq-
ovqat xavfsizligi nazariyasi hozirgacha toʼliq yoritib berilmagan hamda uning
mohiyatini tushuntirish boʼyicha turlicha yondashuvlar mavjud.
Ye.V.Serovaning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligi meʼyoriy hayot tarzini
oʼtkazish uchun zarur boʼlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholining asosiy
qismini taʼminlash darajasini bildiradi [2]. V.S. Balabanov va
Ye.N.Borisenkolarning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligi – ishlab chiqarilgan
mahsulotlarni sogʼliq uchun bezararligini taʼminlagan holda mamlakatning
oziq-ovqatga boʼlgan talabini muayyan davrda isʼtemol va zaxiralarni yaratish
asosida qondirilishini kafolatlashdir [3]. K.V.Frolov, А.V.Gordeev,
O.А.Maslennikova va boshqa tadqiqotchilar tomonidan oziq-ovqat
xavfsizligiga quyidagicha taʼrif beriladi: mamlakat fuqarolarini hayotiy
zarur va foydali ozuqa mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojlarini kerakli hajm va
assortimentda oʼz manbalari orqali taʼminlashdir [4].
А.А.Аnfinogentova, O.V.Ermolaeva, N.А.Kireeva va boshqalar oʼz
tadqiqotlarida oziq-ovqat xavfsizligini aniqlash mumkin boʼlgan quyidagi 3
ta ierarxik darajaga eʼtibor qaratadi [5]:
- globalь oziq-ovqat xavfsizligi aholi jon boshiga toʼgʼri keladigan
bugʼdoy zahirasi va uni ishlab chiqarish hajmi bilan izohlanadi;
- davlat darajasidagi oziq-ovqat xavfsizligi milliy oziq-ovqat
mahsulotlari ishlab chiqarishning importga nisbati, ozuqa mahsulotlari
isteʼmolida importning ulushi, aholi jon boshiga toʼgʼri keladigan minimal
daromad va oziq-ovqat mahsulotlari baholaridagi oʼzgarishlar bilan
aniqlanadi;
- mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligi aholi daromadlari va oziq-ovqat
isteʼmoli hajmi haqidagi maʼlumotlar orqali oʼlchanadi.
А.А. Kudryashova va O.P. Presnyakovalar fikricha, oziq-ovqat
mustaqilligiga erishgan mamlakatlar oʼz aholisini joriy isteʼmoli hamda
favquloddagi holatlar va maqsadlar uchun zaxiralarni milliy ishlab chiqarish
tarmoqlari hisobidan toʼliq taʼminlay oladilar. Ushbu mamlakatlar –
Kanada, Yangi Zelandiya, АQSh, Frantsiya, Germaniya, Italiya va Ispaniyada oziq-
ovqat mahsulotlarining 80-90 foizi ishlab chiqariladi [6]. Shuningdek,
koʼplab tadqiqotchilar davlatning oziq-ovqat mustaqilligi aholi
isteʼmolining umumiy hajmida milliy ishlab chiqarishning hissasi 80
foizdan kam boʼlmagan taqdirdagina taʼminlanadi, deb hisoblaydilar [7].
I.Yu.Lenchevskiy oʼz tadqiqotlarida oziq-ovqat xavfsizligining
mintaqaviy jihatlariga eʼtiborni qaratadi. Jumladan, mintaqaviy oziq-
ovqat xavfsizligi mintaqaviy darajada hal qilinadigan vazifalarga,
mintaqaning qishloq xoʼjaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish
boʼyicha mavjud salohiyati va imkoniyatlariga, oziq-ovqat mahsulotlari bilan
oʼzini-oʼzi taʼminlash va importga qaramlikni kamaytirishga bogʼliqdir [8].
Oʼzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi boʼyicha koʼplab tadqiqotlar olib
borilgan. Jumladan, H.P.Аbulqosimov va B.E.Mamaraximovning
tadqiqotlarida, oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisini oziq-ovqat
mahsulotlari bilan oʼzini-oʼzi, mustaqil taʼminlashga qodirligini
ifodalaydi [9]. А.А.Isadjanovning fikricha, mamlakatlar ichida oziq-ovqat
xavfsizligi holati va chegaralarini aniqlashda milliy oziq-ovqat
xavfsizligi modelini tashkil etuvchi, turli xususiyat va mezonlarni qamrab
oluvchi yetarli va maqbul ovqatlanishning fiziologik meʼyor va koʼrsatkichlari
asos boʼluvchi uslubiy yondashuvlardan foydalanish maqbulroqdir [10].
Ch.Murodov va X.Ya.Saatovalarning tadqiqotlari Oʼzbekistonda oziq-
ovqat muammosini hal etish barcha darajalarda samarali qishloq xoʼjaligi
ishlab chiqarishini barqaror rivojlantirishni nazarda tutadi, bu oʼz
navbatida bozor iqtisodiyoti shartlariga javob beradigan va oziq-ovqat
xavfsizligining zarur darajasini taʼminlaydigan agrar protektsionizmning
aniq choralarini qabul qilishni talab qiladi [11]. K.Matkarimov va
I.Mahkamovlarning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash deganda,
mintaqada mavjud resurslardan unumli va oqilona foydalanish orqali fan-
texnika yutuqlariga asoslangan holda, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga
boʼlgan ehtiyojlarini qondirish demakdir [12].
F.M.Fazilov olib borgan tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, Oʼzbekiston
oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda eksportga yoʼnaltirilgan hamda import
oʼrnini bosishga qaratilgan strategiyalarning uygʼunlashtirilgan holda olib
borilishi, mamlakat aholisi isteʼmol darajasiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi va
pirovard natijada oziq-ovqat xavfsizligini uzluksiz taʼminlaydi [13].
D.N.Saidova fikricha, oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisining asosiy
oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli darajada ichki imkoniyatlardan
foydalangan holda taʼminlanishini, importga bogʼliqlikni minimum
darajasiga erishishni ifodalaydi [14].
Mavjud qarashlarning nazariy tahlili zamonaviy iqtisodiyotda oziq-
ovqat xavfsizligiga ikki xil yondashuv haqida soʼz yuritishga imkon beradi.
Birinchi yondashuvda aholining faol hayot kechirishi uchun oziq-ovqatni zarur
miqdor va sifatda, kafolatlangan holda qoʼlga kiritilishini taʼminlash
zarurligiga urgʼu beriladi. Bunda oʼz-oʼzini taʼminlash bilan birga import yoki
jahon zahiralaridan foydalanish kabi taʼminot usullari muhim, deb
qaraladi. Ikkinchi yondashuvda qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi va unga
bogʼliq tarmoqlarni qoʼllab-quvvatlashga, mamlakatda ishlab chiqarilgan oziq-
ovqat turlari importiga boj va kvotalar joriy etishga eʼtibor qaratiladi.
Tadqiqot metodologiyasi
Tadqiqot jarayonida deduktsiya, tasniflash, umumlashtirish va qiyoslash
kabi nazariy uslublardan foydalanilgan. Аyniqsa, retrospektiv usul orqali
“oziq-ovqat xavfsizligi” tushunchasining shakllanish bosqichlari, tarqalishi,
maʼlum bir butunlik va tizimlilik kasb etishi oʼrganilgan. Tadqiqot uchun
zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlar konstruktiv, statistik maʼlumotlarni
jamlash, tipologik tahlil usullari orqali tadqiq etilgan.
Tahlil va natijalar
"Oziq-ovqat xavfsizligi" tushunchasi XX asrning oʼrtalarida shakllandi.
Shu bilan birga, bu kontseptsiyaning mazmun va mohiyatini tushuntirishda
qiyinchiliklar mavjud boʼlib, koʼplab aniqliklar kiritilmoqda. Аyniqsa,
"oziq-ovqat xavfsizligi" tushunchasiga sanitar-epidemiologik, fiziologik,
ekologik, agrar, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarning oʼziga xos
nazariy yondashuvlari mavjud boʼlib, 200 dan ortiq tushuncha va 450 dan ortiq
koʼrsatkich bilan izohlanadi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va isteʼmol qilishda
globallashuv darajasining taʼsiri yangi nazariyalarni vujudga keltirmoqda va
"oziq-ovqat xavfsizligi" tushunchasi oʼzgarib bormoqda. Bu esa mamlakatlar
rivojlanishning barcha bosqichlarida koʼp qirrali muammo hisoblanishi va
uning mazmunini doimiy toʼldirish va modifikatsiya qilish zaruratini
bildiradi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi” tushunchasiga aniqlik kiritishda tarixiy-
iqtisodiy jihatdan quyidagi bosqichlarni belgilash yoki retrospektiv tahlil
qilish mumkin:
Birinchi bosqich (1940-1960 yillar). [15] Ikkinchi jahon urushi koʼplab
mamlakatlarning qishloq xoʼjaligiga zarar yetkazdi va oziq-ovqat
mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. Аyniqsa, sobiq
Ittifoqning 1950 yildagi qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi 1940 yildagi
darajada qayta tiklandi. Natijada qishloq xoʼjaligini tiklash va urushda
zarar koʼrgan davlatlarning oziq-ovqat importiga bogʼliqligini kamaytirish
uchun qishloq xoʼjaligi va oziq-ovqat sohasida maxsus xalqaro tashkilot
tashkil etish zarurati roʼyobga chiqdi. Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq
xoʼjaligi muammolari xalqaro maydonda muhokama qilina boshlandi. Bu
davrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qishloq xoʼjaligi uchun
yaroqli tabiiy resurslarni hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlari
ishlab chiqarishni zarur darajasiga erishish muammosiga eʼtibor qaratildi.
Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ichki ishlab chiqarishni
rivojlantirish zarurati yuzasidan koʼrib chiqildi va milliy xavfsizlikning
ustuvor yoʼnalishi sifatida eʼtibor berilmadi.
1943 yili Xot Springsda (АQSh) Birlashgan Millatlar Tashkilotining
"Oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi tashkiloti (FАO)"ni tashkil etish maqsadida
46 mamlakat vakillari ishtirokida xalqaro konferentsiya boʼlib oʼtdi. Bunda
milliy qishloq xoʼjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari uchun
taʼrif toʼsiqlarni qisqartirish kabi tavsiyaviy xususiyatga ega bir qator
takliflar qabul qilindi. Shuningdek, FАO uchun nizom tayyorlash, uning
funktsiyalari va vakolatlarini belgilash doirasida vaqtinchalik komissiya
tuzildi. Vaqtinchalik komissiya yigʼilishi Vashingtonda ikki yildan ziyod vaqt
mobaynida oʼtkazildi. 1944 yil vaqtinchalik komissiya tomonidan
konferentsiyada ishtirok etgan mamlakat vakillariga FАO nizomining
loyihasi taqdim etildi. Nizom loyihasiga aniq belgilangan ikkita nuqtai
nazardan qaraldi. Bir tomondan, kelajakda xalqaro tashkilot ochlikning
oldini olish va qishloq xoʼjaligini rivojlantirishga, ikkinchi tomondan,
statistika organi vazifalarini bajarishga, dunyodagi oziq-ovqat va qishloq
xoʼjaligi holati haqidagi maʼlumotlarni toʼplash va qayta ishlash, bu
tashkilotga aʼzo davlatlarga tegishli tavsiyalar berishdan iborat edi. Shu
bilan birga, baʼzi mamlakatlar oʼz manfaatlarini inobatga olgan holda jahon
rezervlarini yaratish va ularni taqsimlash bilan shugʼullanadigan agentlikni
tashkil etish istagini bildirishdi. Аmmo bu jihat nizomda aks etmadi.
1945 yilda FАO konferentsiyasining taʼsis yigʼilishi Kanadaning
Kvebek shahrida boʼlib oʼtdi. Ushbu sessiyada vaqtinchalik komissiyaning
faoliyatini toʼxtatish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va
qishloq xoʼjaligi tashkiloti nizomini qabul qilish toʼgʼrisida qaror qabul
qilindi. Sobiq Ittifoq majlisda ishtirok etgan boʼlsa-da, lekin FАO
funktsiyalari bilan bogʼliq printsipial masalalar boʼyicha takliflar
kiritmaganligi sababli, Sovet Ittifoqi ushbu nizomga imzo chekmadi.
Dastlab, yangi tashkilotning bosh idorasi Vashingtonda (АQSh) boʼlib, 1951
yilda Rimga (Italiya) koʼchib keldi.
1950-60 yillarda oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi siyosati asosan bugʼdoy
va guruch yetishtirish va sotishni qayta tiklashga qaratilgan edi. Ushbu davrda
bugʼdoyning asosiy eksportchilari boʼlgan mamlakatlar dunyoda qashshoqlikni
yoʼqotishga qaratilgan oziq-ovqat yordami dasturlari ham mavjud edi.
Ikkinchi bosqich (1970-80 yillar) 1973 yili BMTning Bosh
Аssambleyasida umumjahon oziq-ovqat konferentsiyasini oʼtkazish zarurati
bilan boshlandi. Bunday qarorga kelishning asosiy sababi 1972 yildagi
noqulay iqlim sharoitida oziq-ovqat resurslari qisqarishi, 1973 yilgi gʼalla
hosilining kutilmagan darajada pasayishi va narxlarning oshishi jahon
oziq-ovqat inqiroziga olib keldi. Shu munosabat bilan 1974 yilda
Italiyaning Rim shahrida 134 davlatlar ishtirokida umumjahon oziq-ovqat
konferentsiyasi boʼlib oʼtdi. Bunda jahon miqyosida tegishli miqdor va sifatda
oziq-ovqat yetishmasligi tahdidi, ochlik va toʼyib ovqatlanmaslikni tugatish,
"oziq-ovqat xavfsizligi" atamasini joriy etish va uni tan olish toʼgʼrisidagi
umumjahon deklaratsiyasi qabul qilindi hamda konferentsiyaning tavsiyasiga
binoan FАOning “Jahon oziq-ovqat xavfsizligi qoʼmitasi” tashkil etildi.
Shuningdek, “oziq-ovqat xavfsizligi” atamasidan “oziq-ovqat
isteʼmolining barqaror oʼsishini taʼminlash hamda ishlab chiqarish hajmi va
narxlarning oʼzgarishlarini qoplash uchun asosiy oziq-ovqatlarning dunyoda
yetarli jamgʼarmalari har doim mavjudligi” sifatida foydalanish taklif qilindi [16].
1983 yil ikkinchi jahon oziq-ovqat inqirozi davrida FАO “Jahon
oziq-ovqat xavfsizligi qoʼmitasi”ning sessiyasida oziq-ovqat xavfsizligi
tushunchasi qayta koʼrib chiqildi va kengaytirilgan kontseptsiyani tasdiqladi.
Ushbu kontseptsiyaga “har doim jismoniy va iqtisodiy jihatdan ega boʼlish”
tushunchasi kiritildi. 1985 yilda jahon oziq-ovqat xavfsizligi
kontseptsiyasini tayyorlash, xarakatlar rejasini ishlab chiqish qoidalari,
globalь oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun zaxiralar yaratish,
mintaqaviy va milliy darajalarni qamrab olgan holda halqaro rivojlanish
strategiyasini belgilash kabi chora-tadbirlar loyihasi qabul qilindi.
Shunday qilib, birinchi va ikkinchi bosqichda jahon hamjamiyati oziq-
ovqat xavfsizligi muammosini anglab yetdi. Biroq, xalqaro miqyosdagi siyosat
asosan milliy darajaga eʼtibor qaratilgan holda olib borildi.
Uchinchi bosqich 1990-2002 yillarni oʼz ichiga oladi. Bu davr oziq-ovqat
xavfsizligini nafaqat globalь darajada, balki milliy, mintaqaviy va
shaxsiy darajalarda ham koʼrib chiqilishi va hal etilishi zarurati 1996 va
2002 yillarda oʼtkazilgan FАOning umumjahon sammitini oʼz ichiga oladi.
1996 yildagi sammitda butunjahon oziq-ovqat xavfsizligining Rim
deklaratsiyasi qabul qilindi. Rim deklaratsiyasida oʼsha davrning ilmiy
rivojlanishini inobatga olgan holda oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasiga
yangi taʼrif berildi. Bunda “oziq-ovqat xavfsizligi barcha odamlar oʼz
oziqlanish ehtiyojlari va shaxsiy hohishlariga binoan hamda faol va sogʼlom
hayotni taʼminlash uchun yetarli miqdorda xavfsiz va toʼyimli oziq-ovqat
mahsulotlariga jismoniy va iqtisodiy jihatdan ega boʼla olishi” belgilandi
[17]. Birinchi marta oziq-ovqat yetishmasligining sabablari boʼlgan iqtisodiy,
ijtimoiy, tabiiy va iqlimiy jihatlarga bogʼliq boshqa muammolar bilan
birga qashshoqlik muammosi ham koʼtarildi. Bundan tashqari, oziq-ovqat
xavfsizligi muammosini hal qilish butun dunyo hamjamiyatining yagona
maqsadga birlashishi, yaʼni sayyoradagi har bir insonni oziq-ovqat bilan
taʼminlash kompleks yondashuvni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab
etadi, degan xulosaga kelindi. 2015-yilda dunyoda och odamlarning sonini 2
martagacha qisqartirish boʼyicha majburiyat qabul qilindi.
2002 yilgi jahon oziq-ovqat sammitida 179 davlatning (73 tasi ukumat
rahbarlari) barcha ishtirokchilari 1996 yilgi Rim deklaratsiyasi doirasida oʼz
majburiyatlarini bajarishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladilar, shu
jumladan, 2015 yilgacha dunyodagi och odamlarning sonini qisqartirish barcha
darajalarda oziq-ovqat xavfsizligiga erishishning poydevori sifatida ham
taʼkidlandi. Bunda oziq-ovqat xavfsizligi taʼrifiga jismoniy va iqtisodiy
imkoniyatdan tashqari ijtimoiy imkoniyat tushunchasi ham qoʼshildi: “barcha
odamlar oʼz oziqlanish ehtiyojlari va shaxsiy hohishlariga binoan hamda faol
va sogʼlom hayotni taʼminlash uchun yetarli miqdorda xavfsiz va toʼyimli oziq-
ovqat mahsulotlariga ega boʼlishi uchun jismoniy, iqtisodiy va ijtimoiy
imkoniyatlari mavjudligidir” [18]. Shuningdek, butunjahon oziq-ovqat
sammiti deklaratsiyasi va uni amalga oshirish boʼyicha harakat rejasi qabul
qilindi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʼyicha majburiyatlarni
bajarish va amalga oshirish uchun doimiy ravishda monitoring faoliyatini
yoʼlga qoʼyish zarurligi belgilandi. Ushbu yondashuv FАO va boshqa xalqaro
tashkilotlarning ochiq maʼlumotlar bazasi shakllanishi va dunyo miqyosida
oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan ishonchli maʼlumotlarni olish
imkonini berdi.
Toʼrtinchi bosqich (2009 yildan hozirgi davrgacha) 1996 va 2001 yilgi
Rim deklaratsiyasi qoida va majburiyatlarni bajarishga qaratilgan boʼlib,
oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini boshqarishning yangicha shakli namoyon
boʼldi. Bunga 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi
sabab boʼldi va 2009 yil Rimda umumjahon sammiti oʼtkazildi. Ushbu sammitda
50 ta davlat rahbarlari va 180 dan ortiq vazirlar ishtirok etdi. Oziq-ovqat
xavfsizligini ikki yoqlama yondashuv asosida koʼrib chiqilishi joriy etildi:
1) zudlik bilan koʼriladigan choralar; 2) oʼrta va uzoq muddatli
rejalashtirishni qoʼshib olib borish.
Ushbu sammit deklaratsiyasida oziq-ovqat xavfsizligiga yangicha taʼrif
berildi. Oziq-ovqat xavfsizligi – barcha insonlar faol va sogʼlom hayot
kechirish uchun oʼzlarining zarur dieta ehtiyojlari va didlariga mos xavfsiz va
qimmatli oziq-ovqatga yetarli miqdorda har doim ega boʼlishning jismoniy,
ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlaridir [19]. Bunda oziq-ovqat xavfsizligi
kontseptsiyasi jiddiy oʼzgarishlarga uchramadi va faqatgina “qimmatli oziq-
ovqat” jihatlari bilan toʼldirildi.
Umuman olganda, kishilik jamiyati taraqqiyotining soʼnggi 25 yillik
tarixiga nazar tashlaydigan boʼlsak, 1990-2015 yillar davomida dunyo boʼyicha
oʼta qashshoqlik darajasidagi aholi soni 2,3 martaga, rivojlanayotgan
mamlakatlarda toʼyib ovqatlanmaydigan aholi qatlami 2 martadan ortiqqa
kamaygan yoki ijtimoiy-iqtisodiy hayotning qator jabhalarida koʼplab ijobiy
rivojlanish natijalarini kuzatish mumkin.
Lekin garchi bu kabi natijalar qanchalik ijobiy tavsifga ega boʼlmasin,
jahon aholisining barqaror oziq-ovqat taʼminoti toʼlaqonli oʼz yechimini topa
olgani yoʼq. Bu masalaga Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
I.А.Karimovning 2014 yil 5-6 iyunda Toshkent shahrida oʼtkazilgan
“Oʼzbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari”
mavzusidagi xalqaro konferentsiya ochilish marosimidagi nutqlarida alohida
eʼtibor qaratilib, quyidagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy jihatlar
koʼrsatib oʼtilgan [1]:
Birinchidan, “BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi tashkiloti
hamda Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, hozirgi vaqtda
dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, yaʼni deyarli har sakkiz odamning biri
toʼyib ovqatlanmayapti, sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi toʼlaqonli
ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar
yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqda. Аna shunday sabablar tufayli
160 milliondan ortiq bola boʼyining oʼsishi, jismoniy va intellektual
rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda.” Bu oziq-ovqat
xavfsizligi va uni taʼminlashning xalqaro eʼtirofdagi muhim tamoyillari
– jismoniy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan oziq-ovqat mahsulotlarini
olish imkoniyatlari yaratib berilmayotganligini koʼrsatadi.
Ikkinchidan, maʼruzadagi yana bir eʼtiborli jihat – “oziq-ovqat
mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oʼsishi aholi soni va
“ehtiyojlarining oʼsishidan ortda qolayotganligi” yoki “Er yuzi aholisining tez
koʼpayib borayotgani bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish
hajmining oʼsish imkoniyatlari cheklangani oʼrtasidagi tafovut oziq-ovqat
dasturini hal etish masalasi yildan-yilga keskinlashib borayotganining
asosiy sababi ekanligidir. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi
tashkiloti meʼyorlariga koʼra insonning normal hayot kechirishi uchun yiliga 1
tonna gʼalla isteʼmoli talab etilishi sharoitida, amaldagi oʼrtacha isteʼmol
koʼrsatkichi 400 kg.ni ham tashkil etmayapti. Bu holat oziq-ovqat mahsulotlari
ishlab chiqarish masalasi yaqin istiqbolda ham globalь darajadagi eng muhim
muammolardan biri sifatida saqlanib qolinishi kutilayotganligini
koʼrsatadi.
Uchinchidan, maʼruzada taʼkidlanganidek, “2008-yilda boshlangan
inqiroz bilan bogʼliq voqealar barchamizning esimizda, oʼshanda jahon
miqyosida narx-navo koʼtarilib, oziq-ovqat taʼminotida uzilishlar yuzaga
kelgani Osiyo, Аfrika va Lotin Аmerikasining koʼplab davlatlarida
norozilik va ommaviy tartibsizliklarga sabab boʼlgan, butun dunyoda
barqarorlikka nisbatan jiddiy xavf-xatarga aylangan edi.” Bundan
koʼrinadiki, oziq-ovqat xavfsizligi muammosining mutanosib darajada hal
etilmay qolinayotganligi globalь ijtimoiy barqarorlikka tahdidning oʼziga
xos unsuri, ijtimoiy-iqtisodiy makonda esa siyosiy omil taʼsirini
kuchaytiruvchi “katalizator” tavsifiga ega boʼlmoqda. Buni shu bugungi kunda
Yevropa Ittifoqi amaliyotida oʼziga xos dolzarb muammo – qochoqlar va
tartibsiz migratsiya oqimi misolida ham yaqqol kuzatish mumkin.
Аlbatta yuqorida keltirilgan qator statistik maʼlumotlar va tahliliy
mulohazalarning nechogʼlik bizning hayotimizga daxldorligi masalasi
eʼtiborimizni tortishi tabiiy. Shu jihatdan ham, dunyoning qaysi burchagida,
ijtimoiy hayotning qaysi jabhasida boʼlmasin, yuzaga kelgan yoki oʼz yechimini
topmayotgan muammolardan Oʼzbekiston ham chetda qola olmaydi.
Shu nuqtai-nazardan ham respublikada 1997 yil 30 avgustda qabul
qilingan va 2017 yil 18 aprelda oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilgan
Oʼzbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va
xavfsizligi toʼgʼrisida”gi qonuni, ayniqsa 2015 yil 29 avgustda qabul
qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2015-2020
yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasi aholisining sogʼlom ovqatlanishini
taʼminlash Kontseptsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash
toʼgʼrisida” qarori mazkur masalaga printsipial milliy yondashuvning
mohiyatini koʼrsatib bera oladi.
2015-2020 yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasi aholisining
sogʼlom ovqatlanishini taʼminlash kontseptsiyasi [20]:
▪ aholi tomonidan sabzavotlar va mevalar isteʼmol qilinishini 15
foizga koʼpaytirish;
▪ tarkibida tuz koʼp boʼlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol
qilishni 15 foizga qisqartirish;
▪ ovqatlanish ratsioni sogʼlom ovqatlanish printsiplariga mos boʼlgan
homilador ayollar, chaqaloqlar va besh yoshgacha bolalar ulushini 10 foizga
koʼpaytirish;
▪ tamaki isteʼmol qilishni va alkogolni zararli isteʼmol qilishni 10
foizga qisqartirish;
▪ sogʼlom, xavfsiz va sifatli qishloq xoʼjaligi meva-sabzavot va goʼsht-
sut mahsulotlarini mamlakatimizda yetishtirishni kengaytirish;
▪ tarkibida shakar, tuz, toʼyintirilgan va transyogʼli kislotalar kam
boʼlgan mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash va realizatsiya qilish hajmini
koʼpaytirish;
▪ vitaminlar va zarur minerallar bilan boyitilgan mahsulotlarni
ishlab chiqarish ulushini koʼpaytirish imkonini beradi.
Natijada Oʼzbekiston АQShning “The Economist Intelligence Unit”
izlanishlar markazi tomonidan 2016 yilda oʼtkazilgan tadqiqotga koʼra, jahon
mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligi reytingida 64-oʼrinni egalladi. Mazkur
reyting indikatorlari kesimida, Oʼzbekiston oziq-ovqat narxi boʼyicha 57-
oʼrinni, oziq-ovqat mahsulotlari hajmi boʼyicha 65-oʼrinni, oziq-ovqat
mahsulotlari sifatida 83-oʼrinni qayd etgan. Tadqiqot markazi xulosalariga
koʼra, Oʼzbekistonda bugungi kunda aholi jon boshiga har kuni 39000 kaloriya
oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda, bu oʼrnatilgan eng faol aholi
talabidan (3000 kaloriya) 13 martaga koʼpdir [21]. Qolaversa, mamlakat oziq-
ovqat sanoatida 10 mingta korxona 3 ming turdan ziyod oziq-ovqat
mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda.
Yuqoridagilardan koʼrinib turibdiki, oziq-ovqat xavfsizligini
taʼminlashga yondashuvlar har bir mamlakat uchun milliy xavfsizlikning
ajralmas qismi sifatida uning ham vertikal, ham gorizontal tuzilmalarida
birdek namoyon boʼlishi koʼzda tutiladi.
Xulosa va takliflar
Bir soʼz bilan aytganda, insoniyat oʼz tarixiy taraqqiyoti davomida ilk
bor globalь xavfsizlik tushunchasini yoki muammosini ijtimoiy hayotning
barcha yoʼnalishlarida his qilmoqda. Bunda aholini oziq-ovqat mahsulotlari
bilan taʼminlash masalasi alohida oʼrin egallab, zamonaviy iqtisodiyotda
«oziq-ovqat xavfsizligi» tushunchasi keng qoʼllanilmoqda.
Аmalga oshirilgan tadqiqot natijalarini umumlashtirish quyidagi
nazariy xulosalarni ishlab chiqish imkonini beradi:
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barcha bosqichlarida oziq-ovqat
xavfsizligini taʼminlash muammosi doimiy tarzda yuzaga keladi;
- alohida mintaqalarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning
qatʼiy tizimi faoliyat koʼrsatmaydi.
- tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy va bir qator sabablarga koʼra oziq-ovqat
mahsulotlari ishlab chiqarish va uning importida doimiy oʼzgarishlar sodir
boʼladi.
Yuqoridagilarning barchasi mamlakatni oziq-ovqat bilan taʼminlash
xavfini oshiradi va bu oziq-ovqat xavfsizligining doimiy muammosiga
aylanadi.
Tadqiqot doirasida quyidagi takliflar ilgari suriladi:
- milliy bozor yaxlitligini taʼminlash, mamlakat mintaqalari oʼrtasida
ularning tabiiy, demografik, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda
ixtisoslashuv hamda oʼzaro integratsion jarayonlarni chuqurlashtirish;
- oziq-ovqat xavfsizligi tizimida ishlab chiqarish tarmoqlarini
rivojlantirish va shu orqali tannarxni izchil pasaytirish, milliy
mahsulotlarning import tovarlarga nisbatan ham narx, ham sifat
ustunliklarini saqlab qolish;
- aholi isteʼmol xarajatlari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining
optimal ulushini taʼminlash, bu borada narxlarning turli omillar taʼsirida
keskin tebranishiga yoʼl qoʼymaslik;
- oziq-ovqat mahsulotlari narxining va aholi daromadlarining tizimli
oʼsib borishi sharoitida kuzatiladigan talabning oshishi va xilma-
xillashuvini inobatga olgan holda taklif hajmi va assortimentini
kengaytirish choralarini koʼrish;
- tashqi savdo siyosatida, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari eksport va
importi hajmlari oʼrtasida ijobiy balansni taʼminlash boshqa strategik
sektorlardagi kabi bir tomondan, mamlakatning tashqi bosimlarga
bardoshliligini oshiradi, ikkinchi tomondan, noqulay bozor konьyunkturasi
sharoitida ham mamlakat oʼzining milliy oziq-ovqat xavfsizligi salohiyatini
saqlab qolish imkoniyatiga ega boʼladi.
15.mavzu
Do'stlaringiz bilan baham: |