14-Mavzu:Iqtisodiyotni rivojlantirish va riberallashtirishning o`ziga xos xususiyatlari va ustuvor yo`nalishlari
Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur taxdili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda.
Shularni e’tiborga olib, Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishning quyidagi vazifalari belgilab olindi:
makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlar asosida tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hisobidan yalpi ichki mahsulotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganini saqlab qolgan holda, davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlashga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish;
soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va tegishli rag‘batlantiruvchi choralarni kengaytirish;
ilg‘or xalqaro tajribada qo‘llaniladigan instrumentlardan foydalangan holda, pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, shuningdek, valyutani tartibga solishda zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash;
bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va barqarorligini ta’minlash, banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlashni yanada kengaytirish;
sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning hajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobidan kengaytirish, shuningdek, kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish;
xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, etakchi xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish, puxta o‘ylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish.
Iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda valyuta bozori holati ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish, zaruriyat tug‘ilganda, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlarning barqarorligini oshirish, makroiqtisodiy muvozanatni saqlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish bugungi kunning muhim masalalaridan hisoblanadi.
Ushbu masalalarni amalga oshirish asnosida Harakatlar strategiyasida tahliliy ma’lumotnomalarni tayyorlash, unda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini, shuningdek, milliy valyuta va narxlar darajasining barqarorligini ta’minlash nazarda tutilgan. Iqtisodiyotning rivojlanishi ko‘p jihatdan milliy valyutaning va ichki bozordagi narxlarning barqarorligiga bog‘liqdir. Buning uchun tovar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) o‘zgarishini kuzatish metodikasini takomillashtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ma’lumki, Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qayta moliyalash stavkasi moliya bozorini tartibga solishning asosiy ko‘rsatkichidir. Shu borada, ya’ni moliya bozorlarini va tijorat banklarining investitsiyaviy imkoniyatlarini barqarorlashtirish uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkalarini belgilash tizimini takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.
Shuning uchun ham Harakatlar strategiyasida ushbu sohani yanada rivojlantirish va Markaziy bankning asosiy regulyatori bo‘lmish qayta moliyalash stavkasini o‘rnatishning xalqaro metodikasidan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning ochiqligi va moliya bozorlarining rivojlanganlik darajasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
O‘tgan yillarda amalga oshirilgan bank-moliya sohalaridagi tizimli tadbirlar natijasida, ya’ni 2016 yil davomida o‘tkazilgan sterilizatsiya operatsiyalarining o‘rtacha hajmi 2015 yilga nisbatan 1,3 martaga oshdi. Bu esa bank tizimidagi likvidlikni samarali boshqarishga, pul massasining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha o‘sishining oldini olishga va shu orqali ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qildi.
Ayni damda, tovar va xizmatlarni xarid qilishda nakd pulsiz, naqd pul ko‘rinishidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish amaliyoti keng tarqalgan. Ammo ne’matlarni nakd pulsiz ko‘rinishda ayriboshlash amalga oshirilganda sotuvchilar tomonidan sun’iy ravishda narxlarning oshirib ko‘rsatish holatlari yuzaga kelmokda. Mazkur holat ikki xil ko‘rinishdagi to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning bir-biridan keskin farqlanishiga va natijada iste’molchilarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, narxlarning bozor qonunlariga zid bo‘lgan holatda o‘sishiga olib kelmoqda.
Yuzaga kelayotgan noiqtisodiy kamchiliklarni bartaraf etitp bo‘yicha 2017-2021 yillar davomida nakd pulsiz ko‘rinishda tovar va xizmatlar sotishda sun’iy yuqori narxlar o‘rnatganlik uchun javobgarlikni oshirish hamda bozor mexanizmlarini joriy qilish tartibini ishlab chiqish belgilangan. Ikkinchidan, mahsulotlar, ishlar va xizmatlarga narxlarni deklaratsiya qilish tartibini bosqichma-bosqich qisqartirish hamda keyinchalik 2020 yilda uni bekor qilish vazifasi belgilangan.
Uchinchidan, nakdsiz hisob-kitoblar hajmi va qamrovini oshirish, shu jumladan, iqtisodiyot sohalarida to‘lovlarning zamonaviy elektron shakllarini joriy etish va tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish, shuningdek, bankdan tashqari aylanishini qisqartirish lozim. Buning uchun aholiga muayyan vaqt davomida belgilangan limit doirasida bank mablag‘lari hisobidan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi kredit kartalarini muomalaga kiritish; bank plastik kartalari orqali hisob raqamlarga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlaridan («SMS-banking», «Internet-banking», «Mobil-banking») foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish; bank plastik kartalari orqali jismoniy shaxslarning depozit hisob raqamlarini boshqarish imkoniyatini kengaytirish; to‘lov terminallaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi miqdorini ikki martaga qisqartirish; plastik kartadagi mablag‘larni boshqa kartaga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tariflarni kamaytirish; valyuta va soliq nazoratini soddalashtirishni o‘z ichiga olgan elektron tijoratni rivojlantirishni rag‘batlantirish, plastik kartalar bo‘yicha o‘zaro hisob-kitob qilish tizimida olinmagan tovar va foydalanilmagan xizmat uchun to‘lovni qaytarishning tartib-taomillari va texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Hech kimga sir emaski, ichki va xalqaro savdoni amalga oshirishda valyuta kursi asosiy ta’sir ko‘rsatadigan omil sifatida qaraladi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish bosqichida O‘zbekiston Respublikasi valyuta tizimida valyuta munosabatlarini tartibga solish amaliyotini takomillashtirish borasida qator muammolarning mavjudligi namoyon bo‘lmokda. Jumladan, valyutaviy nazorat jarayoniga aslida nazorat funksiyasiga ega bo‘lmagan tijorat banklarining faol tarzda jalb etilganligi valyutaviy nazoratning ta’sirchanligi va samaradorligiga, joriy valyuta bozori likvidlilik darajasining past darajada ekanligi esa, milliy valyutaning nominal almashuv kursini talab va taklif asosida shakllantirish jarayoniga salbiy ta’sir qilmokda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining xorijiy valyutalar va oltin bilan amalga oshiriladigan svop operatsiyalari hajmini oshirish va milliy valyutaning nominal almashuv kursini AQSh dollari, evro va Yaponiya ienidan tashkil topgan «valyuta savati»ga nisbatan aniqlashni joriy qilish yo‘li bilan milliy valyuta so‘mning devalvatsiya sur’atini pasaytirish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki AQSh Federal zaxira tizimi, Evropa Markaziy banki va Yaponiya Markaziy banki bilan valyutaviy svop operatsiyalarini uzluksiz ravishda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishi lozim. Buning natijasida, birinchidan, joriy valyuta bozorining likvidliligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar barham topadi; ikkinchidan, Markaziy bankning rasmiy xalqaro valyuta zaxiralarini boshqarish imkoniyati kengayadi.
Shu borada to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish uchun valyutani tartibga solishning ilg‘or bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish kun tartibidagi birlamchi masalalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham valyutani tartibga solishning yangicha mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini tayyorlash Harakatlar strategiyasida belgilab qo‘yildi. Qaror loyihasida quyidagilarning aks etishi nazarda tutilgan:
Tarmoqlar va mintaqalarni barqaror rivojlantirish hisobiga ijtimoiy muammolarning hal etilishini ta’minlovchi mahalliy byudjetlarning daromad manbaini kengaytirish.
Byudjet mablag‘lari mamlakatning makroiqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘lida Hukumat tomonidan yaqin va uzoq davrlarga mo‘ljallangan davlat dasturlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat byudjetining iqtisodiy kategoriya sifatidagi mohiyati u bajarayotgan funksiyalarda namoyon bo‘ladi. Uning asosan ikkita funksiyasi mavjud: taqsimlash; nazorat. Davlat aynan byudjetning taqsimlash funksiyasiga tayanib, ixtiyoridagi markazlashgan moliya resurslarini shakllantiradi va ularning yordamida umumdavlat iste’mollarini pul resurslari bilan ta’minlaydi.
Moliyaviy nazorat tizimi sub’ektlar (nazorat qiluvchilar), ob’ektlar (nazorat qilinuvchilar), nazoratning usul va vositalarini birgalikda jamlab, o‘z ichiga oladi. Moliyaviy nazoratning muhim shakllaridan biri bu davlat byudjet-moliya nazorati hisoblanadi. Byudjet nazorati orqali davlat va mahalliy hokimiyat organlari uchun muntazam ravishda tasdiqlangan byudjetning daromad va xarajatlar rejalarining to‘liq va sifatli bajarilishini nazoratga olish, ularning bajarilishiga ta’sir qiluvchi turli salbiy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish uchun zudlik bilan zarur chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |