Topshiriq. Matnni o‘qing va matn mazmunini izohlang. Zid ma’noli so‘zlarni toping va daftaringizga husnixat bilan ko‘chiring.
“TOSHBAQA BILAN CHAYON”
Toshbaqa bilan chayon do‘st edilar. Bir kun ular safarga otlandilar. Nogoh yo‘lda bir anhorga duch keldilar. Chayon o‘ta olmasligini sezib, hayron bo‘lib to‘xtadi. Toshbaqa dedi: — Ey aziz do‘stim, senga nima bo‘ldi, g‘amgin bo‘lib turibsan? Chayon dedi: — Birodar, men bu suvdan qanday o‘taman, — deb hayronman. Toshbaqa dedi: — G‘am yema, orqamga mindirib, seni suvdan bexatar o‘tkazib qo‘yaman. Toshbaqa chayonni orqasiga mindirib, suvga tushdi. Suzib borayotganida uning qulog‘iga bir narsaning tiqirlagani eshitildi va chayonning harakatidan shubhalanib so‘radi: — Eshitayotganim qanday ovoz — nima qilyapsan? Chayon javob berdi: — Nishimni sening qalqoningga sanchib ko‘rayapman. Toshbaqa dedi: — Men o‘zimni girdobga tashlab, seni suvdan bexatar o‘tkazmoqchi bo‘lsam-u, sen orqamga nish ursang. Bilasanki, nayzang mening qalqonimga zarar yetkazolmaydi. Chayon dedi: — Mening odatim xoh do‘st orqasiga, xoh dushman siynasiga bo‘lsin, nish urishdan iborat. — Donishmandlar yomonga yaxshilik qilma, deb bekorga aytmaganlar. Shunday deb, toshbaqa suvga sho‘ng‘idi, chayon esa suvga tushib, halok bo‘ldi.
Gulhaniy
Topshiriq. Matnni o‘qing va siz ham qo‘l, bosh kabi tana a’zolarining harakati orqali turli xalqlarning salomlashish madaniyatini ko‘rsatib bering.
QAYERDA QANDAY SALOMLASHILADI?
- Misrliklarning qadimgi salomlashish usullari bugungi harbiylarning salomlashishiga o‘xshab ketadi. Ular kaftlarini peshonalariga qo‘yishgan.
- Sermulozamat fransiyaliklar do‘stlari bilan har uchrashganida qo‘l berib ko‘rishadi yoki o‘pishib qo‘yadi va xuddi shu tarzda xayrlashadi.
- AQShda esa oddiygina tarzda qo‘l berib ko‘rishiladi.
- Xitoyliklar ilgari zamonlarda bir-birlari bilan ko‘rishish belgisi sifatida o‘z qo‘llarini siqib qo‘yishgan. Bizning davrimizga kelib esa, bu usuldan tinglovchilarni qarshi olayotgan ma’ruzachilar foydalanadi.
- Yaponiyaliklar biror kishi bilan salomlashganda ta’zim qiladi. Bu juda nazokatli va madaniyatli ko‘rinadi.
- Kanadaliklar «burun berib» ko‘rishadilar, ya’ni ular uchun bir-birini uchratganda burunlarini tegizib qo‘yish odatga aylangan. Bunday salomlashish usuli shotlandiyaliklarga ham begona emas.
- Do‘stining qo‘li bilan o‘zining yuzini silab salomlashish odati esa, polineziyaliklarga xos.
- Britaniyaliklar do‘stlarini uchratganda, «salom» deb qo‘ya qoladi. Bunday sovuqqonlik katta yoshli kishilarda ham mavjud.
- Tibetliklarning salomlashish usuli biroz g‘alatiroq: ular salomlashishni bir-biriga tillarini chiqarib ko‘rsatish orqali ifodalashadi.
- Eskimoslar esa so‘rashayotgan kishilarning boshi va yelkasiga yengil musht bilan urib qo‘yadilar.
- Afrikadagi ayrim xalqlar bir qo‘lida oshqovoq uzatadilar. Ikkinchi qo‘li bilan esa, tirsaklarini ushlaydilar. Bu chuqur ehtirom belgisi hisoblanadi.
- Hindlar ikki kaftini birlashtirib va biroz egilgan holda salomlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |