Yosh fiziologiyasi va gigiena fanining ahamiyati
Inson sog‘ligini muhofaza qilish va mehnat qobiliyatini ko‘tarish haqida
g‘amxo‘rlik qilish muhim davlat vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu vazifalarni hal etishda, jumladan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda pedagoglar ham
katta kuch bo‘lib xizmat qiladilar.
Zamonaviy bilim berish uchun avvalo murabbiy o‘sib, rivojlanib kelayotgan avlodning turli davrlardagi o‘zgarishlarini, tashqi muhit sharoitining
bola organizmiga ta’sirining gigienik ahamiyatini bilib olgandagina o‘quvtarbiya jarayonini to‘g‘ri tashkil eta oladi.
Avlodni jismonan sog‘lom, aqliy va ruhiy jihatdan tetik, qaddi-qomati
kelishgan qilib tarbiyalash uchun har qanday o‘qitish shaklidagi bilim
muassasalari tarbiyachi va o‘qituvchilari yosh fiziologiyasi va gigiena fani
asoslari haqidagi bilimga ega bo‘lishlari kerak.
O‘qituvchi bolalar va o‘smirlarning anatomik-fiziologik xususiyatlarini
o‘rganar ekan, ayrim tizim va organlarning (suyak-muskul, nafas olish, qon
aylanishi, nerv sistemasi, sezgi organlari, oshqozon-ichak trakti, ichki
sekresiya bezlari, ayiruv organlari) tuzilishi, xususiyatlari hamda ularning
faoliyatlari va gigienasi bilan tanishadi. Ayniqsa, uyqu va aqliy mehnatni
maqsadga muvofiq ravishda tashkil qilish, o‘quv yuklamalarini bolaning yoshiga mos ravishda belgilash uchun nerv sistemasining o‘ziga xos yosh xususiyatlarini bilish juda muhimdir. O‘sib, rivojlanib kelayotgan bolalar va o‘smirlar
anatomiyasi va fiziologiyasini bilmay turib, bolalar shaxsiy gigienasi,
maktabdan tashqari ishlar gigienasi va o‘quv tarbiyaviy ishlar gigienasi
masalalarini yechib bo‘lmaydi.
Organizmdagi har bir tizimning fiziologiya va gigienasi aniq tadbirlarni boshqarishni, masalan: suyak-muskul sistemasining gigienasi - harakat
tartibini, partada to‘g‘ri o‘tirish, ishlash jarayonida gavdani to‘g‘ri tutish,
yozayotganda qo‘l barmoqlarini ishlatilishini me’yorga solish va hokazolarini
talab etadi. Bu chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yish, ularga rioya qilish, o‘sib
rivojlanib kelayotgan bolalarning salomatligini mustahkamlashga, uni
muhofaza qilishga va turli kasalliklarning oldini olishga imkon beradi.
Yosh fiziologiyasi va gigiena fani talabalarga, bo‘lajak muallimlarga
rivojlanayotgan organizm organ va tizimlarining o‘ziga xos yosh xususiyatlari,
uning tashqi muhit bilan o‘zaro bog‘liqligi, bolalarda uchraydigan turli
kasalliklar va ularning oldini olish yo‘llarini o‘rgatishda, bilimga ega
qilishda katta ahamiyatga ega.
Yosh fiziologiyasi va gigienaning asosiy maqsadi - yosh avlodning zuvalasi
pishiq bo‘lib, jismoniy va ma’naviy jihatdan uyg‘un rivojlanishini ta’minlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |