1-MAVZU. «O‘QITUVCHI NUTQI MADANIYATI»
KURSINING MAQSADI VA VAZIFALARI
Reja:
1. Nutq madaniyati tushunchasi.
2. O‘qituvchi nutq madaniyati kursining dolzarbligi.
3. O‘qituvchi nutq madaniyati kursining maqsad va vazifalari.
Tayanch so‘z va iboralar: nutq, nutq madaniyati, notiqlik san’ati, til me’yorlari, nutq uslublari, adabiy til, nutqning asosiy sifatlari.
Ma’lumki, har qanday davlat mustaqilligining belgilaridan biri uning davlat tiliga ega ekanligidadir. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va davlat tili haqidagi qonunning joriy etilishi mustaqilligimiz poydevoriga asos bo‘ldi. Istiqlol sharofati bilan o‘zbek tilining mavqei yanada tiklandi, uning ijtimoiy hayotning barcha sohalarida amal qilinishiga katta imkoniyatlar yaratildi. Xullas, barcha jabhalarda “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi hayotga izchil targ‘ib etib kelinmoqda, ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Oliy o‘quv yurtlarining ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga mutaxassisliklaridan kelib chiqqan holda nutq madaniyati, notiqlik san’ati fanlari kiritildi. Pedagogika oliy o‘quv yurtlarida “O‘qituvchining nutq madaniyati”, yuridik o‘quv yurtlarida “Yuristning nutq madaniyati”, moliya sohasida “Iqtisodchining nutq madaniyati”, Milliy rassomlik va dizayn, San’at va madaniyat institutlarida “Notiqlik san’ati” kabi fanlarning o‘qitilishi ham fikrimizning dalilidir. Mazkur fanlarning o‘qitilishi har tomonlama yetuk, mahoratli va ayni paytda, raqobatbardosh mutaxassislarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi paytlarda notiqlik san’ati va nutq madaniyatini ayni bir tushuncha deb biluvchilar ham yo‘q emas. Bu ikki tushunchani ifodalovchi fanlar bir-biri bilan juda yaqin, ayni paytda biri ikkinchisini to‘ldiruvchi, lekin boshqa-boshqa fanlar ekanligini unutmaslik lozim. Notiqlik san’ati – bu, asosan, nutqning og‘zaki shakli. Nutq madaniyati esa, nutqning ham og‘zaki, ham yozma shakli uchun taalluqli tushunchadir. Notiqlik nutq vositasida kishilarga muayyan g‘oya va maqsadlarni yetkazishni, tushuntirishni, ta’sirlantirishni, ularni ma’lum maqsadda safarbar qilishni ko‘zda tutadi. Notiq nutqi ko‘pchilik tinglovchilarga, keng auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘ladi. Notiqlik ko‘proq nutqning mazmuniga, mantiqiy asoslariga va tuzilishiga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga tilshunoslik, falsafa, mantiq kabi fanlardan olingan nazariy bilimlarga suyangan holda to‘g‘ri, ta’sirli nutq tuzish yo‘llarini o‘rgatadi.
Nutq madaniyati esa madaniy nutq, tilshunoslikning sohasi sifatida adabiy til meyërlari, nutq, nutqning kommunikativ sifatlari, nutq uslublari, nutqda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchilik va xatolar, nutq talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi. Unda eng avvalo, fikrning aniq, ravon, mantiqan to‘g‘ri, sof, ta’sirli va maqsadga muvofiq bo‘lishi talab qilinadi. Notiqlik san’atida e’tiborni tortish, ta’sirchanlikni oshirish maqsadida ma’lum o‘rinlarda dialektal, jargon so‘zlarni ishlatilish holati kuzatiladi. Nutq madaniyatida bu holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Notiqlik san’atida intonatsiya, gradatsiya, jest (qo‘l, yuz harakatlari)ga ko‘p e’tibor qaratiladi. Lekin, har ikkisida ham fikr o‘quvchi yoki tinglovchiga yetib borib, ma’lum ta’sir ko‘rsatsa, yaxshi nutq sanaladi. So‘zlashdan maqsad – fikr anglatish. Zotan, tilning vazifasi ham shu. Bir fikrni tilda turli vositalar yordamida ifodalash mumkin. Demak, notiq nutq madaniyatini mukammal egallagan bo‘lishi, til vositalardan eng muvofig‘ini tanlay bilishi lozim. Buning uchun u, albatta, o‘z ona tilini puxta bilishi, uning barcha boyliklaridan ustalik bilan foydalana olishi zarur. Nutq aniq va ravshan bo‘lishi bilan birga toza bo‘lishi ham shart, aks holda fikrning kuchi ketadi, so‘zlovchining nutqi tinglovchiga yaxshi ta’sir qilmaydi. O‘zbek tilida gapira olish bu tilni yaxshi biladi degani emas. Tilni yaxshi bilish tilning grammatik qonun-qoidalarini, lug‘at boyligini hamda fonetik va stilistik xususiyatlarini puxta o‘zlashtirib olish bilan belgilanadi. Ko‘pincha notiq so‘zga chiqishdan oldin fikrlarini yozma shaklda tayyorlaydi:nimalar haqida to‘xtalmoqchi, qanday misollar keltirmoqchi, ana shularni yozib chiqadi. Ayrim kishilar, ayniqsa, talaba-yoshlar maqsadlarini og‘zaki so‘zlab bermoqchi bo‘ladilar-da, ko‘pchilikning salobati bosib, gaplarini yo‘qotib qo‘yadilar yoki yozganlarini bosh ko‘tarmay o‘qib beradilar. Belgilangan qisqa vaqt ichida fikrni og‘zaki tarzda aniq, tushunarli qilib so‘zlash uchun muntazam ravishda, qunt bilan ishlash lozim. Nutqda jumlalarni qayta to‘g‘rilash, o‘zgartirish bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, notiqning so‘z boyligi ham yetarli bo‘lishi lozim. Bunda so‘zlarning faqat miqdori nazarda tutilmaydi, ularning ma’nosi ham asosiy o‘rinda bo‘ladi. So‘zlovchi ma’nodosh (sinonim) so‘zlardan ham mohirlik bilan foydalanishi zarur. Bunday so‘zlarni ishlatish nutqning rang-barangligini ta’minlaydi. Notiq tilning grammatikasini ham yaxshi o‘zlashtirib olgan bo‘lishi kerak. Grammatika qoidalariga rioya qilishgina nutqqa mazmun va mantiq kiritadi. Yakka olingan so‘zning o‘zidan maqsad anglashilmaydi. Fikr anglatish uchun u so‘z nutqdagi boshqa so‘zlar bilan grammatik va semantik aloqaga kirishi lozim. Ba’zan notiqlar nutqida adabiy tilimizda ishlatilmaydigan, faqat so‘zlovchining o‘zi yashagan joy aholisigagina ma’lum bo‘lgan dialektal so‘zlar ishlatiladi. Aslida notiq nutqida bunday dialektal so‘zlar ishlatilmasligi kerak. Ba’zi so‘zlovchilar nutqida esa “demak”, “xo‘sh”, “innaykeyin”, “ya’ni”, “masalan”, “misol uchun”, “aytaylik” kabi so‘zlar ko‘p qo‘llanadi-ki, ularni notiq deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘rinsiz ravishda ishlatilgan bunday “bekorchi” so‘zlar nutqni siyqa qilib qo‘yadi. Ba’zan tinglovchilar, talabalar, o‘quvchilar notiqning, pedagogning so‘zini eshitgandek ko‘rinishadiyu, lekin fikrning mazmunini his qilishmaydi, ular so‘zlovchi nutqidagi mana shunday keraksiz so‘zlarni sanash, hisoblash bilan band bo‘lib qoladilar. Kerak bo‘lsa laqab ham qo‘yib olishadi. Bundan tashqari ishlataverib siyqasi chiqib ketgan, chaynalgan qolip tusini olib qolgan so‘z va iboralar ham nutqning ta’sirini ketkazadi, uni o‘tmas qilib qo‘yadi. O‘rinsiz ravishda o‘ylamay-netmay, haddan tashqari ko‘p ishlatiladigan, ma’nosi zo‘r yoqimli so‘z ham kishining g‘ashini keltiradi, nutqning umumiy mazmuniga, mohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Rus tili yoki u orqali boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlarning o‘rinsiz ishlatilishi ham nutqni xiralashtiradi. Bunday so‘zlar miyaga ham, yurakka ham ozuqa bermaydi, kishiga qattiq ta’sir qilib, uning e’tiroziga sabab bo‘ladi. Abdulla Qodiriy: “So‘z so‘zlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak”,- degan edi. Taniqli adibning yozuvchilarga qarata aytgan bu so‘zlari barchaga birdek taalluqlidir. Abdulla Qahhorning “Og‘riq tishlar”, “Notiq” , “Quyushqon” hikoyalarida ham ana shunday no‘noq notiqning qiyofasi juda yaxshi chizib berilgan.
Shunday ekan, notiq barcha tushuna oladigan, sodda va ravon til bilan gapirishi kerak. Dabdabali, balandparvoz so‘zlarni, chetdan kirgan so‘zlarni, tinglovchilarga notanish bo‘lgan so‘zlarni ishlatmagani ma’qul. Notiq o‘z sohasidagi ilmiy yutuqlar va ijtimoiy hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlardan doimiy xabardor bo‘lib turmasa, o‘z ustida har kun, har soatda mustaqil va muttasil ishlamasa, u chin ma’nodagi zamonaviy o‘qituvchi-notiq bo‘lishi qiyin.
Nutq madaniyati og‘zaki va yozma nutqni tinglovchilarga jonli, ifodali va ta’sirli yetkazish malakasini egallashdir. Fanning maqsadi – tinglovchilarning madaniy nutq ko‘nikma va malakalarini takomillashtirish, vazifasi: notiqlik san’ati nazariyasi va tarixi; madaniy nutq, unga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumotlar berish; nutqning asosiy sifatlari (to‘g‘riligi, aniqligi, tozaligi mantiqiyligi, ta’sirchanligi, maqsadga muvofiqligi) haqida tushuncha berish; olingan nazariy bilimlar asosida madaniy nutq malakalarini shakllantirishdan iborat. Shuning bilan birga ushbu fanni o‘zlashtirish natijasida:
- notiqlik san’ati va tarixi, nutq madaniyati, Sharq va G‘arb olimlari, adiblari, jamoat arboblarining bu boradagi qarashlari; adabiy til norma(me’yor)lari; madaniy nutqqa qo‘yiladigan talablarni bilish;
- nutq uslublari va nutq madaniyati talablariga rioya etgan holda nutq tuzish; madaniy nutq ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
- olingan bilimlardan o‘z nuqtai nazarini ilmiy asoslab berish va amaliy masalalarni hal qilishda foydalana bilish malakalariga ega bo‘lish ko‘zda tutilgan.
Nutq madaniyati (tadbirkorligi)ni singdirish maktabda o’qituvchining bosh vazifasidir. U birinchi soatdan boshlab to oxirgi mashg’ulotgacha o’quvchilarda nutq madaniyati (tadbirkorligi)ni tarbiyalashga xizmat qilishi kerak.
Shu o’rinda taniqli tilshunos olim Nizomiddin Mahmudovning kuyunchaklik bilan aytgan fikrlarini keltirib o’tish lozim: «Ayni paytda nutqiy madaniyat tarbiyasi bilan maktabdagi, hech bir istisnosiz, barcha o’quv fanlari ham bilvosita shugullanishi kerak. Matematika bo’ladimi, fizika yoki tarix bo’ladimi, o’qituvchi o’z nutqiy madaniyati bilan namuna ko’rsatishi, tegishli fan sohasining tugal tilini namoyish etishi va shu yo’l bilan o’quvchidagi so’z sezgisiga kuch berishi maqsadga muvofiq. Ta’lim amaliyotida ko’rgazmalilik azaldan eng zaruriy omil sifatida qarab kelinadi, shuning uchun o’qituvchi juda ko’p vaqtini turli ko’rgazmali qurollar tayyorlashga sarflaydi. Bu ma`qul, ammo, unutmaslik kerakki, nutqiy madaniyatni o’rgatish, chiroyli so’z zavqini o’stirish, umuman, til estetikasi tarbiyasida asosiy, jonli ko’rgazmali qurol o’qituvchining o’zidir». («Ma`rifat manzillari» N. Mahmudov)
«O‘qituvchi nutq madaniyati» fani adabiy til me’yorlarini, uning tarixiyligini, taraqqiy etib borishini undagi ba’zi birliklarning eskirishi, ular o‘rnida yangi me’yoriy birliklarning paydo bo‘lishini kuzatib, qayd etib boradi. Biroq bu fan adabiy me’yorlarni yaratmaydi, ba’zi bir hodisalarni me’yor sifatida majburan kiritmaydi. Balki o‘zbek milliy adabiy tili faoliyatini, uning rivojlanishini kuzatib boradi, obyektiv qonunlarini kashf etadi, shular asosida tavsiyalar beradi.1
«O‘qituvchi nutq madaniyati» fani hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘rganish bilan birga, shu adabiy til asosida vujudga keladigan barcha nutq turlari, adabiy tilga asos bo‘luvchi xalq tili shevalari ham uning obyektiga daxldordir. Notiqlik san’ati sohasi adabiyotshunoslik, poetika, estetika, etika, pedagogika, mantiq, ruhshunoslik, siyosatshunoslik sohalari bilan ham bog‘liq. Notiqlik va voizlik san’atiga oid asarlar, o‘zbek madaniy nutqiga asos bo‘lgan milliy adabiy meros namunalari, o‘zbek milliy hujjatchiligi hamda davlat tilida ish yuritish qonun - qoidalari majmuasi notiqlik san’ati fanining asosiy obyektlaridandir.
«O‘qituvchi nutq madaniyati» fani o‘z tekshirish obyekti va vazifalariga ega. Uning tekshirish predmeti nutqning lisoniy qurilishi, adabiy til me’yorlari va nutqning kommunikativ sifatlaridir.Til madaniyatining asosiy tekshirish obyekti adabiy til me’yorlari, asosiy vazifasi esa ushbu me’yordagi ikkilanishlarni bartaraf etish bo‘lmog‘i kerak.
«O‘qituvchi nutqi madaniyati» fani o‘ziga xos amaliy soha sifatida tilshunoslikning nazariy fanlaridan olingan bilimlarga suyangan holda to‘g‘ri, ta’sirli nutq tuzish yo‘llarini o‘rgatadi. U til, til me’yorlari, nutq, nutqning sifatlari, nutq uslublari, nutqda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchilik va xatolar, nutq talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi.
«O‘qituvchi nutqi madaniyati» fanini o‘qitishda tinglovchilarning o‘zbek tilshunosligining barcha bo‘limlari, falsafa, mantiq, psixologiya, pedagogik mahorat kabi fanlardan egallagan bilimlariga asoslaniladi. O‘z navbatida, bu o‘quv fani stilistikani o‘rganish uchun zamin hozirlaydi.
Notiqlik san’ati nazariyasi va amaliy qoidalari haqida fikr yuritishda Sitseron asarlariga murojaat qilamiz. Notiqlik san’ati nazariyasi va amaliy qoidalari “Tri traktata ob oratorskom isskustve” kitobiga yozilgan matndan foydalanildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |