1 - mavzu: “Nutq madaniyati” faniga kirish. Nutq madaniyati tushunchasi, tarixi.
Reja:
1. Nutq madaniyati va mutolaa san’ati fanining maqsad va vazifalari.
2. Nutq madaniyati va boshqa fanlar.
3. Nutq madaniyati - millat ma’naviy kamolotining muhim belgisi.
4. Xulosa.
O’zbek nutqi madaniyati va mutolaa san’ati masalalarini tadqiq qilish o’zbek tilshunosligi oldida turgan eng dolzarb muammolardan biridir. Chunki notiqlik san’ati sirlarini o’rganish, o’z fikrini bayon qilayotgan lisoniy materiallardan to’g’ri foydalanish, har bir til vositasini kerakli va lozim bo’lgan o’rinda mantiqan va grammatik jihatdan to’g’ri qo’llash ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xizmat qiluvchi har bir mutaxassis uchun, umuman har qanday madaniyatli kishi uchun hayotiy zarurat deb hisoblanishi kerak.
Har bir shaxsning nutqi o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bir kishining nutqi tinglovchiga yaxshi tushuniladi, voqea – hodisalar haqida aniq, ravshan ma’lumot beradi, o’zining til qurilishi bilan tinglovchining xulqiga ta’sir etadi. Boshqa bir kishining nutqidan tinglovchi asosiy narsalarni ajratib ololmaydi.
Bunday nutqning til qurilishida grammatik - uslubiy nuqsonlar bo’ladi. Tilga olingan nutqlarning birinchisi to’g’ri, madaniyatli nutq, keyingisini nuqsonli nutq deyish mumkin.
Tor ma’noda nutq madaniyati - til me’yorlarini egallamoq, ya’ni talaffuz, urg’u, so’z ishlatish, gap tuzish qonunlarini yaxshi bilmoq, shuningdek, tilning tasviriy vositalaridan har xil sharoitlarga mos va maqsadga muvofiq foydalana olish, ifodali o’qish madaniyatini egallash demakdir.
Nutq madaniyati - tilning tuganmas boyligini egallashdir. Nutq madaniyatini egallash orqali kishi yetuklik sari bir qadam tashlagan bo’ladi. Insoniyat umummadaniyatining katta tarkibiy qismini nutq madaniyati tashkil etadi.
Nutq madaniyati atamasi adabiyotlarda asosan ikki xil ma’noda ishlatiladi: birinchidan, nutq madaniyati de-yilganda, nutqning fazilatlari (sifatlari) yig’indisi, bu fazilatlarning tizimi tushuniladi; ikkinchidan, nutq madaniyati atamasi namunaviy nutq sirlarini egallash haqidagi ta’limotni anglatadi.
O’qituvchi nutqi madaniyati - amaliy jihatdan o’qituvchi nutqining xilma - xil muammolarini tadqiq qiluvchi fan., Pedagogika institutlarida tilshunoslikning nazariy kurslaridan olingan bilimlarga suyangan holda to’g’ri va chiroyli nutq tuzishning qonuniyatlari, sirlari, til, til me’yorlari, nutq, nutqning sifatlari, nutqiy uslublar, nutqda uchrashi mumkin bo’lgan kamchilik va xatolar, nutqiy asarlarning ko’rinishlari, nutqning talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi.
O’qituvchi nutqi madaniyati fan sifatida o’z tekshirish ob’ekti va vazifalariga ega. Uning tekshirish predmeti nutqning til qurilishi, adabiy til me’yorlari va nutqning kommunikativ (aloqaviy) fazilatlaridir. Bu fazilatlar har qanday nutqda bir xil darajada bo’lmaydi. SHuning uchun turli kishining nutqi tinglovchi tomonidan turlicha qabul qilinadi. Hatto bir kishining turli mavzuda so’zlagan nutqi ham har xil bo’lishi mumkin.
Ma’lumki, har qanday fan ham u yoki bu tomonlari bilan boshqa fanlar bilan bog’langan bo’ladi, unda ko’tarilgan masalalar, muammolar boshqa fanlar tomonidan ham o’rganiladi, ba’zan ularning ham tekshirish ob’ekti bo’ladi. Ba’zan esa ma’lum bir muammoni hal qilishga boshqa - boshqa fanlar o’z xususiyatlaridan kelib yondoshadi va uni ana shu xususiyatlardan kelib chiqib hal qiladi. Jumladan, uslubiyat ham tilshunoslikning, ham adabiyotshunoslikning tekshirish ob’ekti bo’la oladi. Faqat tilshunoslik nuqtai - nazaridan boshqa yo’sinda, adabiyotshunoslik nuqtai - nazaridan boshqa yo’sinda tekshiriladi. Uslubiyatga har ikki fan o’z xususiyatlaridan kelib chiqib yondashadi, ikki xil munosabatda bo’ladi.
O’qituvchi nutq madaniyati fan sohasi sifatida shakllangan ekan, u albatta, boshqa fanlar bilan munosabatda bo’ladi. Nutq madaniyati ta’limotining lingvistik va nolingvistik fanlar o’rtasida tutgan o’rnini belgilashda uning boshqa fanlarga qay darajada aloqasi borligini, poetika, uslubiyat, me’yoriy grammatika kabi ta’limotlar bilan aloqasini ular orasidagi umumiy tomonlar va tafovutlarni aniqlash katta ahamiyatga egadir.
Rus tilshunosi B.N.Golovinning fikricha: «...bu soha tilshunoslikning barcha bo’limlariga, shuningdek ruhshunoslik, mantiqshunoslik, estetika, sotsiologiya, pedagogika fanlariga tayanib ish ko’radi. Nutq madaniyati, ayniqsa stilistika bilan yaqin munosabatdadur. Ba’zi mutaxassislar nutq madaniyatini uslubiyatga singdirib yubormoqchi bo’lishadi. Holbuki, uslubiyatning o’z predmeti va o’ziga xos vazifalari bor».
Ko’rinadiki, o’qituvchi nutq madaniyati alohida soha sifatida shakllangan va o’quv rejalariga alohida fan sifatida kiritilgan bo’lishiga qaramay, bu soha ayniqsa tilshunoslik fani bilan juda mustahkam aloqadadir.
Nutqning aloqaviy sifatlari ichida nutqning to’g’riligi eng asosiy belgilardan hisoblanadi. Namunaviy nutq birinchi navbatda to’g’ri tuzilgan nutq bo’lishi kerak. Nutq to’g’riligi esa adabiy til me’yorlariga to’la amal qilishga asoslanadi. Demak, nutq madaniyatida asosiy narsa nutq to’g’riligi bo’lsa, bu esa adabiy til me’yorlariga amal qilish orqali yuzaga keladigan bo’lsa, o’z – o’zidan har bir xalq nutqiy madaniyatining, u haqidagi ta’limotning asosini shu xalq tilining me’yoriy grammatikasi, shu xalq tili sistemasi tashkil etadi.
Nutq madaniyati sohasi til hodisalariga boshqa tomondan yondashadi: grammatik hodisalar, grammatik kategoriyalar, til qurilishi kabi masalalar bilan shug’ullanmaydi. Nutq madaniyati grammatik hodisalarga, til dalillariga asosan shu til adabiy me’yorlariga mos kelish – kelmasligi nuqtai – nazaridan yondashadi. Qanday holatda me’yorga qat’iy amal qilish juda zarur bo’lib, qanday holatlarda undan chekining mumkinligi, unga yo’l qo’-yilishi mumkinligi nuqtai - nazaridan baholaydi. Grammatik kategoriyalar, grammatik shakllar, til birliklariga adabiy til me’yori talabi bilan baho beradi. Ularning tabiati bilan shug’ullanmaydi. Jumladan, masalan so’zning qaysi turkumga oidligi, qanday grammatik kategoriyalarga, qanday fonetik yoki morfologik tuzilishlarga ega ekanligi nutq madaniyati fanining tekshirish ob’ekti emas. Biroq o’sha so’z o’zbek adabiy tilida kam qo’llanadimi, uning qo’llanishi, ma’lum bir shakli, talaffuz ma’lum bir ma’nosi bilan hozirgi tilda ishlatilib turishi o’zini oqlaydimi yoki yo’qmi ekanligi nutq madaniyashga aloqadordir.
"Tildagi so’zlar, grammatik shakllarning ma’no va vazifalari, ularning tuzilishi tilshunoslikda o’rganiladi. Biroq nutqning ma’lum bir jarayonida o’sha so’z yoki grammatik shakl qaysi shaklda va qaysi ma’noda qo’llanishi mumkinligi, qo’llashning o’zini oqlash - oqlamasligi nutq madaniyatiga aloqadordir.
Nutq madaniyatining aloqaviy sifatlaridan hisoblangai mantiqlilik va ta’sirchanlik ham, ma’lumki, adabiy til me’yorlariga to’la amal qilish orqali ta’minlanadi. Me’yorga amal qilmaslik mantiqsizlikni vujudga keltirib qo’yishi, nutqni buzishi mumkin. Masalan, «Kunlar isib ketdi, muzlar eridi» gapini olaylik. Bu gap bog’lovchisiz qo’shma gapdir. Grammatik qurilish to’g’ri, so’zlar o’zaro to’g’ri bog’langan, qo’shma gap qismlari hisoblangan har bir sodda gap orqali ifodalangan fikr ham to’g’ri, umumiy fikr ham mantiqqa mos keladi. SHu gapni «Muzlar eridi, kunlar isib ketdi» shaklida o’zgartirib ko’rilsa, yana har bir gap ifodalagan fikr ham, so’zlarning birikishi ham to’g’riligicha qolaveradi. Biroq mantiq buziladi. Demak, bu qo’shma gap qismlarining o’rinlashish tartibi faqat birinchi holatdagi kabi bo’lishi lozim.
Ko’rinadiki, lisoniy vositalarni yuqoridagi kabi noto’g’ri qo’llash, birinchidan nutqni buzsa, ikkinchidan mantiqiylikka va ta’sirchanlikka ta’sir qiladi. Demak, adabiy til me’yorining buzilishi, nutq sifatiy xususiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Ana shuning uchun ham nutq madaniyati sohasi tilshunoslik fani bilan – me’yoriy grammatika bilan chambarchas bog’liq holda bo’ladi va unga tayanadi.
Nutq madaniyati sohasining leksikologiya va semasiologiya sohalari bilan uzviy bog’liqligi hech shubhasizdir. Nutqiy aniqlik va mantiqiylikni tilning so’z boyligini egallamasdan, har bir so’zning ma’nolarini aniq bilmasdan turib ta’minlash mumkin emas. Jumladan, tildagi sinonimlarning yaxshi bilmasdan turib, tushunchalarni aniq ifodalab bo’lmaydi. Masalan, yuz so’zi anglatgan tushuncha bilan bashara so’zi anglatgan tushuncha bir xil emas: Basharangga odam qarab bo’lmaydi, yuzingga odam qarab bo’lmaydi gaplarini olib qaraylik. Bu ikkala gap ma’nosida guyo farq yo’qdek. Biroq birinchi gapda shaxsning butun gavdasi, ust - boshi ko’zda tutilsa, ikkinchi gapda yuzi ko’zda tutiladi. Demak, yuz va bashara so’zlari o’zaro sinonim bo’lsa - da, ular anglatayotgan tushunchalar bir - biridan farq qiladi.
Tilning so’z boyligini, uning sinonimlar, antonimlar, omonimlar sistemasini, har bir so’zning o’ziga xos ma’no va grammatik xususiyatlarini, ularning o’zaro munosabatlarini yaxshi bilish - nutqning tozaligi, ta’sirchanligi, ifodalilshi, qisqaligi kabi ko’pgina boshqa aloqaviy sifatlarni ham ta’minlaydi.
Demak, tilning lug’at tarkibini yaxshi bilmasdan turib, boy nutqga erishib bo’lmaydi. Nutq madaniyati ilmiy tarmoq sifatida lug’atshunoslik (leksikografiya) bilan uzviy aloqadorligipi ko’rsatadi. SHu o’rinda S.Akobirovning quyidagi fikri juda ahamiyatlidir: «Fikrni qisqa, aniq va to’g’ri ifodalash uchun muvofiq so’z topish kerak bo’lgan xollarda ham lug’atlardan foydalaniladi».
Nutq madaniyati sohasining tekshirish ob’ekti nutqning aloqaviy sifatlari yig’indisi va tizimini, ularni ta’minlovchi shart - sharoitlar, shu sifatlarning takomillashuvi, rivoji yoki qoloqlashishi, pasayishi kabilarni o’z ichiga olsa; uslubiyat sohasining ob’ekti til va nutq uslublarini o’rganshidir. Modomiki, uslubiyat nutq uslublarini ham o’rganar ekan, xuddi shu holatda nutq madaniyati bilan uning munosabati vujudga keladi. CHunki nutq madaniyati haqidagi ta’limot o’z-o’zidan til uslublarini batafsil aks ettirish, har bir uslubning o’ziga xos tomonlarga ega ekanligining imkoniyatlarining yoritilishiga ehtiyoj sezadi. CHunki nutqning aloqaviy sifatlari, odatda har bir uslub doirasida o’zgarishi, biri bir uslubda yaxshiroq namoyon bo’lgani holda, ikkinchisi boshqa bir uslubda sustroq namoyon bo’ladi. Masalan, publitistik uslubda aniqlik, to’g’rilik birinchi o’ringa chiqsa va yaxshiroq namoyon bo’lsa, badiiy uslubda ifodalilik, tasviriylik, obrazlilik, mantiqlilik kabi sifatlar birinchi o’ringa chiqadi. Badiiy uslubda badiiy tasvir vositalaridan keng foydalaniladi. SHuning uchun ham ba’zan, badiiy uslubda eskirgan va lahjaviy so’zlardan ham foydalaniladi, ba’zan so’z shakllarining o’zgartirilishiga ham ruhsat etiladi. Nutq madaniyati haqidagi ta’limot nutq uslublarining nutq aloqaviy sifatlariga ba’zan ijodiy, ba’zan salbiy ta’sir qilishi bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ham o’rganadi. CHunki kishilar har qanday sharoitda va o’z faoliyatlarining hamma sohalarida bir-birlari bilan aloqada bular ekanlar, ularning har biri o’z tilidagi lug’aviy grammatik va boshqa vositalarni tanlab ishlatishga harakat qiladi.
Ko’rinadiki, uslubiyat va nutq madaniyati bir - birini tamomila inkor etmaydi aksincha, bir - birini to’ldiradi, alohida - alohida soha bo’lishlariga qaramay, bir - biri uchun xizmat qiladi.
Nutq madaniyati ilmiy soha sifatida mantiqshunoslik va ruhshunoslik fanlari bilan chambarchas aloqada bo’ladi. Ma’lumki, mantiqiy tushunchalar va hukmlar bilan ish yuritadi. Madomiki, tushunchalar so’z bilan; fikrlar, hukmlar gap bilan ifodalanar ekan, ana shu so’zlar va gaplar bilan ular ifodalagan tushunchalar va hukmlarning bir - biriga mos kelgan -kelmaganligi, ular o’rtasida zidlikning bor - yo’qligi muhimdir.
Ma’lumki, so’zlar ko’p ma’noli bo’ladi va ular bir necha tushunchani ifodalashi mumkin: oyoq - odamning oyog’i, stulning oyog’i, mashinaning oyog’i kabi. SHuningdek, so’z o’zgarmay qolgani holda tushuncha o’zgarib ketishi mumkin: domla tushunchasi o’zgargan, so’z o’sha - o’sha.
Xuddi shuningdek, har bir hukm albatta ma’lum bir gap orqali ifodalansa-da, ba’zan gap bilan hukm bir-biriga mos kelmay qolishi ham mumkin. Masalan, farzandni kim sevmaydi, deysiz? gapi so’roq gap, inkor shaklida, biroq undan tasdiq hukmi anglashiladi. Ritorik so’roq gaplar ana shunday xususiyatlarga egadir. Bir hukm ba’zan bir necha gap orqali ham ifodalanishi mumkin. Buning natijasida sintaktik sinonimiya vujudga keladi. Men bu kitoblarni ukam yaxshi o’qisin deb oldim. Bu kitoblarni ukam yaxshi o’qisin degan maqsadda oldim.
Har ikki gap ham to’g’ri tuzilgan. Ular ifodalagan hukmda ham zidlik yo’q. Demak, nutqdan mantiqsizlik kuzatilmaydi. Ana shu nutqda mantiqsizlik yo’qligi mantiqiy kategoriya hisoblangan hukmning to’g’riligi bilan tasdiqlanadi. Berilgan hukm ikki xil gapda ifodalangan ekan. Birida hissiylik yo’q, ikkinchisida esa qisman bo’lsa-da his -tuygu bor.
Nutq madaniyati bilan ruhshunoslikning munosabati, nutqning o’rinli - o’rinsiz ekanligini belgilashda namoyon bo’ladi. So’zlovchi har - xil vaziyatlarda, har - xil odamlar o’rtasida bo’ladi. Demak, u o’z nutqini ana shu vaziyatlar va odamlar holatini hisobga olgan holda tuzishi kerak. Bundan tashqari tinglovchilar kayfiyati degan narsa ham bor. So’z tinglovchilarning zerikib turganligi sezilib tursa-yu, nutq qanchalik to’g’ri bo’lmasin, notiq o’sha zerikkanlikni his qilmasa va nutqni cho’zib yuborsa, uning ta’sir kuchi yo’qoladi. ,
Nutqni ta’sirchan qilishda tilning tasviriy
vositalaridan hisoblangan metonimiya, metafora kabilardai foydalaniladi. Nutq madaniyati bilan ruhshunoslik munosabatida ko’proq notiqning u yoki bu fikrini bayon qilishda odamlar kayfiyatini hisobga olishi birinchi o’rinda turadi. Har bir kishining, umuman tinglovchining kayfiyatiga qarab nutqso’zlash taqozo etiladi. Tinglovchilar bilan samimiy muomala hamma vaqt notiqning asosiy vazifasi bo’lishi lozim. Tinglovchilarning yuz va ko’z ifodalarini ko’rmay, sezmay turib, eng zo’r zarur gapni aytib yuborishni o’ylab ko’rish kerak. Ana shunday zarur gaplar hammaning diqqati tortilgan paytda aytilishi zarur.
Hamma vaqt ham tinglovchilar oldida uyalib qolmaslik, noo’rin so’zlarni, gaplarni ishlatib yubormaslik uchun notiq odamlar ruhiyatini chuqur ko’zda tutishi lozim, ularni qiziqtiradigan narsalarni topishga harakat qilishi, boshqa mavzu, boshqa hodisalarga o’tib ketmasligi kerak.
Har bir notiq uning nutqi qanday tuzilganda tilning qanday tasviriy vositalarini qaysi holatlarda, nutqning qaysi qismida ishlatganda tinglovchilar kayfiyatiga ta’sir qilinishi, ular kayfiyatini o’zgartirishini yaxshi bilishi lozim. Ana shundagina ko’zlangan maqsadga erishish mumkin.
Nutq madaniyati nafosat (estetika), badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, adabiy tanqidchilik kabi fanlar bilan uzviy aloqadadir. CHunki yaxshi nutq tinglovchiga estetik zavq berishi kerak, uni hayajonlantirishi lozim. Badiiy nutq esa ta’sirchan nutq bo’ladi, shu orqali kishilar ongiga ta’sir etadi. Unday nutq egasi badiiy tasvir vositalaridan juda keng foydalanadi.
Badiiy nutqning adabiy til me’yorlariga munosabati ham boshqacha. Unda ba’zi adabiy me’yorlardan chekining ham uchrashi mumkin. Biroq bunda ma’lum bir maqsad ko’zda tutilgan bo’ladi.
Xullas, nutq madaniyati sohasi ko’pgina boshqa fanlar bilan ham o’zaro munosabatda bo’ladi. Ayniqsa, uning tilshunoslik, uslubiyat, notiqlik san’ati, matnshunoslik, ruhshunoslik, falsafa hamda adabiyotshunoslik fanlari bilan aloqasi juda mustahkamdir.
Tabiat va jamiyatda inson tilidek murakkab, serqirra, serqatlam, servazifa, shakl va mazmun mosligi hodisasi kamdan-kam topiladi. Til dunyoni bilish, bilimlarni to’plash, saqlash, keyingi avlodlarga yetkazish, ruhiy kategoriyalarni voqelantirish kabi bir qancha vazifalarni bajarishga qaramasdan asosiy e’tibor uning kishilar o’rtasidagi aloqani ta’minlash vazifasiga qaratib kelindi.
Tilni faqat insonlar o’rtasidagi aloqa vositasi sifatidagina talqin etish insonning tabiiy tilini, bu benihoya murakkab va muhtasham hodisani soddalashtirishdan, aniq bir milliy qiyofa yoki milliy - ruhiy zamindan mutloqo mosuvo bo’lgan sun’iy tilga (masalan esperanto) tenglashtirishdan, yo’l harakatini tartibga solish maqsadida yaratilgan shartli «til» ga baravarlashtirishdan boshqa narsa emas. Agar til faqat aloqa vositasigina bo’lganda edi. U juda oddiy, sodda va qashshoq bir narsaga aylangan bulardi.
Holbuki, til bemisil boy, sehr-u sinoatga, ruh-u ruhoniyatga, ko’rk -u komillikka limmo - lim bir xilqatdir.
CHinakkam nutq madaniyati esa tilni ana shunday rangin xilqat tarzida idroq etish asosida shakllanadi.
Aniqki, nutq madaniyati jamiyat madaniy - ma’rifiy taraqqiyotining, millat ma’naviy kamolotining muhim belgisidir. Haqiqiy ma’nodagi madaniy nutq shaxs umummadaniy saviyasining favqulodda muhim unsurlaridan biridir. SHuning uchun ham mamlakatimizda ma’naviy - ma’rifiy isloxotlar davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi deb e’lon qilingan bugungi kunda nutq madaniyati ko’nikmalari va malakalarini oshirish, ta’lim jarayonlarining barcha bosqichlarida madaniy nutq muammolarini yetarli darajada nazarda tutish har qachongidan ham dolzarblik kasb etganligi bejiz emas.
Respublikamizning «Davlat tili haqida» gi, «Ta’lim to’g’risida» gi qonunlari, Kadrlar tayyorlash bo’yicha Milliy Dastur va boshqa juda ko’plab hujjatlarda ma’naviy - ma’rifiy tarbiya, til masalalariga alohida ahamiyat berilgan. Jamiyatimizning har bir a’zosi, har qanday mutaxassis, zamon bilan hamqadam kadr, eng avvalo, o’z ona tilisining sobit sohibi bo’lmog’i lozim. Prezidentimiz I.Karimov ham o’z nutqlarida shunday ta’kidlaganlar: «O’z fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go’zal va lo’nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalombor, rahbar kursisida o’tirganlarni bugun tushuning ham, oqlash ham qiyin».
Fikrni ona tilida mustaqil, ravon, go’zal va lo’nda ifoda etmoq uchun odamda nutqiy madaniyat yetarli darajada bo’lmog’i lozim.
Zero,nutq madaniyati tildan bemalol va maqsadga o’ta muvofiq tarzda foydalana olishni ta’minlaydigan ko’nikma, malaka va bilimlarning jami demakdir.
Nutqning madaniyligini ta’min etadigan to’g’rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik, soflik kabi bir qancha sifatlar mavjud. Ana shu kommunikativ sifatlarning barchasini o’zida mujassamlashtirgan nutq madaniy nutq hisoblanadi.
Albatta, nutqning to’g’riligi, ya’ni uning adabiy til me’yorlariga qat’iy mosligi madaniy nutqning asosiy, markaziy sifatidir. Ammo har qanday to’g’ri nutq madaniy bo’lavermaydi. U yuqorida aytilgan boshqa kommunikativ sifatlarga ega bo’lgandagina chin ma’nodagi madaniy nutq atamasini oladi. SHunga qaramasdan, uzoq vaqtlar bizning ta’lim tizimimizda, asosan, nutqning to’g’riligigagina diqqat qilindi, shu sifatni o’rgatishga zo’r berildi.
Rossiyada Pyotr I zamonida shunday farmon chiqarilgan ekan, unga ko’ra jismoniy yoki nutqiy nuqsonga ega bo’lgan odam, har qancha yetuk mutaxassis bo’lmasin, dars berish uchun sinfga kiritilmagan. Dunyoda boladay ziyrak taqlidchi va tanqidchi yo’q, shuning uchun «jonli ko’rgazmali qurol» har jihatdan to’kis va tugal bo’lishi lozimligi oddiy mantiqning talabidir.
O’qituvchining asosiy quroli «ketmoni» uning tili, nutqi ekan, bu qurol samarali ishlamog’i uchun u o’tkir bo’lishi kerak, shuning uchun «O’qituvchi nutq madaniyati» fani faqat filologiya fakulьteti talabalarigagina emas, balki har qanday fan o’qituvchilarini tayyorlaydigan fakulьtetlarda ham o’qitilyapti.
Xulosa qilib aytganda, nutq madaniyati muammolarini ilmiy asosda o’rganishni yanada chuqurlashtirish ham bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etdi. Bu borada anchagina ishlar qilingan. Ammo hali qilinadigan ishlar juda ko’p. Mustaqillik sharofati bilan erkin taraqqiyot yo’liga tushib olgan tilimizning o’z tabiatiga xos mezonlarni tayin etish unuttirilgan boyliklarni tiklash, sofligini ta’minlash tamo-yillarini takomillashtirish, bir necha ming -yillik madaniyatimiz tarixidagi nutqiy odob an’analarini o’rganish, so’zni benazir ne’mat sifatida ardoqlagan ulug’ ajdodlarimizning ulkan merosini bor bo’yicha ko’rsatib berish o’qituvchilar va bo’lajak o’qituvchilar oldida turgan muhim vazifalardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |