Nogironlar bilan ijtimoiy ishga tarixiy yondashuv
Insoniyat o’z tarixida har doim ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan imkoniyatlari cheklangan odamlar bilan to’qnash kelgan. Rivojlanishning turli davrlarida ularga munosabat ham turlicha bo’lgan. «O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan «nogiron — jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs. Shaxsning turmush faoliyati cheklanganligi —shaxsning o’ziga o’zi xizmat qilish, harakatlanish, yo’lni topa olish, muloqot qilish, o’z xatti-harakatini nazorat etish, shuningdek o’qish va mehnat faoliyati bilan shug’ullanish qobiliyatini yoki imkoniyatini to’la yoxud qisman yo’qotganligi»dir.2 Bu so’z lotincha invalidus so’zidan olingan bo’lib, aynan «kuchsiz, kuchli emas» degan ma’no anglatadi, ya’ni, in — «emas» Q validus — «kuchli», boshqacha aytganda, bu – jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy jihatdan kamchiligi bo’lgan inson faoliyatida mavjud to’siq yoki cheklovlarni bildiradi.3
Qadim zamonlardan beri olimu, ulamolar, faylasuflarni og’ir kasalliklarga chalingan yoki rivojlanishdan orqada qolgan kishilarning yashashi, ularni davolash va o’qitish masalalari o’ziga jalb etib kelgan. Qadimgi Yunoniston, Rim, Vizantiya, Sharq faylasuflari va donishmandlari, jumladan Aristotel, Seneka, Tsitseron va boshqalarning asarlarida jamiyat va jismoniy imkoniyatlari cheklangan insonlar o’rtasidagi munosabat mavzusi ham e’tibordan chetda qolmagan.
Odatda sog’lig’i bilan bog’liq muammolari mavjud kishilar soni urush va harbiy harakatlardan keyin ko’payib ketgani bois, ana shu urushlar paytida yaralangan, jarohat olgan, kasallik orttirgan sobiq harbiylarga aholida e’tibor qaratilgan. Sog’lig’ida muammosi mavjud bo’lgan ana shu sobiq jangchilar «nogiron» (invalid) deb atalgan. Frantsiyada ushbu atama armiyada harbiy xizmatni o’tagan va davlat oldida xizmat ko’rsatgan, yaralangani, jarohat olgani yoki qarigani bois harbiylikka yaramay qolgan jangchilarga nisbatan qo’llanilgan. Besh yuz yildan ortiq vaqt mobaynida davlat sog’lig’i bilan bog’liq muammosi mavjud insonlarni ikki guruhga ajratib kelgan. Birinchi guruhga armiyada xizmat qilgan va yaralanish, jarohat olish yoki keksayganligi sabab sog’lig’ida muammolar paydo bo’lgan nogironlar kiritilgan. Ikkinchi guruhdan esa hech qachon harbiy xizmatni o’tamagan, jarohatlari, kasalliklari tug’ma, kundalik turmushda yoki ishlab chiqarish jarayonida orttirilgan bolalar hamda katta yoshdagi aholi kiritilgan. Bu guruh mayib-majruxlardan iborat bo’lgan.
Qadimgi Yunonistonda harbiy nogironlar oilasi bilan davlat qaramog’ida bo’lgan. Rimda esa nogironlarga yer uchastkalari, janglarda qo’lga kiritilgan o’ljadan ulush ajratilgan, shuningdek pul ta’minoti belgilangan. Nogironlar jamiyatning obro’-e’tiborli kishilari sanalishgan, hamda ijtimoiy ta’minotning anchayin rivojlangan tizimi ular xizmatida bo’lgan. Sog’lig’i bilan bog’liq muammosi mavjud kishilarning ikkinchi toifasi esa odatda g’aribxonalarda, nogironlar uylarida saqlangan. Bu erda ular taom va boshpana bilan ta’minlangan. Qadimgi Rusda mayib-majruxlar uchun ilk g’aribxonalar Ivan Grozniy podsholigi davrida paydo bo’lgan (1551 yil). O’rta asrlarda Frantsiya va Angliyada harbiy nogironlarga qarash monastirlar zimmasiga yuklatilgan. Ispaniyada, keyinroq esa Angliya va Gollandiyada yaralangan va jarohat olgan harbiy nogironlarga pensiya va bir martalik moddiy yordam to’lanishi tizimi yo’lga qo’yilgan4. 1606 yilda Frantsiya qiroli Genrix IV tomonidan yaralangan, kasalga chalingan va qarib qolgan harbiylar va ularning oila a’zolari uchun harbiy g’aribxonalar tizimi joriy etilgan. U ikkita, ya’ni nasroniy rahm-shafqat hamda avliyo Lyudovik gospitallaridan iborat bo’lgan.
1671 yilda Lyudovik XIV Parijda mashhur Hotel des invalidsga asos soladi. Xuddi shu davrda Angliyada ham ana shunday uylar paydo bo’ladi: ular avval Chelsi va Grinvichda (dengizchilar uchun), sal keyinroq esa Berlinda va Avstriyada ochiladi. XVI asrdan boshlab Frantsiyada nogironlarga davlat g’aznasidan nafaqa tayinlanadi. Ammo Parijda nogironlar uyi (Hotel des invalids) ochilganidan keyin monastirlarga nafaqa ajratilishi to’xtatiladi va nafaqalarning hammasi ana shu uydagi nogironlarning ta’minotiga yo’naltiriladi. Ayniqsa, Napoleon I nogironlarga alohida g’amxo’rlik ko’rsatgan. U o’z armiyasi faxriylarining obro’sini yuqoriga ko’tarib qo’ygan edi. Shundan keyin Evropaning boshqa davlatlarida ham nogironlar rotalari paydo bo’lib, ularda nogironlar jangovar xizmat bilan bog’liq bo’lmagan harbiy lavozimlarga tayinlangan. Bu rotalar turli shaharlarga joylashtirilgan. Ularda harbiy xizmat davrida yaralangan, jarohat olgan va kasallik orttirgan quyi lavozimdagi harbiylar xizmat qilib, ichki xizmat va front orti bilan bog’liq turli vazifalarni bajarishgan. Bugunga kelib, Frantsiyada bunday nogironlar rotalari butunlay barham topgan.
1887 yilda Prussiyada 6 ta nogironlar rotasi mavjud bo’lib, ularning har birida o’rtacha 100-120 kishi xizmat qilgan, shuningdek saroy tasarrufida gvardiyachi nogironlar rotasi faoliyat olib borgan5. Rossiya imperatori Petr I 1720 yil 3 maydagi Farmoni bilan harbiy xizmat davrida yaralangan, jarohat olgan yoki kasallik orttirgan va harbiy kollegiya tomonidan xizmatni davom ettirishga yaroqsiz deb topilgan barcha ofitserlar va quyi lavozimdagi harbiy xizmatchilarni monastirlar hamda g’aribxonalarga joylashtirishni va ularga umrining oxirigacha garnizon maoshlari darajasida nafaqa tayinlashni belgilab qo’yadi. Oradan ikki yil o’tib, 1722 yil 12 apreldagi Farmon bilan mazkur toifadagi nogironlarning nafaqa miqdori kamaytiriladi hamda uni faqat monastir va g’aribxonalarga joylashganlargina olishi mumkinligi to’g’risidagi tartib joriy etiladi. Oradan yana ikki yil o’tib, 1724 yil 6 fevraldagi Farmon bilan oila qurgan nogironlarga nafaqa to’lash, endi ular monastirlarda yashay olmasliklari bois to’xtatiladi. Ekaterina II 1764 yilda Rossiyadagi monastirlar ruxoniylari shtatlari sonini belgilash to’g’risida Farmonga imzo chekadi. Shuningdek, u nogironlarning faqat belgilangan shaharlardagina yashashlari to’g’risida buyruq beradi. Bu erda ular yiliga 80 ming rubl miqdorida nafaqa olishadi.
Rossiyadagi ilk nogironlar uyiga Ekaterina II hukmronligi davrida – Kamennoostrovskiyda asos solingan. XVIII oxirlarida garnizon batalonlari tasarrufida nogironlar rotalari tuziladi. 1811 yilga kelib barcha nogironlar uch toifaga ajratiladi: harakatchan, xizmat qila oladigan va xizmat qila olmaydigan6. Har bir toifa ichki xizmat batalonlari komandirlariga bo’ysunuvchi maxsus komandalarni tashkil qiladi. Xizmat qila oladigan va xizmat qila olmaydigan nogironlardan tuzilgan komandalar to 1823 yilgacha, ya’ni tarqatib yuborilguniga qadar barcha uezd shaharlarida mavjud bo’lgan. Birinchi toifaga kiruvchi, ya’ni harakat qila oladigan nogironlar rotalari dastlab gospitallar va boshqa tashkilotlarda xizmat qilishga mo’ljallangan edi.
Nikolay I davrida nogironlar uylari soni ortdi va ular harbiy g’aribxonalar deb atala boshlandi. Nikolay I hukmronligi davrining oxirlariga kelib quyidagi miqdorda nogironlar komandalari mavjud edi: gvardiyachi rotalar – 15 ta, turli idora va nomlarga oid harakat qila oladigan nogironlar rotalari – 104 ta, uezd nogironlar komandalari soni – 564 ta va etap rotalari bo’lgan7. 1864 yilda ichki xizmat korpusi tarqatib yuborilishi munosabati bilan nogironlar komandalari ham tarqatib yuboriladi8.Rossiyada g’aribxonalar 1918 yilga qadar faoliyat olib borgan va butun faoliyati davomida mayib-majruxlarga g’amxo’rlik ko’rsatiladigan va boshpana beriladigan maskan vazifasini bajarib kelgan. Bu toifaga mansub kishilar e’tiborli insonlar maqomiga ega bo’lmagan va pensiya yoki boshqa turdagi nafaqalar olishmagan. G’aribxonalar cherkovlarning mablag’lari hisobidan faoliyat olib borgan. Mayib-majruxlar uchun ta’minot uylari tashkil etilib, ular ijtimoiy ta’minot Mahkamasi tomonidan nazorat qilingan. Ta’minot uylari tijorat faoliyatidan olinadigan foyda, xususiy shaxslarning xayriyalari hisobidan ta’minlab turilgan. O’smirlar uchun mo’ljallangan etimxonalarda kasb o’rgatish va bo’lg’usi tijorat faoliyatiga tayyorlash maqsadida hunarmandchilik ustaxonalari tashkil qilingan. 1898 yilda Mariya Fedorovna hazrati oliyalarining «istagi va qarori bilan» kar-soqov katta yoshdagi fuqarolar va bolalar uchun vasiylik joriy etiladi. Moskva va Sankt-Peterburgda ular uchun ustaxonalar, mehnatga o’rgatish uylari ochiladi. Vasiylar kar-soqovlar uchun ish izlashadi hamda ular tijorat faoliyati olib borishlarida ko’maklashishadi9.
1832 yil Myunxenda (Bavariya, Germaniya) Yogan Edler fon Kurts bir qo’li yo’q o’g’il bolalar uchun xalq maktabi bilan bir xil va teng ta’lim beradigan tarbiya institutini tashkil etadi. Uning maqsadi nogiron bolalarga hunar yoki «erkin kasb» o’rgatish bo’lgan. Bu bolalar tibbiy nazorat ostida bo’lgan va davolash muolajalari olishgan. 1874 yildan institutda bir qo’li yo’q qiz bolalar ham o’qitila boshlaydi va ular bu erda tikish, bichish, to’qish va uy-ro’zg’or yuritish ko’nikmalarini o’rganishadi. 1897 yilga qadar Germaniyada Myunxen institutiga o’xshash 8 ta maktab ochiladi va ularda jami 550 nafar nogiron bolalar ta’lim olishadi10.
1872 yilda pastor va filantrop Gans Knudsen (Kopengagen, Daniya) mayib-majruxlarga yordam Jamiyatini, ortopediya klinikasini, kasbiy ta’lim maktabini va ishlaydigan nogironlar uchun ustaxona ochadi. Mazkur maktab faoliyati 1884 yil Kopengagen shahrida bo’lib o’tgan shifokorlarning Xalqaro kongressida tilga olinadi. Mayib-majruxlar bilan ishlashdagi bu tajribaga shifokorlar ijobiy baho berishadi va tez orada ushbu tajriba Skandinaviya davlatlari (Shvetsiya, Norvegiya)da ham jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga yordam ko’rsatish sohasiga joriy etiladi. Peterburgda (1895 yil) Qizil Xoch Qo’mitasi pastor Gans Knudsen tajribasiga tayanib yetimxona – mayib-majruxlar uchun maktab, miskinlar va kasallarga vasiylik qilish Jamiyatining Petrovsk va Vasileostrovsk bo’limlari qoshida katta yoshdagi nogironlar uchun etimxona ochadi. XIX asrda va XX asr boshlarida mayib-majruxlarni davolash, ularga kasb o’rgatish va ijtimoiy moslashuviga ko’maklashish bilan bog’liq tadbirlar Evropa, AQSh va Rossiyada homiylar, jamoa tashkilotlari, birinchi galda Qizil Xoch Jamiyati hisobidan amalga oshirilgan11.
Do'stlaringiz bilan baham: |