1 Mavzu: Materiallar qarshiligi fani, ahamiyati, boshqa fanlar bilan bog‘lanishi. Asosiy tushunchalar va qabul qilingan gipotezalar. Kuchlanish va deformatsiya tushunchalari
Reja:
1.1. «Materiallar qarshiligi» fani haqida asosiy tushunchalar
1.2. Muhandislik tuzilmalari qismlarining hisob sxemalari
1.3. Fanda qabul qilingan asosiy faraz va cheklanishlar
1.4.Kuchlanish va deformatsiya tushunchalari.
Tayanch so'z va iboralar: mustaxkamlik, bikrlik, ustivorlik. «Nazariy mehanika» bilan farqlar. Tuzilmalarning elementlari: brus, plastinka, qobiq, massiv, sterjen, val, balka, ferma, rama. Farazlar: tuzilishning uzluksizligi, bir jinslilik, izotroplik, zo'riqmaganlik, ta'sirlarning mustahilligi principi.
1.1. «Materiallar qarshiligi» fani haqida asosiy tushunchalar
«Materiallar qarshiligi» fani umummuhandislik fani hisoblanib, konstruksiyalar (tuzilmalar), inshootlar, mashina va mexanizmlar qismlarini mustahkamlikka, bikrlikka va ustivorlikka hisoblash usullarini o‘rgatadi.
Mustahkamlik - yuqoridagilarning tashqi kuchlar ta’sirida emirilishiga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatidir.
Muhandislik tuzilmalarining me’yoriy ishlashlarini ta’minlash uchun ularning qismlarining deformatsiyasini, ya’ni tashqi kuchlar ta’sirida shakl va o‘lchamlarining o‘zgarishini chegaralash zarur bo‘ladi. Bikrlik - muhandislik tuzilmalari qismlarining tashqi kuchlar ta’sirida deformatsiyalanishga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatidir.
Muhandislik tuzilmalari qismlarining tashqi kuchlar ta’sirida o‘zlarining dastlabki muvozanat holatlarini saqlash qobiliyatlari ustivorlik deyiladi. Tuzilma qismining tashqi kuchlar ta’sirida o‘zining dastlabki muvozanat shaklini va deformatsiyalanish tarzini sifatan o‘zgartirmasligi uning me’yoriy ishlashida nihoyatda muhimdir.
Muhandislik tuzilmalariga qo‘yiladigan mustahkamlik, bikrlik va ustivorlik talablari iqtisodiy talablar bilan ziddiyatli echimlarga ega. CHunki, birinchi uchta talablarni qondirish uchun materialni ko‘proq sarflash talab qilinsa, iqtisodiy talablar xarajatlarni kamaytirish uchun material sarfini kamaytirishni nazarda tutadi. «Materiallar qarshiligi» hisob usullari yordamida bu ziddiyatli talablar kesishuvli echimlarga keltiriladi.
«Materiallar qarshiligi» faniga oid dastlabki ishlarni tarixda 1638 yildagi G. Galiley (Italiyaning Paduya shahridagi o‘quv yurtining matematika professori) ishlari bilan bog‘lashadi. Ba’zi manbalarda Italyan olimi Leonardo Da Vinchi (1452-1519) ham ba’zi hisoblarni bajarganligi ko‘rsatiladi. Fanning vujudga kelishi va rivojlanishida R. Guk, E. Mariott, Dyugamel, SH. Kulon, YA. Bernulli, T. YUng, O. Koshi, A. Sen-Venan, O. Mor, L. Eyler, D.Juravskiy, F. YAsinskiy, S. Timoshenko, A. Belyaev, S. Ponomarev, V. Feodos’ev, o‘zbek olimlaridan M. O‘razboev, X. Raxmatullin, K. Mansurov, T. Rashidov, Q. Abdurashidov va boshqalarning tadqiqotlari va yaratgan adabiyotlari katta hissa qo‘shdi.
Materiallar qarshiligidan dastlabki kitob Fransiyada 1826 yilda nashr qilindi.
Ayni paytda ham ushbu fanning hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalarining etarliligini ta’kidlash lozim.
Bu fan o‘z masalalarini boshqa fanlarga asoslanib, ular bilan uzviy aloqada hal qiladi. Materiallar qarshiligi fani, ayniqsa, nazariy mexanika fani bilan bog‘liq. SHu bilan birga ular orasida ba’zi masalalarga turlicha yondoshish ham mavjud. Masalan, nazariy mexanika jismlarni absolyut qattiq deb hisoblasa, materiallar qarshiligi fanida ularning deformatsiyalanishlari ham nazarda tutiladi. Ushbu asosiy ziddiyat oqibatida nazariy mexanikaning to‘plangan kuchni ta’sir chizig‘i bo‘yicha, juft kuchni o‘z ta’sir tekisligida ko‘chirish qoidalarini deformatsiyalanuvchi jismlar mexanikasida qo‘llab bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |