Mustaqillik yillarida ma’naviyatga berilayotgan e’tibor. Mustaqillik bizni porloq rivojlanish imkoniyatlariga ega qildi. Xalqimiz katta orzu-maqsadlar va intilishlar bilan yashayapti. Xuquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyati - oldimizda turgan nurafshon manzildir. Ammo bu manzillar o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi, uni o‘z-o‘zidan mashaqqatsiz, izlanishlarsiz, yaratuvchilik, ijodkorlik ishlarisiz egallanmaydi. Yangi jamiyat yuksak darajada rivojlangan ongni, ma’naviy kamolotni yanada baland bosqichga ko‘tarilishini taqazo etadi. Ilg‘or demokratik qoida va tushunchalar bilan boyigan milliy mustaqillik mafkuramiz ana shu yangi ma’naviyatning hal qiluvchi mezonlaridan biridir.
Yangi O‘zbekistonimizda ma’naviyat masalasiga ham yangicha yondashilib, barcha imkoniyatlar mustaqil davlatimiz tomonidan, bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan yaratib berilmoqda. Bu imkoniyatlarni ruyobga chiqarish uchun tarixchi, olim, adabiyotchi, san’atkorlarmizdan, qo‘yingki milliy ma’naviyatimiz jonkuyarlaridan g‘ayrat-shijoat, qunt bilan ishlash, izlanish talab etiladi. Prezidentimiz aytganlaridek, xalqimizning tayanchi ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosning o‘zi katta bir xazina. Bu xazinadan mustaqilligimizni mustahkamlashda oqilona foydalanishimiz lozim.
Bugun, mustaqillik davrida tarixga, madaniyatga, dinimizga nisbatan noxolis munosabatga barham berildi. O‘zbek tiliga Davlat maqomining berilishi, tarixiy asarlarimizning keng ko‘lamda o‘rganilayotganligi, milliy-diniy qadriyatlarning xalqqa qaytarilayotganligi - bularning barchasi istiqlol bergan imkoniyatlar bo‘lib hisoblanadi.
Jamiyat ma’naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim sharti va kafolatidir. Biron – bir mamlakat o‘z ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay, xalqning milliy ruhini uyg‘otmay va mustahkamlamay turib yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarila olmaydi. Ma’naviyat insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, inson ichki olamini boyitadigan, uning iymon-irodasini, e’tiqodini mustahkamlaydigan, vijdonini uyg‘otadigan qudratli botiniy kuchdir. Shuning uchun ham mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish Vatanimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi, deb belgilandi.
Jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilish, milliy va axloqiy qadriyat hamda an’analarning, muqaddas dinimizning o‘rni va ahamiyati katta. Biron – bir xalq o‘z tarixini bilmay, asrlar osha yaratilgan ma’naviy merosga tayanmay va uni yanada rivojlantirmay turib, o‘z kelajagini tasavvur eta olmaydi. Shu boisdan mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan xalqimiz tarixi O‘zbekiston Respublikasining 1-Prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan chuqur tahlil etildi, xolisona, haqqoniy yoritildi, bir qator adabiyotlar nashr etildi.
Mustaqillik yillarida boy merosimizni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qo‘shgan bobokalonlarimizning ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud kunlari butun mamlakat miqyosida nishonlandi. YuNESKO bilan hamkorlikda quyidagi buyuk allomalar, davlat arboblari, mutafakkirlar va shoirlarimizning yubileylari nishonlandi:
1991 y. – Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi.
1994 y. – Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi.
1996 y. – Amir Temur tavalludining 660 yilligi.
1997 y. – Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi.
1998 y. – Ahmad Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi.
1998 y. – Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi.
1999 y. – Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi.
1999 y. – “Alpomish” eposining 1000 yilligi.
2000 y. – Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi.
2000 y. – Imom Moturudiy tavalludining 1130 yilligi.
2000 y. – Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligi.
2001 y. – “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi.
2002 y. – Termiz shahrining 2500 yilligi.
2002 y. – Shaxrisabz shahrining 2700 yilligi.
2003 y. – Abdulxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligi.
2005 y. – Kamoliddin Behzod tavalludining 550 yilligi.
2006 y. – Amir Temur tavalludining 670 yilligi…
2007 y. – Toshkent shahri – Islom madniyati poytaxti deb;
2020 y. – Buxoro – islom olami madaniyati poytaxti deb e’lon qilindi.
Mustaqillik yillarida buyuk shaxslarning xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorliklar majmualari jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy ong va milliy g‘ururni ko‘tarishga hamda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongida mustaqillik mafkurasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ko‘plab Sharq allomalarining o‘nlab nodir va noyob asarlari o‘zbek, ingliz, fransuz, nemis, yapon va boshqa xorijiy tillarda nashr etildi, bularga: Imom al-Buxoriy, Ahmad al-Farg‘oniy, Hakim at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom al-Moturidiy, Maxmud-az Zamaxshariy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Sharafiddin Ali Yazdiy, An Nasaviy va boshqalarni kiritish mumkin.
YuNESKO homiyligida Sharq madaniyati, san’ati va tarixiga bag‘ishlangan lazer disklari chiqarildi.
Vatanimiz ozodligi yo‘lida shahid ketgan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usion Nosir va boshqa xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati o‘z joyiga qo‘yildi. Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui, fashizmga qarshi Vatan ozodligi uchun jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira maydoni” barpo etildi.
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Respublikada 17 diniy konfessiya ro‘yxatga olingan va rasman faoliyat ko‘rsatmoqda, 170 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O‘zbekistonda yashovchi 130 millat va elat vakillari o‘zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 1,7 mingdan ortiq masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagoglar va boshqa dini ymarkazlar ta’mirlandi va yangidan qurildi, 10 dan ortiq diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda, Toshkent Islom Universiteti va Akademiyasi, Buxoroda Jo‘ybori Kalon qizlar madrasasi va Bahouddin Naqshband ziyoratgohi huzurida Mir Arab oliy madrasasi ochildi, Ramazon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami – Navro‘z qayta tiklandi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqi birinchi marta bevosita hukumat homiyligida haj va umra amallarini ado etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston hududida xalqning ulug‘vor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta’mirlandi. Hozirgi vaqtda respublikada 70 muzey, 37 teatr, 2500 kinoteatr, 3000 dan ortiq kutubxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston konservatoriyasining hashamatli yangi binosi bunyod etildi, O‘zbekiston Milliy drama teatri va viloyatlardagi teatr binolari butunlay qayta ta’mirlandi va yangilandi.
Uzoq asrlar qa’ridan chiqib kelayotgan insonparvar urf-odatlar va an’analar, madaniy qadriyatlar ehtiyotlab asralmoqda va boyitilmoqda. Maqomchilar, to‘y-marosim qo‘shiqlari, shoir-baxshilar, va folklor-etnografik dastalarning o‘nlab ko‘rik tanlovlari o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda, pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimizda o‘zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o‘rni va ahamiyati qayta tiklandi, uning ravnaqi, qo‘llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar tillari, qadr-qiymati ham o‘z o‘rniga qo‘yilgan.
Ma’naviyatni shaxs, millat, davlat va jamiyatning qudratli kuchi sifatida o‘rganish faqat mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyingina boshlandi. Uni bu shaklda o‘rganish esa hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, mustaqillik sharoitidagi milliy tafakkur taraqqiyotimizda yangi yo‘nalishdir. Bu yo‘nalishning paydo bo‘lishini va uning konseptual g‘oyalarini nazariy jihatdan ishlab chiqish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nomi bilan bog‘liqdir. Uning asarlari, risolalari, ma’ruzalarida ma’naviyat tushunchasi mohiyati ochib berilgan. Bu ma’naviyatni mustaqil omil sifatida o‘rganish uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki har qanday ilgari surilayotgan g‘oyalarning mohiyati ochib berilmas ekan, uning jamiyat taraqqiyotida millat va shaxs kamolotidagi rolini belgilash mumkin bo‘lmaydi.
Ma’naviyat o‘z-o‘zidan shakllanadigan narsa emas, u avvalo har bir insonning ichki ma’naviy salohiyatini shakllantirish yo‘lida barcha moddiy va ma’naviy boyliklarni o‘zlashtirish, Vatan va millat manfaatlari yo‘lida halol, fidoyilik bilan mehnat qilish jarayonida shakllanadi. Shu ma’noda ham O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti: «Ma’naviyat – taqdirning ehsoni emas. Ma’naviyat inson qalbida kamol tapishi uchun u qalban va vijdonan, aql va qo‘l bilan mehnat qilishi kerak»14 ligini ta’kidlaydi. Jumladan, u Oliy Majlisning XIV-sessiyasidagi «O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda» mavzusidagi ma’ruzasida ma’naviyat tushunchasiga quyidagi fundamental ta’rifni beradi: «Ma’naviyat... insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, inson ichki olamini boyitadigan, uning iymon-irodasini, e’tiqodini mustahkamlaydigan vijdonini uyg‘otadigan qudratli botiniy kuch...»15 dir.
Avvalo shuni aytish kerakki, ma’naviy barkamol inson tushunchasining o‘zi keng qamrovli, serqirra tushuncha. Ma’naviy barkamol inson - komil inson tushunchasi bilan hamohangdir. Ayni vaqtda ma’naviy barkamol inson tushunchasi sog‘lom avlod tushunchasi bilan ham bog‘lanib ketadi. Ilmiy adabiyotlarda bu tushunchalar alohida-alohida ishlatilsa-da, mohiyatan ularning hammasi inson axloqi va odobini, ularda shakllangan barcha ijobiy xislatlarni, ularning insonlarga, jamiyatga va Vatanga bo‘lgan munosabatlaridan tortib, toki oilaga, ota-onaga va boshqalarga munosabatlarining barcha qirralarini qamrab oladi.
Mustaqillikka erishib, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga birinchi darajali ahamiyat berishimiz, mustaqillikni mustahkamlash vazifalari, tarbiya sohasida sog‘lom avlod, ma’naviy barkamol inson, komil inson kabi tushunchalarga izoh berishni, ularning mohiyatini ochib berishni taqozo etmoqda. Yuqorida aytganimizdek ular mohiyati birday tushunchalar. Insonni to‘g‘rilikka, halollikka, poklikka, vatanparvarlik va insonparvarlikka, ezgulikka va qo‘yingki, yuksak axloqlilikka yo‘llash bu tushunchalarning mohiyati va mazmunini tashkil etadi. Hozirgi kunda bu masalalarga birinchi darajali ahamiyat berishimizning boisi - iymoni, e’tiqodi va axloqiy fazilatlari - qo‘yingchi, ma’naviyati kuchli, milliy mas’uliyat to‘yg‘usi qalbida chuqur ildiz otgan, ma’naviy barkamol fuqarolarga ega mamlakatgina mustaqil va barqaror rivojlana oladi. Buyuk kelajak ma’naviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi, qad ko‘taradi. Boshqacha aytganda ma’naviy barkamol insonlargina buyuk kelajakni yarata oladilar. Shuning uchun ma’naviy barkamol insonni, sog‘lom avlodni tarbiyalash muhim va dolzarb masala. Bu masalada yurtboshimizning qo‘yidagi sabog‘i ibratlidir: «Biz sog‘lom avlodni tarbiyalash, voyaga yetkazishimiz kerak. Sog‘lom kishi deganda faqat jismoniy sog‘lomlikni emas, balki Sharqona axloq-odob va umumbashariy g‘oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunamiz» Bu fikrlardan ko‘rinib turibdiki, Sharqona odob-axloq va umumbashariy g‘oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak ma’naviyatli, ya’ni ma’naviy barkamol, komil inson hisoblanadi. Ma’naviy barkamollik insonning dunyoqarashi, e’tiqodi, ruhiyati, xulq-atvor normalari, axloq-odobi bilan bevosita aloqadorligi bilan ajralib turadi. Ma’naviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini o‘ylaydilar. Ular mutelikda, qaramlikda yashashni istamaydilar.
Sog‘lom deganda, biz faqatgina jisman baquvvat farzandlarimizni emas, balki ma’naviy boy avlodni, aqliy rivojlangan, axloqiy pok, ma’rifatli farzandlarni, avlodni tushunmog‘imiz kerak. Bunday kishilar o‘zlarida xalqimizning eng ardoqli fazilatlari - iymon va insof, mehr-oqibat, shafqat va rahmdillik, uyat va andisha, or-nomus, o‘zaro hurmat, yuksak Vatanparvarlik, eliga va xalqiga sadoqat kabi qadriyatlarni va g‘oyalarni mujassamlashtirgan bo‘lishlari lozim.
Prezidentimiz erkin fuqaro, ozod shaxs, barkamol inson haqida gapirib, quyidagi to‘rt jihatga e’tiborni qaratdi, ya’ni har bir fuqaro:
– o‘z haq-huququni taniydigan bo‘lsin, buning uchun kurashsin;
– o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan bo‘lsin, imkoniyatlarini ishga solib, samarasini ko‘rsin;
– atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bildira olsin;
– shaxsiy manfaatini mamlakat va xalq manfaati bilan uyg‘un holda ko‘rib, faoliyat yuritsin16.
Bular barkamol inson fazilatlari haqidagi aniq va to‘liq ta’rifdir.
Ma’naviy barkamol inson shon-shuhrat, mansab, moddiy boylik ketidan kuvmaydi, moddiy qiyinchiliklarga duch kelganda qaddi bukilmaydi, ba’zan uyushtirilgan tuhmatu-fitnalar uning ruhini tushira olmaydi. Demak, har qanday shum taqdir va qismat pokiza, mard, ma’naviy barkamol inson ma’naviyatini buza olmaydi, balki mustahkamlaydi, chiniqtiradi. Yuksak darajadagi ma’naviyatga ega inson - fidoyilik, jasorat, mardlik, o‘z xalqini sevish, Vatanni qadrlash, ajdodlaridan faxrlanish kabi olijanob fazilatlari bilan ajralib turadi. Insonning insonligi, birinchi navbatda uning ma’naviy-ahloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Ma’naviy-axloqiy barkamollikning asosiy qirralariga yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, quyidagilarni kiritish mumkin: ota-onasi, farzandlari, qarindoshlari, xullas butun oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shnilari, mahalla-ko‘yi, qishloqdoshlari va butun mamlakat xalq farovonligi haqida qayg‘urish; tevarak-atrofdagi insonlar unga kerak bo‘lganligi singari, o‘zi ham ularga kerakli bo‘lishga intilishi; odob-axloqi, fe’l-atvorini yoqimli qilishni insoniy burch deb hisoblash; ota-bobolardan, ajdodlardan yodgor bo‘lib qolgan madaniy merosni qadrlash; milliy qadriyatlarni e’zozlash va ularga sodiq bo‘lib qolish; vatanparvarlik, xalqparvarlik, insonparvarlik tuyg‘ularining barqaror bo‘lishi; o‘zaro muomala-munosabatda o‘rnak bo‘lishga moyillik, birovning og‘irini yengil qilishni odat qilish; umumxalq ma’qullagan va hukumat tomonidan qonuniy qabul qilingan Konstitutsiyani hurmat qilish va unga sadoqat namunalarini amalda ko‘rsatish; Vatanni himoya qilish, boshqacha aytganda, harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yashash; diyonat va adolat, mehr-shafqat va ezgulikni himoya qilish; va’daga vafoli bo‘lish va boshqalar kiradi. Ma’naviy barkamol inson fazilatlarining asosiy qirralari izohi kelgusi ma’ruzalarimizda bayon qilinishini nazarda tutib, ushbu ma’ruza doirasida ular haqida to‘xtashni lozim topmadik.
Ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning qirralari va mezonlari qatoriga mustaqillik tafakkuri va milliy iftixor ham kiradi. Mustaqillik tafakkurini har bir kishida, ayniqsa Siz kabi talabalarda shakllantirish nihoyatda zarur. Toki, mustaqillik tafakkuri va milliy iftixor, g‘urur bo‘lmas ekan, fidokorlik, vatanparvarlik, millatparvarlik kabi xislatlar jo‘sh urmaydi.
Mustaqillik tafakkuri keng qamrovli bo‘lib, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Vatan istiqboli va istiqloli haqida qayg‘urish;
- xalqi, yurti qadr-qimmati, or-nomusini anglash va buni himoya qilish;
- butun mehnati, iste’dodi, imkoniyatini, zarur bo‘lsa jonini ham yurt istiqboli, xalq baxti uchun baxshida etish va boshqalar.
Mustaqillik, bu - bizga ajdodlarimiz qoldirgan boy va muqaddas ma’naviyatdir. Shu ma’naviyatni har birimiz avaylab-asrashimiz davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim vazifa va burchdir. Shu vazifani amalga oshirish va hal qilishda yoshlar va butun xalq ongiga mustaqillik ruhini singdirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning qirralaridan biri milliy iftixordir. Milliy g‘urur bu milliy iftixordir. Milliy g‘urur o‘z xalqining bir necha ming yillar davomida yaratib kelgan barcha moddiy va ma’naviy boyliklari, tarixiy merosi, urf-odatlari, an’analari, odob-axloqi, turmush tarzi, yuksak ma’naviyati, barcha tarixiy yutuqlari va saboqlariga cheksiz hurmat va e’zoz bilan munosabatda bo‘lish, avaylab-asrashdir.
O‘z xalqining tarixini, milliy qadriyatlarini, tilini, istiqbol manfaatlarini bilmagan, qadrlamagan, milliy mansubligini unutgan, o‘z millatining istiqboli uchun qayg‘urmaydigan, kurashmaydigan kishilarda milliy g‘urur ham, millat bilan faxrlanish ham, millatparvarlik ham bo‘lmaydi. Bunday kishilarni ma’naviy barkamol inson deya olmaymiz.
Shunday qilib, yuqorida ma’naviy barkamol inson, uning mohiyati va asosiy qirralarining ba’zi jihatlari ustidagina fikr yuritdik. Uning qolgan ba’zi qirralari navbatdagi savol va ma’ruzalar bayonida yoritib boriladi.
Mustaqillik ruhida yangicha fikrlaydigan fozil, komil inson, eng avvalo, fuqarolik burchini a’lo darajada his etaditgan shaxs bo‘lishi darkor. Sodda qilib aytganda, har qaysi komil inson, har birimiz: «Shu davlat, shu jamiyat menga nima berdi?» deb emas, balki: «Men o‘zim Vatanimga, elu yurtimga nima berdim?» deb o‘ylashimiz va har dam shu aqida bilan yashashimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |