3. Kuyganda birinchi yordam ko‘rsatish.
Kuyish deb - to‘qimalarning yuqori harorat (termik kuyish) va kimyoviy moddalar (kimyoviy kuyish) ta’sirida shikastlanishlariga aytiladi (17-rasm).
Termik kuyish - to‘qimalarga yuqori harorat, issiq, bug‘, suv va boshqalar ta’sir etganda ro‘y beradi.
Kuyishning birinchi darajasi unchalik yuqori bo‘lmagan termik omilning qisqa muddatli ta’sirida kuzatilib, terining qizarishi va ozgina shishishi bilan xarakterlanadi. Kuyishning bu darajasida teri kapillarlari kengayadi va qonning suyuq qismi (plazmasi) atrofdagi to‘qimalarga chiqadi. O‘tish muddati 2-3 kun bo‘lishi mumkin. Kuygan joyda teri pigmentatsiyasi va keyinroq epidermesning ko‘chib tushishi kuzatiladi. Kuyishning II darajasi pufaklar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
Kuyishning bu darajasida yallig‘lanish birmuncha ro‘y-rost yuzaga chiqadi. Kuyishda birinchi yordam berishda, avvalo, shikastlangan kishini qalin matoga o‘rash zarur. Kuyishda kiyim bosh yechilmaydi, balki qirqiladi. Aseptik bog‘lamlar qo‘yiladi va davolash muassasasiga yuboriladi.
Kimyoviy kuyish - termik kuyishga nisbatan birmuncha kam uchraydi. Bu to‘qimalarda kimyoviy moddalar (kislotalar, ishqorlar, og‘ir metallarning tuzlari, fosfor va boshqalar) ta’sir etganda ro‘y beradi. Kimyoviy moddalardan kuyish ishlab chiqarishda ham, turmushda ham ko‘pincha kimyoviy moddalarni pala-partish ishlatish oqibatida yuz beradi.
Qo‘lning I, II va III darajali kuyishlari.
Terining jarohat olgan qismiga qarab kuyish to‘rt darajaga ajratiladi:
I daraja - jarohatlangan teri qismining qizarishi, og‘riq paydo bo‘lishi va terining shishishi. Bu kuyishning eng yengil darajasi. Bunday holda og‘riq bir necha s oat davom etadi. Qizarish ham tezda o‘tib ketadi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatganda kuygan joyni sovuq suv oqimi ostida 20-25 daqiqa davomida og‘riq to‘xtaguncha ushlab turish lozim. Kaliy permanganat (margansovka)ning kuch- siz eritmasi shimdirilgan doka, so‘ngra steril bog‘lam qo‘yish zarur. Kuygan joyga spirt, atir, krem, yog‘ surtish yaramaydi.
II darajali kuyishda teri qizarib, pufakchalar bilan qoplanadi. Bu pufakchalar yorilishi mumkin. Pufakchalardan tiniq suyuqlik oqib chiqib, terini ho‘llaydi. Bunday kuyish og‘riqli bo‘lib, kuygan joy shishib ketadi. Odatda, kuygan joy 3-4 haftada tuzaladi.
Pufakchalarni yormaslik lozim, chunki terining butunligi infeksiya tushishidan saqlaydi. Pufakchalar o‘zi yorilgan bo‘lsa, zararlangan joyni jarohatlangandagi kabi, sovunlab yuvib, sterillangan bog‘lam bilan bog‘lash kerak.
Juda yuqori harorat, alanga, shuningdek, elektr toki ta’sirida III darajali kuyish ro‘y berishi mumkin. III darajali kuyishda terigina emas, balki chuqurroq joylashgan to‘qimalar ham kuyadi. Bunday kuyishda teri ko‘mirlanib (qorayib) yoki mumsimon oqarib ko‘rinadi. Bu darajadagi kuyishda og‘riq kamroq bo‘ladi, chunki teri qatlami nerv uchlari zararlanadi. Bunday kuyish natijasida badanda dag‘al chandiqlar paydo bo‘lib, ko‘pincha yangi teri ko‘chirib o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
IVdarajali kuyishda esa to‘qimalar kuyib ko‘mir bo‘lib qoladi. II, III, IV darajali kuyishda kuygan joyga steril bog‘lam qo‘yish va tezlikda vrachga murojaat qilish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |