O’ta zo’riqish jismoniy mashg’ulotlar nihoyatda ko’p va tartibsiz, katta jismoniy yuklama bilan o’tkazilganda bir necha organlar va tizimlarda o’ta zo’riqishi paydo bo’ladi. Hozirgi vaqtda tayanch-harakat apparatida, yurak va qonda, shu bilan birga buyrak, jigar va ovqat hazm qilish tizimida jismoniy mashqlar noto’g’ri uyushtirilishi natijasida rivojlangan o’ta zo’riqqanlik asoratlari o’rganilgan.
O’ta zo’riqish jismoniy va sport yuklamalarining shug’ullanuvchilar funksional imkoniyatlarning jismoniy imkoniyatlarga mos kelmasligi natijasidir.
O’tkir va surunkali o’ta zo’riqish farq qilinadi. O’tkir o’ta zo’riqish katta hajmli va shiddatli mashqlarni birdaniga bajarish tufayli yuzaga keladi. Masalan, yurak o’tkir o’ta zo’riqqanda odam o’lib qolishi ham mumkin. Uzoq vaqt davomida qayta-qayta ko’p hajmli va shiddatli mashg’ulotlarni bajarganda surunkali o’ta zo’riqish rivojlanadi, bunda organ va tizimlarda morfologik o’zgarishlar va kasalliklar paydo bo’ladi. Ko’pincha o’ta zo’riqish jismoniy jihatdan yetarlicha tayyorlangan shaxslarda ham uchraydi, yuqori mahoratli sportchilarda, masalan, sportchi kasallik holatida bo’lib yoki kasallikdan endigina tuzalib, tezda maksimal yuklamali mashg’ulotlarni bajarganda yuz beradi. Bundan tashqari vazni birdaniga kamayganda, mashq mashg’uloti va musobaqalar qiyin (baland tog’li, havoning yuqori harorati va namligi) sharoitlarda o’tkazilganda, dopinglar iste’mol qilish natijasida ana shunday kasallik rivojlanishi mumkin. Bu kasallik, odatda, to’satdan, jismoniy mashq bajarayotganda yoki uni tamom qilgan zahoti rivojlanadi, natijada har xil o’zgarishlar — yurak yoki qon tomirda o’tkir yetishmovchilik, yurakning tojsimon arteriyalarida va bosh miyada qon aylanishining buzilishi kuzatiladi. Sportchi darmonsizlik, bosh aylanishi, ko’z oldi qorong’ilashishidan shikoyat qiladi. YUrak va o’ng qovurg’a osti sohasida og’riq, ko’ngil aynishi bo’lib, odam qayt qila boshlaydi. Og’ir hollarda odamga havo yetishmaydi, rangi ko’karadi, tomir urishi susayadi va hushdan ketadi. O’tkir o’ta zo’riqishda o’tkir miokard distrofiyasi, miokard infarkti kuzatilib, ayrim hollarda o’lim bilan tugashi mumkin. O’ta zo’riqishga uchragan sportchida ko’pincha uzoq vaqt davomida toliqish, sinamalarga javob reaksiyasining yomonlashuvi, ishchanlikning pasayishi, qon tomir tizimida o’zgarishlar kuzatiladi. Takroriy o’ta zo’riqish sportchi organizmi uchun juda havflidir. Bunday sportchilar albatta har taraflama tibbiy ko’rikdan o’tishlari lozim.
Doimiy mashq mashg’ulotiga, odatda, bir-ikki oydan keyin shifokor ruxsati bilan asta-sekin, davolovchi gimnastikasi, shaklli mashg’ulotlar, aktiv dam olishdan tortib maxsus mashq mashg’ulotilardan keyingina uyushtiriladi.
Sportchi rejimi ustidan jiddiy nazorat qilish, jismoniy va asabiy zo’riqishga yo’l qo’ylmaslik, ichkilik ichmaslik, chekishni man etish va sportchi organizmini har taraflama mustahkamlash tadbirlarini o’tkazish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |