1-mavzu: Iqtisodiy tahlilning mazmuni, vazifalari, metodi va unda qo’llaniladigan an’anaviy usullar
Reja:
Iqtisodiy tahlilning mazmuni va predmeti
Iqtisodiy tahlilning vazifalari
Iqtisodiy tahlilning metodi va uning xususiyatlari
Iqtisodiy tahlil metodologiyasi haqida tushuncha va uning asosiy elementlari tavsifi.
1.Iqtisodiy tahlilning mazmuni va predmeti
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda boshqaruv sub‘ektlariga faqat axborotga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas. CHunki, xo‘jalik sub‘ektlarida rahbar hamda mutaxassislar mavjud axborotlar bilan ishlashi, ular asosida to‘g‘ri xulosalar chiqarishi va natijalardan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida foydalanishi zarur.
Boshqarishda eng muhim maslalardan biri axborotlarni egallash va undan foydalana bilishdir. Demak, iqtisodiy axborotlar bilan ishlashning eng muhim jihatlaridan biri uni tahlil qilish ekan.
Tarkib topgan iqtisodiy munosabatlarda iqtisodiy tahlilning ikki xil yo‘nalishini mavjud:
1) Korxonalar faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish. Mazkur yo‘nalish korxonalar faoliyatini iqtisodiy tahlil qiladi. SHuning uchun u iqtisodiy fanlar qatoridan o‘ziga xos mustaqil o‘rin olgan.
2) Iqtisodiyotda tarmoqlar, sohalarni tahlil qilish. Ushbu yo‘nalishda iqtisodiyotda alohida olingan tarmoqlar, sohalar, iqtisodiy rayonlar, hududlar va milliy iqtisodiyotni tahlil qilish tushuniladi. SHu o‘rinda aytish kerakki, iqtisodiyotda tarmoqlarni, sohalarni, hududlarni tahlil qilish iqtisodiy fanlar majmuasida mustaqil o‘rin olmagan bo‘lib, u makroiqtisodiyot, statistika, iqtisodiy nazariya va tarmoqlar iqtisodiyoti kurslarida o‘rganiladi.
Korxonalar faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish alohida olingan fan bo‘lib quyidagi maxsus bilimlar tizimini o‘rgatadi:
Ob‘ektiv iqtisodiy qonunlar va sub‘ektiv tartibdagi omillar ta‘sirida yuzaga kelgan iqtisodiy jarayonlarni hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini tadqiq qilish;
Biznes rejalarni ilmiy asoslash hamda uning bajarilishini ob‘ektiv baholash;
Ijobiy va salbiy omillarni aniqlash va ular ta‘sirini miqdor jihatdan aniqlash ;
Korxonaning yanada rivojlantirish uchun foydalanilmagan tashqi va ichki imkoniyatlarni aniqlab berish;
Tahlil natijalari asosida maqbul boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda ilg‘or tajribalarni ko‘rsatib berish.
Ta‘kidlab o‘tilgan masalalar iqtisodiy tahlil fanining mazmunini tashkil etadi.cBozor iqtisodiyoti – bozorning o‘ziga xos qonunlari, funktsiyalari va vazifalarini bajarishga asoslangan iqtisodiy munosabatlarni alohida shaklidir. Bu jarayonda bozor munosabatlarining barcha jihatlari , xususiyatlari amal qiladi.
Bozor sub‘ektlari ya‘ni ishlab chiqaruvchilar yoki xaridorlar, mavjud tarkib topgan tizimda talab va taklif, pul muomalasi, raqobat, inqiroz va shu kabi tomonlarga moslashib, o‘z faoliyatini amalga oshirishi shart. Bu esa ularni mazkur sharoitda yashab qolish yoki rivojlanishini ta‘minlaydi. Aks holda, ular o‘zlari oldiga qo‘yilgan maqsadga erisha olmay bozor munosabatlarida o‘rinlarini yo‘qotadilar.
Demak,korxonalar bozordagi mavjud holatni va o‘zlaridagi ichki imkoniyatlarni chuqur o‘rganmay turib faoliyatlarini amalga oshira olmaydilar yoki qo‘yilgan maqsadga erisha olmaydilar.
Bozor munosabatlarida korxonalar faoliyatini boshlashi yoki davom ettirishidan oldin, dastavval uning va o‘zining barcha holat va imkoniyatlarini chuqur tahlil qilishga majbur.
Natijada, tavakkalchilikka asoslangan, lekin ayni paytda ilmiy asosiga ega bo‘lgan faoliyat
dasturi ishlab chiqiladi. Dasturga amal qilish esa mablag‘lardan to‘g‘ri va samarali foydalanishni ta‘minlaydi.
Bozor munosabatlarini rivojlanib, tobora takomillashib borishi korxonalarda tahlil qilinadigan, o‘rganiladigan ob‘ektlar sonini ham ko‘payitirib, murakkablashtirib bormoqda.
Jumladan, bozordagi infrastruktura xizmatidan boshlab to korxonadagi ta‘minot, ishlab chiqarish, sotish va boshqa hisob-kitoblar hamda moliyaviy munosa-batlargacha, qiymat yaratilishi va erishilishining barcha bosqichlari va shu kabilar ular uchun tahlil ob‘ekti bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, 2009 yildan boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi iqtisodiy tahlil ishlarida ham jiddiy kamchiliklar mavjudligini va bu borada ko‘plab ishlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatib berdi.
Ma‘lumki, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot o‘zgaruvchanlik tavsifiga ega. Korxonalar o‘z faoliyatini har doim uzluksiz uning talablarga moslashtirib boradi. Bu jarayon korxonada marketing tadqiqotlarini ishlab chiqish va unga amal qilishni talab etadi. Demak, tashqi va ichki muhit ta‘siridan kelib chiqqan holda korxonalar o‘z faoliyatini marketing yo‘nalishida olib borishga majbur. Natija esa, strategiya va taktikani hamda unga muvofiq keluvchi dasturlar va rejalarni ishlab chiqishni ta‘minlaydi.
Bozor sharoitida ilmiy asosda ishlab chiqilgan biznes-rejalar harakat uchun ko‘llanmadir. Rejani ilmiy asosda bo‘lishi bevosita iqtisodiy tahlil ishlari bilan bog‘langandir. CHunki, reja ko‘rsatkichlari bozordagi holat, o‘tgan yillar tajribasi, belgilangan me‘yorlar, yetakchi korxonalar hamda ichki imkoniyatlar ahvolidan kelib chiqib belgilanadi. Mazkur tadbir mulk egalari uchun o‘ta muhim hisoblanib, mablag‘lardan foydalanishda eng yaxshi deb tanlangan samarali yo‘nalishning har bir bosqichida amalga oshiriladigan hatti-harakat aniq belgilanib olinadi. Undan kutiladigan natijalar esa ilmiy asosda hisob-kitob qilinadi. Demak, rejalashtirish ishlarining har bir elementi dastavval turli usullar bilan muqobillik asosda tahlil etiladi. Natijada esa, eng maqbul faoliyat deb tanlab olingan yo‘nalish uchun mablag‘lardan foydalanishda imkon qadar samarali chora-tadbirlar ilmiy asosda ishlab chiqiladi.
Korxonalar ishlab chiqarish va tijorat ishlarini amalga oshira boshlaganida haqiqiy ma‘lumotlar olinib uni reja ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanib ko‘riladi. Bu bilan rejaning naqadar realligiga baho beriladi, yuzaga kelgan ijobiy yoki salbiy holatlar aniqlanadi hamda qay darajada imkoniyatlar ko‘zda tutilgani o‘rganiladi. Haqiqiy ma‘lumotlar bevosita bozordagi holat bilan ham bog‘lanadi. Bozordagi o‘zgarishlar va ularning korxona faoliyatiga ijobiy yoki salbiy ta‘sirini tezkorlik bilan tahlil qilinadi. SHu asosda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
Demak, bozor sharoitida iqtisodiy tahlil vositasida barcha jarayonlar aniq faktlar bilan analitik usulda tahlil qilinib, ularni sintez yo‘li bilan umumlashtirib tegishli qarorlar qabul qilinadi hamda korxona faoliyatiga ta‘sir o‘tkaziladi. Albatta, iqtisodiy tahlil bozor sharoitida faqatgina haqiqiy holatni o‘rganib uni ijobiy tomonga o‘zgartirish vazifasini bajaribgina qolmaydi. Balki uning vositasida korxona faoliyati bilan qiziquvchi tashqi shaxslar uchun ham zarur bo‘lgan ma‘lumotlar tayyorlanadi. Bu bilan korxonani moliyaviy holati hamda iqtisodiy imkoniyati to‘g‘risida ham to‘la
tasavvur xosil qilinadi. Natija esa, korxonaga ko‘plab hamkorlar jalb qilinish imkoniyati oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |