Ilmiy abstraksiyalash natijasida hodisa va jarayonlarning eng umumiy xususiyat va aloqalarini namoyon etuvchi ilmiy tushuncha – kategoriyalar ishlab chiqilishi mumkin. Masalan, dunyoda ishlab chiqarilayotgan millionlab turlicha tovarlarning tashqi xossalaridagi ko‘plab tafovutlardan abstraksiyalashgan holda, biz ularni yagona iqtisodiy kategoriya – tovar tushunchasi orqali ifodalaymiz. Bunda turli tovarlarni birlashtiruvchi eng asosiy jihat – bu sotish, ayirboshlash uchun ishlab chiqarilgan mahsulot ekanligini qat’iy e’tirof etamiz.
Biroq, ilmiy abstraksiyalash uchun tadqiqotchi muayyan hodisa va jarayonning mazmun-mohiyatiga oid bilimlar bilan etarli darajada qurollangan bo‘lishi lozim. Aks holda, u asosiy va ikkilamchi darajali omillarni to‘g‘ri ajrata olmay, pirovardida noto‘g‘ri xulosa chiqarishiga olib keladi.
Ilmiy bilishning muhim usullaridan yana biri – tahlil va sintez usulidir. Tahlil va sintez deyarli barcha fanlar uchun samarali qo‘llash mumkin bo‘lgan usullardan biri hisoblansada, uning iqtisodiy fanlar uchun ahamiyati juda beqiyosdir.
Iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish va tahlil qilishda ikki tomonlama yondashuv usuli muhim o‘rin tutadi. Bunda barcha iqtisodiy jarayonlar qiymat va naflilik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi va xulosa chiqariladi. Aks holda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yilib, yanglish tasavvurga va noto‘g‘ri xulosalarga olib kelishi mumkin.
Iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy jihatdan tahlil qilishda taqqoslash, statistik, matematik va grafik usullaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, hozirgi davrda grafik usulni keng o‘zlashtirish va qo‘llash zarurdir. Grafiklar nazariya modellarini ifodalashda vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Aniqroq qilib aytganda, grafik usul o‘zgaruvchi miqdorlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rgazmali qilib tasvirlaydi.
Bu usullar yordamida iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning mazmunini, ulardagi o‘zgarishlarni, kelib chiqish sabab-oqibatlarini bilish mumkin bo‘ladi.
1.6. Ilmiy tadqiqot faoliyati va ilmiy muasasalar
Fan - juda murakkab ijtimoiy soha bo‘lib, uning asosiy vazifasi - ma’lumot to‘plash, yangi bilimlarni va uning vositalarini o‘elashtirish asosida o‘rtaga qo‘yilgan maqsadni (muammoni) echishdir.
Ko‘p hollarda fanni "bilimlar yig‘indisi" deb ta’rif qilishadi. Bu to‘g‘ri, lekin etarli tushuncha emas, chunki bilimlar yig‘indisi tartibga solinmagan bo‘lishi mumkin. Agar bilimlar yig‘indisini g‘isht uyumiga o‘shsatsak, fan esa shu g‘ishtlardan qurilgan chiroyli qasrga qiyoslash mumkin.
Fan nima?
Fan - bu umumlashgan, tartibga solingan ijtimoiy tizim bo‘lib, u o‘zida tabiat, jamiyat va inson ongning ob’ektiv qonunlari to‘g‘risidagi bilimlar tizimini, bu tizimni yaratish va rivojlantirishga qaratilgan insonning ilmiy-faoliyatini va ilmiy faoliyatni ta’minlaydigan muassasalarni birlashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |