Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o`rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Falsafaning predmeti - insonda bilishga qiziqish uyg`otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o`ziga ma`lum bilimlar va tajribaga, muayyan e`tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug`diradigan har qanday ob`ektiv va sub`ektiv borliqdir. Boshqacha aytganda, inson o`z qiziqishi ob`ekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo`lishi mumkin bo`lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. SHu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to`g`risida so`z yuritish mutlaqo o`rinli bo`ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.
Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta`rifda «inson» tushunchasi yig`ma ma`noda qo`llanilgan. Bu erda shuni ta`kidlab o`tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta`rif bergan bo`lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko`ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o`ringa chiqadi.
Falsafaning asosiy funktsiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta`riflar yoki gipotezalar, g`oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba`zan shu tariqa) har xil funktsiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funktsiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funktsiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog`liqdir. Bu funktsiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funktsiyasi. Falsafaning, dunyoqarashni shakllantirish funktsiyasi, insonning dunyoga munosabati, uning o`z-o`zini va o`zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o`z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog`liq bo`ladi. YUqorida ko`rsatib o`tilganidek, inson dunyoqarashida e`tiqodlar va bilimlar, tuyg`ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog`lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki, «hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o`zaro bog`lanmagan turli «parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to`g`ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e`tiborni qaratadi va shu tariqa o`zining bosh funktsiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funktsiyasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |