Buddaviylik ta’limoti.Buddaviylik qadimiy hind diniy-falsafiy ta’limotlari asosida vujudga kelgan, o‘ziga xos nazariyot va amaliyotdan iborat bo‘lgan diniy tizimdir. Budda yangi diniy qonun-qoidalar, rasm-rusumlar ishlab chiqmagan, balki har bir inson tug‘ilish va o‘lim mashaqqatlaridan qutilishi uchun amal qilishi lozim bo‘lgan bir necha ko‘rsatmalarni ishlab chiqdi, xolos. Uning ta’limoti insonning xayolida, ishlarida va o‘zini tutishida samimiy oliyjanoblik g‘oyasini ilgari suradi. U vedalardagi gunohsizlik ta’limotini inkor qildi, hayvonlarni vahshiyona qurbon qilishni qoraladi, varna (kasta) tizimini va undagi ruhoniylarning boshqalardan ustunligini inkor qildi.
Buddaviylik ta’limoti Buddaning ilk da’vatida ta’birlangan to‘rt haqiqatda o‘z ifodasini topgan.
Birinchi haqiqat – «azob-uqubat mavjuddir».
Ikkinchi haqiqat – «qiynoqlarning sabablari mavjuddir».
Uchinchi haqiqat – «qiynoqlarni tugatish mumkin».
To‘rtinchi haqiqat – «qiynoqlardan qutilish yo‘li mavjuddir».
Buddaviylik ta’limoti, asosan, uch qismdan iborat: 1) axloq; 2) meditatsiya; 3) donolik.
Axloq normalari – «Pancha shila» (Buddaning besh nasihati):qotillikdan saqlanish;o‘g‘rilikdan saqlanish;gumrohlikdan saqlanish;yolg‘on, qalbaki narsalardan saqlanish;mast qiluvchi narsalardan saqlanish.
Meditatsiya.(lot.fikrlayapman, o‘ylayapman) quyidagilardan iborat:to‘g‘ri tushunish (to‘g‘ri e’tiqod qilish), to‘g‘ri niyat qilish, o‘zini to‘g‘ri tutish, to‘g‘ri anglash, to‘g‘ri harakat qilish, to‘g‘ri hayot kechirish, to‘g‘ri fikr yuritish, to‘g‘ri gapirish
Donishmandlik – bu Buddaviylikning asosiy maqsadi bo‘lib, narsalar tabiatini to‘g‘ri tushunishdan iborat.
YUqorida ko‘rsatilgan uch amaliyot bosqichini o‘tagan inson oxir-oqibat oliy saodatga, ya’ni nirvana holatiga erishadi. Nirvana so‘zining lug‘aviy ma’nosi – «o‘chish, so‘nish». Unda hayotning har qanday ko‘rinishiga intilish yo‘qoladi.
Buddaviylik ta’limoti bir qator kitoblar shakliga keltirilgan to‘plamlarda bayon qilingan. Ulardan eng asosiysi Tripitaka (yoki Tipitaka – «uch savat» ma’nosini anglatadi). U uch qismdan iborat bo‘lganligi uchun shunday nom bilan atalgan. Ular – Budda targ‘ibotining haqiqiy bayoni hisoblangan sutra matnlari – Sutra-pitaka, rohiblik axloqi, xonaqohlar nizomlariga bag‘ishlangan vinaya matnlari – Vinaya-pitaka, Buddaviylikning falsafiy va psixologik muammolarini bayon qilib berishga bag‘ishlangan abxidxarma matnlari – Abxidxarma-pitakadan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |