19-Mavzu: O’zbek bolalar shoirlari.
Reja:
Bolalar adabiyoti –adabiyotning balog’ati T.Adashboyev misolida
Turli yosh guruhlari bo’yicha o’zbek bolalar shoirlarining she’rlarini ifodali o’qish va tahlil qilish.
Ertakdan chiqqan quyosh.
Bolalar shoiri boʻlish mushkul. Buning uchun bolaqalb, bola feʼl, bolatabiat boʻlish kerak. Ayniqsa, eng kichik yoshdagi bolakayga moslab sheʼr yozib koʻring-chi, uning dilini toping-chi, tilini toping-chi…Bolalar adabiyoti yildan yilga shakllanib, koʻzga tashlana boshladi. Ayniqsa, bu yillarda yuqoridagi qalamkashlarning safiga Z. Diyor, D. Oppoqova, M. Fayziy, I. Muslim, A. Rahmat, Sh. Saʼdulla, S. Joʻra, M. Oqilova, Q. Muhammadiy, H. Nazirlarning kelib qoʻshilishi katta voqea boʻldi. Ular bolalarni yaxshi oʻqishga, ilm-fan nurlaridan bahramand boʻlishga, davrning haqiqiy oʻgʻil-qizlari boʻlib kamol topishga targʻib etadilar.
Bolalar adabiyoti yildan yilga rivojlanib bordi. 30-yillarga kelib, oʻzining professional shoir va yozuvchilariga ega boʻldi. Poyeziya (Zafar Diyor, Adham Rahmat, Ilyos Muslim, Shukur Saʼdulla, Sulton Joʻra, Mahmuda Oqilova, Quddus Muhammadiy), proza (Majid Fayziy, Dorjiya Oppoqova, Hakim Nazir), dramaturgiya (Zafar Diyor, Dorjiya Oppoqova) sohalarida bolalar ijodkorlari yetishib chiqdilar. Sadriddin Ayniy, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Oybek, Shokir Sulaymon, Elbek va Gʻayratiylar ham oʻzbek bolalar adabiyotini yuksaltirish ishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.
Bu davrda Zafar Diyorning “Qoʻshiqlar” (1933), “Tantana” (1936), “Sheʼrlar” (1939), “Muborak” (1940), “Sheʼr va hikoyalar” (1940) toʻplamlari va “Mashinist” (1935) poemasi, “Baxtli yoshlik” dramasi, “Joʻnatish”, “Nojoʻyaliklar” hikoyalari; A. Rahmatning “Dum” (1938), “Baxtli yoshlik” (1939), “Zavqli allalar” (1940), “Sheʼrlar” (1940), “Hiylagar tulki” (1940) kitoblari; Sulton Joʻraning “Fidokor” (1940); Ilyos Muslimning “Oʻsuv” (1932), “Zaharxandalar” (1932) toʻplamlari, “Miqti keldi” poyemasi (1934); Shukur Saʼdullaning “Hayqiriq” (1933) toʻplamlari bosilib chiqdi.
Urushdan soʻnggi davr bolalar sheʼriyatida ona-Vatan, goʻzal diyor, hur oʻlkamiz toʻgʻrisida yaratilgan asarlar diqqatga sazovordir. “Yashna, Vatan” (I. Muslim), “Obod oʻlkam”, “Yurtimizning yuragi” (P. Moʻmin), “Mening Vatanim”, “Baxtli bolalar” (Q. Hikmat), “Oʻlkamizning tongi otmoqda” (A. Rahmat), “Dehqon bobo va oʻn ikki bolakay qissasi” (A. Oripov), “Ona degan soʻz” (O. Matjon) va hokazo. Bu mavzuda yaratilgan sheʼrlarni sanagan bilan tamom boʻlmaydi.
Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil boʻlishi mumkin. Ammo oqkoʻngil, iymon-eʼtiqodli, insonparvar, yurtparvar boʻlmasa, hayotda oʻzidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Adabiyot va sanʼat bolaning ana shunday goʻzal tuygʻular, fazilatlar sohibi boʻlib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda, ayniqsa, bolalar adabiyoti va uning jonkuyarlarining xizmati kattadir.Bolalar adabiyotida Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab kabi shoir va yozuvchilarning bolajonlarga tuhfa etgan asarlari adabiyotimizda salmoqli oʻrin tutadi. Bu roʻyxatni bugun Tursunboy Adashboyevning nomisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.Oʻspirinlik paytimizda Tursunboy Adashboyevning sheʼrlarini koʻp oʻqiganmiz, yod olganmiz. Negadir sheʼrlardagi satrlar xotiramizga tez oʻrnashib qolardi. Keyinchalik uning sheʼrlari bolalar yaxshi koʻradigan shirinlikdek totli ekanligi, shu bois yodlash, maʼnosiga yetish osonligining siridan voqif boʻldik.Shoir sinchkov kuzatuvchi, bolalarni jondan sevuvchi ijodkor ham. Shu bois quvnoq yumor, samimiy hazil moʻl sheʼrlarida bola tabiati koʻzgudagidek koʻrinadi: sheʼrlarda bola oʻz ichki olami aksini koʻradi, goho harakatlarini shoirbobo koʻrib turganidan xijolat tortadi, bilib qolibdilar-da, deb oʻylasa, ehtimol.
Tursunboy Adashboyev asarlarida bolalar psixologlari oʻz mutaxassisliklarida qoʻllashlari mumkin boʻlgan nozik kuzatishlar, xulosalar mavjud. Bu esa bolalar psixologiyasi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar uchun tayyor ish dasturi boʻla oladi.
Bolaning xayol osmoni bepoyon, ufqlarga sigʻmaydi. Uningcha, mushuk bekordan-bekor ham oftobga chiqaveradi. Kattalar xayoli esa, ularning oʻzi kabi bepoyon kengliklarda behuda suzmaydi.Bolalar shoiri mohir sehrgar kabi bolaning yengidan, yoqasidan sheʼr oladi va bunga bolani ishontiradi. Ishontira olmasa, bola ham sheʼrga ishonmaydi.
– Qargʻa qaqimchi ekan,
Chumchuq chaqimchi ekan,
Gʻoz karnaychi ekan,
Oʻrdak surnaychi ekan.
– Gʻoz karnaychi boʻlmasin,
Oʻrdak surnay chalmasin.
Karnaychi Shokir togʻam
Xafa boʻlib qolmasin.
Tursunboy Adashboyevning “Gʻoz karnaychi boʻlmasin” sheʼridan olingan ushbu iqtibos qatida shoir ijodining oʻziga xos xususiyatlari, individual xarakteri, betakror badiiy boʻyogʻi aks etgan, deyish mumkin. Qargʻa, chumchuq, gʻoz, oʻrdak – bolalar badiiy olamining doimiy personajlari, bolalarning sevimli qahramonlari. Qahramonlargina emas, bolalarning ajoyib doʻstlari, oʻrtoqlari. Gʻaroyib qahramonlar yetovida bolalar tasavvur olamiga, oʻsuvchan hayotga kirish qulay va oʻngʻay. Shaffof va mayin chegaradan bolalik, xayol, orzu hududiga oʻtish mumkin. T. Adashboyev shu begʻubor maydonga oʻta olgan.Yuqorida keltirilgan sheʼriy parcha dialog shaklida qurilgan. Bu esa sheʼr oʻqiyotganda bolaning sezgi va tafakkuri hushyor boʻlishini, idrok oqimi monotonlik (bir xillik)dan zerikmasligini, yaʼni fikriy va hissiy qabullovi faol harakatda boʻlishini, obʼyekt bilan uzluksiz munosabatga kirishishini taʼminlaydi. Sheʼrning eng muhim jihati esa, “karnaychi” soʻzining koʻpqatlamli maʼno kasb etishidadir. Gʻoz karnaychi, nega oʻrdak emas? Chunki oʻrdak tabiatan anqovroq, fahmsizroq, yon-atrofda kechayotgan voqealarga gʻozchalik hushyor emas. Shu bois karnaychi boʻlish oʻrdakka yarashmaydi. Bu mashgʻulot rosa gʻozbop-da! Nega? Avvalo, gʻozning oʻzida “gʻoz”lik odati – bodilik, hovliqmalik, shoshqaloqlik, shu bilan birga, oʻrdakka nisbatan ortiqcha ziyraklik, sezgirlik, voqealar mohiyatini tezroq va aniqroq ilgʻash kabi xususiyatlar mujassam. Yoʻq, biz emas, bu feʼl-atvorni oʻrdakka ham, gʻozga ham xalq ijodi – folklor, ertaklar, afsonalar timsol etib bergan. Shu maʼnoda, gʻoz karnaychi boʻlishga juda mos-da. Karnayning oʻzi ham koʻpincha “suvni koʻrmay etik yechadi”, elburutdan shovqin koʻtaradi, gʻalogʻul qiladi, voqea-hodisa, narsa-ashyoning hali “qora”si koʻrinmay, mohiyatga yetmay, moyaga kirmay turib elga jar soladi. Odatiy sokin muhitni bezovta qiladi. Shu mantiqqa koʻra, gʻoz karnayga, karnay gʻozga rosa mos va munosib. Yuzaki qaraganda, shoir ming yillardan buyon yashab kelayotgan ertaklar ritmi va ohangini yengil taftalogiyaga tortgandek tuyuladi. Ammo bu – aldamchi tasavvur: Gʻoz karnaychi boʻlsa, karnaychi Shokir togʻa xafa boʻlib qoladi. Shu shtrix, yaʼni gʻoz va karnay orasida Shokir togʻa, yaʼni inson sheʼrga ijtimoiy maʼno yuklaydi.
Ertakdan chiqqan quyosh
XXI asr bolasiga ertak kerakmi? Bola ertakni hayot deb, ertak qahramonini oʻzi bilan yonma-yon yashayotgan oʻrtoq, deb oʻylaydi. Bola ertakdagi ijobiy qahramonlaru salbiy qahramonlar ham hayotda mavjudligiga astoydil ishonadi. Ertaklar bolaga taʼsir oʻtkazadi, ertak qahramoni kulsa, bola ham kuladi, yigʻlasa, bola ham yigʻlaydi. Ertakdagi voqealarda bola oʻzicha ishtirok etadi. Bola Zumrad, Kenja Botir, Toʻgʻrivoy bilan doʻst, oʻrtoq boʻladi.Ertaklar bolalar hissiyotini oʻstiradi, tuygʻu, tushunchasini rivojlantiradi. Olamni idrok etishni oʻrgatsa, odamga tuygʻudosh, qaygʻudosh boʻlishni maʼsum va begʻubor tabiatga – bola sajiyasiga yuqtiradi.Bunday bolalar olamni ota-onalari, bobo-momolari soʻzlagan ertaklar, hayotiy hikoyalar orqali taniydilar. Bugungi bolaning ertaga qanday feʼl-atvor, odatlar egasi boʻlib kamol topishi bugun tinglayotgan ertaklariga judayam aloqador.
Qanday bola kelajakda komil inson boʻlib yetishadi?Orzulari bisyor, xayol dunyosi bepoyon bola, albatta! Orzular yoshu qari – hamma-hammaga birday kuch-quvvat bagʻishlaydi, yuksaklarga chorlaydi.Ertagu afsonalarni, allayu dostonlarni tinglab ulgʻaygan bola hech qachon yomon odam boʻlmaydi, undan buyuk sanʼatkor, jasur fazogir, mashhur rassom, naziri yoʻq inson, hech boʻlmasa, oddiygina yaxshi odam chiqishi isbotlangan haqiqat.Mashhur rus yozuvchisi Valentin Rasputin allaning bola ruhiyatiga, tarbiyasiga ijobiy taʼsiri xususida shunday degan edi: “Pushkin enagasi Irina Radionovnaning mungli allalarini emas, bugungi estradani tinglab ulgʻayganida edi, undan Pushkin emas, Dantes chiqardi”.
Afsuski, keyingi paytlarda televizor va kompyuter ertaklarni bolalar hayotidan tobora koʻproq siqib chiqarmoqda. Bu esa bolalarning tarbiyasiga, axloqiga oʻziga xos tarzda taʼsir oʻtkazadi. Bugungi bolalar yana yigirma yildan keyin tamomila yangi dunyoqarash, yangi axloq, yangi maʼnaviyat, turmushning yangi mezonlari bilan munosabatga kirishgan avlod sifatida hayotga kirib keladilar, siz bilan bizning oʻrnimizni toʻldiradilar. Bu avlodning toʻqlari ochlariga, ochlari esa toʻqlariga, poʻrimlari yupunlariga, yupunlari esa poʻrimlariga qanday munosabatda, muomalada boʻlisharkin? Oʻrta mezonni topishga muvaffaq boʻladilarmi?Ha, bolalar internetga, mobil telefon va zamonaviy texnologiyalarga tobora berilmoqdalar. Ommaviy madaniyat – olomonchilik madaniyati bilan balo-qazodek kelayotgan madaniyatsizlik, maʼnaviyatsizlik boʻroni hatto aqlini tanib ulgurmagan bolalarga moʻljallangan zoʻravonlik, shafqatsizlik, soxtalik, xudbinlik illatlarini olib kirmoqda. Bunday sharoitda murgʻak qalb va murgʻak ongni adabiyotga, sheʼrga bogʻlab turadigan soʻzni topish, adabiyotga qiziqtirish bolalar shoirining zimmasiga dolzarb masʼuliyat yuklaydi.
Turli elektron vositalar orqali hayotimizga kirib kelayotgan bolalar oʻyinlari ertaklar oʻrnini, ayniqsa, ota-onalar, bobo-momolar hikoya qilib beradigan afsonayu rivoyatlar oʻrnini bosa oladimi? Bu savolga loʻnda tarzda shunday javob berish mumkin: Agar yana yigirma, oʻttiz, qirq yildan keyin zoʻravonlikka, betizgin raqobatga, oʻzboshimchalikka, uzoqni koʻra olmaslik holatlariga, yo ostidan, yo ustidan deydigan tavakkalchilarga, “gibrid” odatlar egalariga, xudbinlarga, “oʻzim boʻlay” tushunchasini hayotiy shioriga aylantirganlarga roʻbaroʻ kelsangiz, ular oʻz paytida zamonaviy oʻyinlarga mukkasidan ketgan bolalar boʻlganiga ishonavering. Bundaylar oʻz kaltabinliklari bilan katta maʼnaviy oʻpirishlarni, ijtimoiy fojialarni boshlashi mumkin.
Korney Chukovskiyning “Doʻxtir Voyjonim”, Jovanni Rabonining “Mushuk kotangensning arifmetika daftari”, Samuil Marshakning “Tentak ovchi” kabi dunyo bolalari qoʻldan qoʻymay oʻqiydigan kitoblar va boshqa bir qancha chet el adiblarining bir-biridan qiziqarli asarlari
Do'stlaringiz bilan baham: |