2-masalaning bayoni: Nima uchun milliy istiqlol g‘oyasini inson ongi va qalbiga singdirish zarur va muhim? Milliy istiqlol g‘oyasining targ‘iboti nimaga xizmat qiladi va bu jarayon qanday tashkil qilinishi kerak? Umuman, milliy g‘oyaning targ‘iboti bilan kimlar va qanday tuzilmalar shug‘ullanishi kerak? Mazkur mavzuni o‘rganish shu kabi savollarga javob topish imkonini beradi.
XXI asrni axborot asri, axborot texnologiyalari asri deb atash tobora rasm bo‘lmoqda. Chunki asrimizda inson eshitayotgan, ko‘rayotgan barcha-barcha narsalar uning istaklarini, didini o‘zgartirishga, fikriga ta’sir qilishga yo‘naltirilgan. Tan olish kerak, tomosha qilinayotgan seriallardan tortib bolakaylarga aytib beriladigan ertakkacha, boringki, o‘qiyotgan kitoblarimiz ham qandaydir mafkuraviy yukka ega - ularda muayyan g‘oyalar targ‘ib qilinadi. Bu holat «Eng asosiy narsani ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydi» degan fikrni yana bir karra tasdiqlaydi. Bunday ko‘zga ko‘rinmas qudratli targ‘ibot kuchlari kishini hamma yerda va har kuni qurshab turadi. Bu kuchlarning maqsadi – insonni nimagadir ishontirish, nimagadir undash, nimagadir og‘dirish. Tadbirkor mahsulotini reklama qilib, uni sotib olishga undaydi. Diniy arboblar o‘z diniga e’tiqod qilishga chaqiradi. Xalqaro maydonda ba’zi davlatlar o‘zining «katta og‘a» ekanini uqtirishga harakat qiladi.
Milliy g‘oyani singdirish usullari, texnologiyalari, ustuvor yo‘nalishlari XXI asrda insoniyat o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi pallasiga qadam qo‘ydi. Dunyoda katta o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bugungi kunda ijtimoiy makonni o‘zlashtirishning yangi usullari, jumladan, yangi texnologiyalar keng rasm bo‘ldi. Texnologiyalar asri deb atalayotgan XXI asrda ishlab chiqarishda joriy etilgan yangi texnologiyalar mehnat samaradorligini misli ko‘rilmagan darajada o‘stirib yubordi. Biroq yangi texnologiyalar faqat sanoat va qishloq xo‘jaligida qo‘llanilmayapti, balki ma’naviy, mafkuraviy jarayonlarda ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizdagi mafkuraviy jarayonlarga ham shu nuqtai nazardan yondoshish milliy istiqlol g‘oyasini targ‘ib qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zaruratini ko‘rsatadi. Milliy istiqlol g‘oyasini xalq qalbi va ongiga singdirish muayyan texnologiya asosida olib borilganida tadbirlarning ketma-ketligi, miqyosi va meyori, davomiyligi va tamoyillari singari jihatlar qamrab olinadi. Ularning muhimligi shunda ko‘rinadiki, masalan, targ‘ibotda meyorning buzilishi, milliy mafkura to‘g‘risida hadeb va noo‘rin gapiraverish, meyorni bilmaslik teskari samara berishi mumkin. Targ‘ibot texnologiyasi milliy g‘oya va milliy mafkura mazmun-mohiyatiga mos bo‘lgan taqdirdagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Ommaviy axborot vositalari - eng asosiy, qudratli va ta’sirchan targ‘ibot quroli hisoblanadi. Chunki ommaviy axborot vositalari ommaning o‘ziga xos tarbiyachisi, muhim tadbirlarning tashkilotchisi, dolzarb muammolarni hal qilishning ta’sirchan quroli bo‘lib xizmat qiladi. Aynan ommaviy axborot vositalari orqali milliy qadriyatlarimiz va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g‘oya va demokratik tamoyillar targ‘ib-tashviq qilinadi. Ommaviy axborot vositalari doimo demokratiya va so‘z erkinligining o‘ziga xos o‘lchovi, ko‘rsatkichi bo‘lib kelgan. Erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari demokratik taraqqiyotni rag‘batlantiradi va mustahkamlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |