2-masalaning bayoni: Milliy istiqlol mafkurasi bir millat-o‘zbeklarning manfaati bilangina bog‘langan emasligini alohida ta’kidlash zarur. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklar, turkmanlar, ruslar, ukrainlar, yahudiylar, xullas Respublikamizni o‘zining jonajon Vatani deb bilgan, u bilan faxrlanadigan barcha millat va elatlarning teng huquqligini milliy g‘ururini manfaatlarini himoya qilish mafkuramiz mohiyatida asosy o‘rinni egallaydi. Shuningdek milliy istiqlol mafkurasi zaminida jahondagi barcha ilg‘or davlatlar, xalqlar tomonidan e’tirof etilgan umuminsoniy qadriyatlarni, ijobiy tajribalarni ham hisobga oladi va tayanadi.
Milliy istiqlol g‘oyasining hayotbaxshligi taraqqiyotning o‘zbek modelini amalga oshirishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
O‘zbek modelining asoschisi Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilayotgan taraqqiyot yo‘lining ko‘pchilik boshqa milliy modellardan farq qiladigan xususiyati shundaki, u faqat iqtisodiy rivojlanish emas, balki keng ma’nodagi milliy tiklanish va ijtimoiy taraqqiyot modelidir. Shu sababdan u iqtisodiyot bilan bir qatorda davlat qurilishi, ijtimoiy soha va ma’naviyatni, jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab oladi.
O‘zbek modeli tushunchasi, avvalo, O‘zbekistonning mustaqil milliy taraqqiyoti qanday bo‘lishi lozimligini asoslaydigan, uni muayyan maqsadlarga yo‘naltiradigan eng umumiy nazariy xulosalar va mo‘ljallar bilan davlatning belgilangan maqsadlarga erishishga qaratilgan amaliy siyosatining mushtarakligini anglatadi.
Mamlakatni ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirish yo‘li va andozasi yetuk bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning boy tajribasiga va O‘zbekiston xalqining milliy tarixiy merosi, turmush tarzi, an’analari va ruhiyati xususiyatlariga tayanishi lozim. Har qanday islohotlarning muvafaqqiyati uning asosiga qo‘yilgan tamal toshlariga bevosita bog‘liq. Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini qamrab olgan iqtisodiy siyosat shakllanib, uning istiqbol yo‘nalishlari belgilab olindi. Buning uchun har taraflama chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish rejalashtirildi va respublikada bozor munosabatlariga o‘tishning asosiy tamoyillari ishlab chiqildi. Ushbu tamoyillar mazmuni quyidagilardan iborat:
Birinchidan, iqtisodiyotni mafkuradan batamom holi qilish. Iqtisodiyot siyosatdan ustun turmog‘i va uning ichki mazmunini tashkil qilmog‘i lozim.
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida davlat bosh islohotchi va tashabbuskor bo‘lishi zarur.
Uchinchidan, qonun, qonunlarga rioya etish ustuvor bo‘lish lozim.
To‘rtinchidan, aholining demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat o‘tkazish.
Beshinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tishni puxta o‘ylab, bosqichma–bosqich amalga oshirish kerak. Beshta tamoyilning hammasi demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda birday ahamiyatga ega.
Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi tamoyili.
Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi tamoyilining nechog‘lik muhim ekanligi ayni kunda mamlakatimizdagi izchil taraqqiyot natijalarida yaqqol aks etib turibdi. Unda ham ichki ham tashqi iqtisodiy munosabatlarning mafkuradan holi bo‘lishligi katta ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyotni izdan chiqaradigan, inqirozga olib keladigan narsa uni siyosiy kurashlarga bog‘lab qo‘yishdir. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Prezidentining iqtisod mafkuradan holi bo‘lmog‘i kerak, degan fikri juda o‘rinli va o‘ta dolzarbdir. Bugun mazkur tamoyil o‘zining hayotiyligini to‘la tasdiqladi va barqaror iqtisodiy o‘sish omillaridan biriga aylandi.
Ijtimoiy yunaltirilgan bozor iqtisodiyoti jamiyat miqyosida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun shart–sharoit yaratdi. YA’ni, bozor iqtisodiyoti barchaga bir xil imkoniyat (imtiyoz) berish bilan iqtisodiy demokratiyadir. Shu bois mamlakat ichkarisida ham, uning tashqarisida ham ishlab chiqarish munosabatlarini bozor belgilaydigan bo‘ldi.
Shunisi diqqatga sazovorki, yalpi ichki mahsulotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishi an’anaviy xomashyo tarmoqlari hisobidan emas, jahon bozoridagi qulay konyunktura va ayrim xomashyo turlari hamda materiallar narxining yuqoriligi hisobidan emas, balki birinchi navbatda raqobatga bardoshli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirishni belgilab beradigan jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish evaziga ta’minlanmoqda.
Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning izchilligi, o‘z tamoyillariga egaligi jahon moliyaviy inqirozining O‘zbekistonga iqtisodiyotiga ta’sirining jiddiy bo‘lmaganligini izohlash imkonini beradi.
Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan Inqirozga qarshi choralar dasturining o‘z vaqtida qabul qilinishi tufayli jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan sharoitda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ijobiy sur’atini saqlash va ijtimoiy tub o‘zgarishlarni davom ettirish ta’minlanmoqda. Agar statistik raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 2009 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich MDH mamlakatlari ichida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mamlakatimiz iktisodiyotining barcha sohalarida, birinchi navbatda, iktisodiyotni modernizatsiya qilish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni rivojlantirish, ichki talabni rag‘batlantirish, aholining, ayniqsa, qishloq aholisining bandlik darajasi va daromadlarining o‘sishini ta’minlashga qaratilgan Inqirozga qarshi choralar dasturini hayotga keng ko‘lamda tatbiq etish kelgusida barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, siyosat iqtisod uchun emas, balki iqtisod siyosat uchun xizmat qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |