4. Takroriy olmoshlar ko`rsatish, o`zlik, so`roq, belgilash olmoshlariga tegishlidir: shu-shu, o`z-o`zini, kim-kim, barcha-barchasi.
Fe’lning leksik-grammatik xususiyatlari
Shaxs va predmetning ish-harakati va holatini ifodalaydigan mustaqil so`zlar fe’l deyiladi. Masalan: Men olimlarga, ilohiyotchilarga, tarixshunoslarga hurmat-ehtirom ko`rsatdim va e’zozladim. (A.Temur). Mehnat insonda ijodiy kuch uyg`otadi (Tafakkur jurnali).
Grammatikada harakat va holat tushunchasi juda keng. Fe’l holat, belgining yuzaga kelishi, o`zgarishi kabi jarayonlarni ham harakat tarzida anglatadi: o`rik gulladi, yaproqlar sarg`aydi, bola uxlayapti kabi.
Fe’llarning barchasi bir umumiy nima kilmoq? degan so`roqqa javob bo‘ladi.
Fe’l o`ziga xos morfologik belgilarga ega, ya’ni:
1) ish-harakatning predmetga (to`ldiruvchiga) munosabati fe’ldagi o`timli va o`timsizlik ma’nosini hosil qiladi: o`qimoq, yozmoq - o`timli fe’l; o`tirmoq, chiniqmoq - o`timsiz fe’l;
2) ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiq yoki inkorni anglashilishiga ko`ra fe’llar bo`lishli va bo`lishsizlik ma’nosini bildiradi: ayt – bo`lishli, aytma – bo`lishsiz; bilgan – bo`lishli, bilgani yo`q – bo`lishsiz fe’l;
3) ish-harakat bilan uning bajaruvchisi, obyekt va subyektlar orasidagi munosabat nisbat ma’nosini hosil qiladi: kiydi - aniq nisbat, kiyindi - o`zlik nisbat, kiyildi - majhullik nisbat, kiydirdi – orttirma nisbat;
4) ish-harakatning voqelikka munosabati mayl ma’nosida aks etadi: bordi, bormoqda, bormoqchi - aniqlik mayli; boray, borgin, borsin - buyruq-istak mayli; borsa – shart mayli;
5) ish-harakatning nutq so`zlanib turgan payt bilan munosabati fe’ldagi zamon ma’nosini hosil qiladi: o`rgandim - o`tgan zamon, o`rganayapman - hozirgi zamon, o`rganmoqchiman – kelasi zamon;
6) ish-harakatning biror grammatik shaxs (birlik yoki ko`plikda) tomonidan bajarilishi yoki bajarilmasligi fe’ldagi shaxs-son ma’nosida aks etadi. Fe’l shaxs-son qo`shimchalari bilan tuslanadi: qiziqdim, qiziqding, qiziqdi; qiziqdik, qiziqdingiz, qiziqdilar.
Demak, fe’l o`timli-o`timsizlik, bo`lishli-bo`lishsizlik, nisbat, mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarini ifodalash kabi o`ziga xos morfologik belgilarga ega.
Shu bilan birga fe’lning sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi kabi o`ziga xos vazifadagi shakllari ham mavjud ( ishongan odam – sifatdosh; ishonib, ishongach – ravishdosh; ishonish, ishonmoq kerak - harakat nomi). Fe’lning bu vazifadagi shakllari gapda ma’lum bir gap bo`lagi vazifasini bajarishga moslashgan bo`ladi.
Fe’l o`ziga xos maxsus so`z yasalish tizimiga ham ega: bahola, ulg`ay, tinchi, suvsira – affiksatsiya usul bilan yasalgan fe’llar; xursand bo`lmoq, javob bermoq, sotib olmoq - kompozitsiya usuli bilan yasalgan yasama fe’llar.
Fe’llarda modal shakl yasalishi ham mavjud, u o`z ichida turli xil qo`shimcha ma’nolarni aks ettiradi: kulimsira – kuchsizlik, turtkila – davomiylik, yozib bo`ldi – tugallanganlik kabi.
Fe’l o`ziga xos sintaktik vazifalarga ham ega:
1) sof fe’l gapda, asosan, kesim vazifasini bajarib keladi. Masalan: Insonni mehnat, odobni yaxshi fazilat bezaydi (Hikmatlar xazinasi);
2) fe’lning vazifadosh shakllari sifatdosh, sifatlovchi-aniqlovchi, ravishdosh, hol, harakat nomi, ega, qaratuvchi-aniqlovchi, to`ldiruvchi kabi gap bo`laklari vazifasini ham bajarib keladi. Masalan: O`zingga yoqqan narsani boshqalarga ham ravo ko`r (Hadis namunalari). Dunyoda eng yomoni faqat o`zini bilib o`zgani unutib yashashdir (I.Karimov). Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma’naviy harkatlaridandir (Pedagogika tarixi).
Do'stlaringiz bilan baham: |