4. Nodir gazlar va ularning umumiy xossalari.
Nodir (inert) gazlar deb D. I. Mendeleyev davriy jadvali VIII guruh asosiy guruhchasi elementlariga aytiladi. Ularga He, Ne, Ar, Kr, Xe va Rn elementlari kiradi. Ular atomlarining tashqi pog`onasida 8 tadan ns2np6 (geliyda 2 ta) elektron bo`ladi. Ilgari bunday atomlar elektronlarini bermaydi, elektronlar biriktirib ham olmaydi hamda umumiy elektronlar jufti ham hosil qilmaydi, deb hisoblanar edi. Lekin 1962–yilda nodir gazning birinchi kimyoviy birikmasi–ksenon tetraftorid XeF4 olindi, shundan keyin nodir gazlar kimyosi jadal sur`atlar bilan rivojlana boshladi. Ayniqsa Xe kimyosi ma`lumotlarga boy, Xe birikmalari xossalari jihatidan J ning tegishli birikmalariga o`xshaydi.
Xe F bilan o`zaro ta`sir ettirilganda tajriba sharoitlariga qarab XeF2, XeF4 yoki XeF6 olinadi. Odatdagi haroratda bularning hammasi–oq rangli qattiq moddalar. Kimyoviy jihatdan eng faoli XeF6 bo`lib, u qumtuproq bilan oson reaksiyaga kirishadi: 2XeF6 + SiO2 = 2XeOF4 + SiF4
Bunda hosil bo`ladigan ksenon oksitetraftorid XeOF4 odatdagi haroratda–uchuvchan rangsiz suyuqlik.
Ksenon ftoridlarning hammasi suv bilan o`zaro ta`sirlashadi. Bunda diftorid va tetraftorid bilan bo`ladigan reaksiyalarda ksenon, kislorod va vodorod ftorid hosil bo`ladi: 2XeF2 + 2H2O = 2Xe + O2 + 4HF XeF4 + 2H2O = Xe + O2 + 4HF
Lekin geksaftorid suv bilan reaksiyaga kirishganda yangi birikma–ksenon (VI) oksid hosil bo`ladi: XeF6 + 3H2O = XeO3 + 6HF
Ksenon (VI) oksid XeO3–rangsiz kristall modda, qattiq holatida ancha portlovchan bo`ladi (portlash kuchi jihatidan u trinitrotoluoldan qolishmaydi), eritmada esa barqaror va xavfsizdir.
Ksenon ftoridlari kuchli oksidlovchilar. Ular vodorod bilan o`zaro ta`sur ettirilganda ksenonga qadar qaytariladi. Bundan toza ksenon olishda foydalaniladi.
XeF6 + 3H2 = Xe + 6HF ; XeF6 + 6KJ = Xe + 3J2 + 6KF
Ksenon ftoridlaridan keyin radon ftoridini olishga muvaffaq bo`lindi. Lekin radon juda radioaktiv bo`lgani uchun bu birikma kam o`rganilgan. Kripton ftoridlari KrF2 va KrF4 ham olingan, lekin ular ksenon birikmalariga qaraganda beqarorroqdir. Geliy, neon, argonlarning birikmalari olinmagan.
Kislorodli birikmalardan XeO3 dan tashqari XeO4 va ularga muvofiq keluvchi kislotalar H6XeO6 va H4XeO4 ham oligan. Bu kislotalar beqaror bo`lgani bilan ularning tuzlari–ksenatlar (masalan, Na4XeO6, Ba3XeO6) va perksenatlar (masalan, Na6XeO6, Ba2XeO6)–xona haroratida ancha barqaror kristall moddalardir. Kripton kislotaning tuzlari–bariy kriptat BaKrO4 ham olingan.
Nodir gazlarning ion bog`lanishli birikmalari ham ma`lum. Nodir gazlarning atomlaridan elektronlarni tortib olish uchun ftorga nisbatan ham kuchli oksidlovchi bo`lgan platina geksaftorid–to`q qizil rangli gazdan foydalanildi. Hamda nodir gazlarning ion bog`lanishli birikmalarini olishga muvaffaq bo`lindi. Ksenonning platina geksaftord bilan reaksiyasini shunday ifodalash mumkin:
Xe + PtF6 = Xe+[PtF6]-
Hosil bo`lgan ksenon geksaftorplatinat–ion kristall panjarali, to`q sariq rangli qattiq modda.
Do'stlaringiz bilan baham: |