3-sonli Milliy vazifa. 2005 yilga borib boshlang’ich, o’rta va kasb-hunar ta’lim tizimida gender tenglikka erishish
4-sonli Milliy vazifa. 2015 yilga borib oliy ta’limda gender mutanosiblikka erishish
“Gender” tushunchasi bevosita ayollarga taalluqli emas, u erkaklar bilan ayollar o’tasidagi ijtimoiy o’zaro munosabatni bildiradi. Bu tushunchadan jamiyat erkaklar va ayollarga ajratib bergan ijtimoiy rollarni belgilash uchun foydalaniladi. Shunisi yanada muhimki, u erkaklar va ayollar ijtimoiy hamda iqtisodiy rivojlanishdan xilma-xil yo’llar bilan qay tariqa manfaat ko’rishini tushunishda ko’maklashadi. Gender tadqiqotlar madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy tafovutlar erkaklar hamda ayollarning oiladagi, ishdagi va umuman jamiyatdagi roliga qay tarzda ta’sir etishini ko’rsatadi.
Xotin-qizlar qo’mitasi rahbari ayni mahalda Bosh vazir o’rinbosari hisoblanadi. Butun mamlakat miqyosida xotin-qizlar ishtirokida qarorlar qabul qilishda mutanosiblikni ta’minlash uchun viloyat xotin-qizlar qo’mitalari rahbarlari ayni mahalda hokim o’rinbosarlari bo’lib, mahalliy darajada xotin-qizlar manfaatlarini qo’llab-quvvatlsh hamda ularning salohiyatini ro’yobga chiqarish uchun mas’uldirlar.
Gender tenglikka erishish uchun nima qilinmoqda?
Hukumat qator qonunlar va milliy dasturlar, shu jumladan O’zbekistonda ayollarning ahvolini yaxshilash strategiyasi va ustuvor sohalarini belgilaydigan Milliy harakat platformasini (1998-2005) qabul qildi. Yaqinda Prezidentning “O’zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo’mitasining faoliyatini qo’llab-quvvatlsh bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni asosida ayollar uchun yangi ish joylari yaratish hisobiga ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatini rag’batlantirishga qaratilgan tegishli dastur ishlab chiqildi. Dasturda, shunigdek, ayollarning siyosiy va ijtimoiy faoliyatdagi ishtirokini kuchaytirish choralarini amalga oshirish ham nazarda tutilgan.
BMTning ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo’mitasi O’zbekistonning “Ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to’g’risida”gi Konventsiyaning bajarilishi bo’yicha Milliy ma’ruzasiga tavsiyalar tayyorladi. Hukumat navbatdagi qadam sifatida Milliy harakat dasturini qabul qildi hamda uning hayotga tatbiq etilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish uchun ishchi guruh tuzdi. Hukumat, shuningdek, ayollarning o’z huquqlaridan xabardor bo’lish darajasini oshirish va ularning jamiyatdagi ahvolini yaxshilash bo’yicha qator tadbirlarni qo’llab-quvvatladi.
Ko’plab MDH mamlakatlarida bo’lgani singari, O’zbekiston ayollari ham, so’nggi o’n yillik davomida an’anaviy odatlarga qaytilgani sari, o’zlarining jamiyatdagi roli pasayganining guvohi bo’lishdi. Odatiy fikrga ko’ra, erkaklarning jamiyatdagi maqomi yuqori bo’lib, oila to’g’risida g’amho’rlik qilishlari va uni t a’minlashlari darkor. Bunday maslak ko’pincha ayollarning yaxshi haq to’lanadigan ishdan hamda rahbarlik lavozimlarida ishlashdan bahramand bo’lishini cheklaydi, shunigdek ota-onalar qizlarning ta’lim olishiga mablag’ sarflashdan bosh tortishi bilan tahdid soladi.