BIOS (Basic Input Output System -asosiy kiritish-chiqarish tizimi) - tizimli plataning eng muhim mikrosxemalaridan biridir. Ikkinchi nomi doimiy xotiralash qurilmasi yoki doimiy xotira (ROM - Read Only Memory). Agar mikroprotsessor kompyuterning miyasi bo’lsa, BIOS uning asab tizimidir. CHunki bu qurilmaga - kompyuter ishga tushirilgan zahotiyoq avtomatik ravishda bajaradigan dastlabgi dastur yozilgan. Shu dasturga asosan kompyuter "uyg’onadi", harakatga keladi va o’zini ishga shaylaydi. Ya’ni o’ziga ulangan barcha qurilmalarning, xotiralarning ishlash holatini tekshirib chiqadi, klaviatura bilan monitorning hamkorlikda ishlashini tashkil qiladi, chipsetning imkoniyatlariga mikroprotsessorni moslaydi va h.k. Agar biror qurilmaning ishida nosozliklar sezilsa, zudlik bilan bu haqda monitor ekraniga ma’lumot chiqaradi va kompyuterni ishdan to’xtatadi.
Kompyuter ishga tushirilgan zahoti monitor ekranida paydo bo’ladigan ma’lumotlar aynan shu BIOS ning ishlashi natijalaridir.
Hozirgi paytda zamonaviy kompyuterlarga American Megatrends, IBM va Phoenix kompaniyalarining quyidagi BIOS laridan biri o’rnatilgan: AMI BIOS, IBM BIOS, Phoenix BIOS. Bu qurilmalar kompyuterning yoki uning qurilmalarining ishlashida nosozliklar borligini sezsa, ovoz signallari orqali foydalanuvchiga xabar berish imkoniyatiga ham egadir.
BIOS signallari va bu signallarning ma’nosi 1-ilovada keltirilgan.
CMOS (Complementary Metal Oxide Semiconductor structure - metall oksid yarimo’tkazgichli qo’shimcha struktura). Tizimli plataning ikkinchi muhim mikrosxemasi bo’lib, qattiq va yumshoq disk diskovodlari, joriy vaqt va sana, shu plataga o’rnatilgan boshqa elektron qurilmalarning imkoniyatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni saqlaydi. BIOS o’zining ishlashi jarayonida shu ma’lumotlarni aynan CMOS dan oladi.
BIOS va CMOS dagi ma’lumotlar (dasturlar) shu mikrosxemani ishlab chiqish jarayonida ishlab chiqayotgan korxona tomonidan o’rnatilgan bo’lib, yillab saqlanishi mumkin. BIOS dan farqli ravishda, SMOS dagi ma’lumotlarni maxsus dastur (SETUP) yordamida o’zgartirish, to’ldirish va tahrir qilish mumkin. SHuning uchun ham CMOS yozilgan mikrosxema - yarim doimiy xotiralash qurilmasi ham deyiladi.
Taymer - joriy sanani (yil,oy,kun) va vaqtni (soat,minut,sekund) avtomatik ravishda hisoblab va monitor ekranida aks ettirib boruvchi elektron qurilma.
BOIS ham, CMOS ham, taymer ham uzluksiz ishlovchi qurilmalar bo’lgani uchun, energiya bilan plataga o’rnatilgan maxsus batareykalar orqali ta’minlanib turadi.
Batareyka (mini - akkumulyator). Kompyuter elektr tarmog’idan o’chirilganda uning ayrim elektron qurilmalarini (BIOS, CMOS, taymer) elektr quvvati bilan uzluksiz ta’minlab turuvchi turuvchi mikrosxemadir. Elektron qo’l soatlarning batareykalariga o’xshash, lekin ulardan ancha katta bo’lgan yumoloq kumushrang qurilma. Tizimli platadagi maxsus uyachaga o’rnatiladi. Keyingi yillarda quvvati 10 yilga etadigan batareykalar ishlab chiqilmoqda. Bunday batareykalarning ustiga Dallas Real Time deb yozib qo’yilgan.
Ayrim kompyuterlarda esa elektron devor soatinikidek tslindrik batareykalar ham o’rnatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |