13. BOZOR IQTISODIYOTINI TARTIBGA SOLISHDA DAVLATNING IQTISODIY ROLI
13.1. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish: tushunchasi, mazmuni, maqsadi va zarurligi
Kishilik jamiyatining rivojlanish jarayonida shunday davrlar bo‘lganki davlat iqtisodiyotni tartibga solishga kam aralashgan. Biroq XX asrning 50-yillaridan boshlab bu yo‘nalishda tub o‘zgarish ro‘y berib, davlat iqtisodiyotini tartibga solish chegaralarini kengaytirib, doimiy ravishda makroiqtisodiy tartiblashga o‘tdi. Xo‘sh iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish deganda nima tushuniladi? Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish – bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va jamiyat ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan davlat muassasalari va ijtimoiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan qonunchilik, ijro etish va nazorat etish tasnifidagi tadbirlar tizimi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning subyektlariga quyidagilar kiradi: mulkiy holati, daromadlar miqdori, shuningdek faoliyat turi bilan bir biridan farq qiluvchi ijtimoiy guruhlar, turli birlashma va uyushmalar, davlat organlari va markaziy bank. Sohalar, tarmoqlari, rayonlar mamlakatning ijtimoiy iqtisodiy hayotida avtomatik yoki yaqin kelajakda hal qilib bo‘lmaydigan muammolar vujudga kelgan vaziyatlar, hodisalar va sharoitlar iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish obeyktlari hisoblanadi.
Iqtisodiy sikl, bandlik, kapital jamg‘arish, narx, pul muomalasi, to‘lov balansi, ilmiy tadqiqotlar, atrof muhit, raqobat, tashqi iqtisodiy aloqalar, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish obyektlari hisoblanadi. Ular hal qilinayotgan muammolar darajasiga qarab firma, rayon, tarmoq, ishlab chiqarish sohasi, milliy iqtisodiyot, halqaro munosabatlar darajasidagi muammolarga bo‘linadi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning bosh maqsadi – mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlash. Ana shu bosh maqsadga erishishi uchun quyidagi aniq maqsadlar aniqlab olinadi:
- bozor jarayonlarining muqarrar salbiy oqibatlarini minimallashtirish;
- bozor iqtisodiyotining samarali ishlashi uchun moliyaviy, huquqiy va ijtimoiy zaminlarni yaratish;
- barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish;
- milliy iqtisodiyot strukturasini mamlakat ehtiyojlari va imkoniyatlariga mos takomillashtirib borish;
- aniq iqtisodiy vaziyatda bozor jamiyatining mavqei eng zaif bo‘lgan guruhlarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash;
- atrofmuhit holatini yaxshilash.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning umumiy strategiyasi quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
- ma’lum shart-sharoitlar bo‘lganda iqtisodiyotni tashkil etishning bozor shakllariga ustunlik berish kerak. Amalda, bu shuni anglatadiki, davlat faqat xususiy biznesni jalb qilmaydigan (past rentabellik tufayli) ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarni moliyalashtirishi kerak;
- davlat tadbirkorligi raqobatlashmasligi, aksincha xususiy biznes rivojiga yordam berishi. Ushbu tamoyilni e’tiborsiz qoldirish davlat korxonalarining xususiy korxonalar ustidan sun’iy hukmronligiga olib kelishi mumkin;
- davlat moliyaviy, kredit va soliq siyosati iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga yordam berishi;
Do'stlaringiz bilan baham: |